Jahon | 18:29 / 07.11.2023
21576
16 daqiqa o‘qiladi

Frontdagi vaziyat: Zalujniyning pessimizmiga qaramay Rossiya uchun Dniprodagi holat og‘irlashmoqda

Rossiya qo‘shinlarida bir oy ichida Avdiyivkani egallash imkoniyati paydo bo‘lgan. Ukraina qurolli kuchlari esa Dnipro daryosi sharqiy sohilida o‘z holatini yaxshilab oldi, ekspertlar yana Qrimga yo‘lakni kesib qo‘yish haqida gapira boshlashdi.

Ukraina qurolli kuchlari harbiy xizmatchisi. Foto: UQK bosh shtabi

Ukraina QK bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyning pessimistik intervyusi ukrainlarni sergaklantirdi; Brigada rahbarlari ahmoqligi tufayli o‘nlab askarlar «Iskander» nishoniga aylandi; Hafta ichida ukrainlar Rossiyaning eng yangi raketa katerini vayron qilishga muvaffaq bo‘lishdi; Ukraina qurolli kuchlariga nemislarning Taurus raketalari hozircha berilmaydi, biroq ukrainlar o‘z dronlarini ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirmoqda.

Germaniyaning Bremen universiteti qoshidagi Sharqiy Yevropani o‘rganish markazi ilmiy xodimi Nikolay Mitroxin Ukraina frontida so‘nggi hafta ichida sodir bo‘lgan voqealarni tahlil qildi.

Rossiya Avdiyivka atrofida, Ukraina esa Dnipro bo‘ylab siljimoqda

Frontda kichik bo‘lsa ham o‘zgarishlar bor. Dinamika turli tomonlarga qaratilgan: Rossiya qo‘shinlari Avdiyivka ostonasida o‘z holatini ancha yaxshilab olgan, Kupyansk va Velika Novosilka hududida biroz oldinga siljishgan bo‘lsa, ukrainlar sekin-asta Olishkidan shimolroqda, Dniproning so‘l qirg‘og‘i bo‘ylab, shuningdek, Baxmutning janubidagi Klishchiyivkada olg‘a harakatlanishni boshlashgan. Bu holatda ilgarilash yuzlab metrlarda o‘lchanmoqda.

Donetsk frontida Avdiyivka shahrida Ukrainaning ishlari pachava. Rossiya qo‘shinlari shimoldan biroz ilgarilagan. Biroq, asosiysi, 1–2 noyabr kunlari ular janubda yarim kilometr olg‘a bosishgan va keng front bo‘ylab muhim Severne qishlog‘igacha yaqinlashishgan. Bu qishloq orqali Avdiyivkadan shaharning g‘arbiy qismidagi «Ximik» mikrorayoniga yo‘l o‘tadi.

Agar rossiyaliklar qurilgan inshootlar qismiga kira olsa, shaharni maksimum bir oy ichida egallashadi, hattoki Ukraina QK asosiy ta’minot yo‘lini saqlab qolgan taqdirda ham. Avdiyivka shimoldan janubga tomon cho‘zilgan shaharcha, biroq uning markaziy qismi 2-3 kilometr chiqadi, RF QKning «Ximik»ga kirishi, ya’ni mudofaadagilarning ortidan hujum qilishi shaharning janubiy yarmi mudofaasini befoyda ishga aylantiradi. Avdiyivka shahar harbiy ma’muriyati rahbari Vitaliy Barabash 6 noyabr kuniyoq shahar shimolidagi yirik mudofaa hududining ehtimolli yo‘qotilishini muhokama qilishga tayyor edi va buni shunday ifodalagan: «Avdiyivka koks kimyo kombinatining egallanishi okkupantlarga hech narsa bermaydi».

Ammo Dnipro frontida vaziyat Ukraina QK uchun omadli tus olmoqda. RF QKning bosimi va og‘ir o‘t ochish tizimlaridan muntazam o‘q yog‘dirilishiga qaramasdan, ular sohiloldi kesmasida egallangan platsdarmlarni o‘zida saqlab turibdi. Boz ustiga, Rossiya manbalari Ukraina QK askarlari yirik Kozachi Lageri qishlog‘iga kirib kelgani va Rossiya qo‘shinlari u yerni jangsiz tark etganini yozishmoqda. To‘g‘ri, hozircha bu axborot na ukrain, na rus telegram-kanallari tomonidan tasdiqlangan.

Umuman olganda, Ukraina QK uchun bu yo‘nalishda vaziyat shu qadar yaxshiki, ukrain ekspertlari tez orada Dnipro daryosidan Pologi tomon siljib, Qrimga temiryo‘l yo‘lagini qirqib qo‘yish haqida gapira boshlashdi. OAV esa avval taqiqlangan mavzu bo‘lgan desantlar haqida oz-ozdan bo‘lsa ham yorita boshladi.

Ayniqsa Krinkida 3 noyabrda sodir bo‘lgan voqea ajratib ko‘rsatilmoqda. Qishloqning bir qismida harakat qilgan rossiyaliklar guruhi qishloq chetidagi daraxtzorlarga qaytishga qaror qilgan. Buning uchun ular avtomobil yo‘lini kesib o‘tishlari kerak bo‘lgan. Biroq bu chegaradan o‘tayotgan bo‘linmani yonlama o‘t ochish bilan kutib olishgan. Shundan so‘ng vaziyatni kuzatib turgan ukrainlar u yerga bombalash uchun zaryadlar osilgan dronlarni ham jo‘natishgan. Natijada 11 nafar rus askari yo‘q qilingan, ikki kishi yarador bo‘lgan. Ijtimoiy tarmoqlarda «bu qanday sodir bo‘lgani» va bo‘linma yo‘q qilinishida kim aybdorligi bo‘yicha munozara ikki sutka davom etdi.

Rossiya zirhli texnikasi. Foto: RF Mudofaa vazirligi

Rossiya pabliklari Orixivdan janubroqda Novoprokopivka orqali RF QKning pozitsiyalarini yorib o‘tishga urinib ko‘rish uchun UQK guruhi jamlanayotgani haqida xabarlar e’lon qilishdi. Bunday operatsiyadan ko‘zlangan maqsad – bu hududda qizg‘inlikni saqlab turish va Dniproning so‘l sohilida ukrain desantlariga qarshi harakat qilayotgan kuch va vositalarni jalb qilish.

Umuman, frontdagi vaziyat urushning istiqboli va kechishi borasida ko‘plab savollarni yuzaga chiqarmoqda. Bu savollarga Ukraina QK bosh qo‘mondoni Vitaliy Zalujniy The Economist jurnaliga bergan intervyusida javob qaytarishga harakat qilgan. ⁠Intervyu 3 noyabr kuni e’lon qilindi va sensatsiyaga aylandi, chunki qo‘mondon frontda texnologiyalar rivoji tufayli «strategik boshi berk ko‘cha» paydo bo‘lganini tan olgan. Bu texnologiyalar har ikki tomonga dushmanning yaqin ortida nimalar sodir bo‘layotganini bemalol kuzatish va hujum uchun kuchlarni jamlashga imkon qoldirmaslikda yordam beradi.

Zalujniy o‘z intervyusida vaziyatni o‘nglash uchun UQK oldidagi besh vazifa, chunonchi, g‘arb jangovar aviatsiyasidan tortib, safarbarlikni kengaytirishgacha sanab o‘tgan, biroq bu vajlar ekspertlarni, ayniqsa mamlakat ichidagilarni unchalik ishontira olmagan. NBC News telekanali AQSh va YeI rasmiy shaxslari oktyabrda Ukraina bilan ovoza qilinmagan sulh muzokaralarini boshlashganini ta’kidlagan.

Havodagi jang: RF QK ukrain askarlarini taqdirlash marosimi vaqtida «Iskander» bilan zarba berdi

Shu hafta ichida har ikki tomon raketalar va zarbdor dronlardan foydalanishni kuchaytirgani kuzatildi. Ayniqsa Rossiya tomoni bu borada g‘ayrat qildi va oktyabr oyi mobaynida to‘plangan zaxiralarni ishga soldi. Masalan, 30 oktyabr kuni Ukrainadagi obektlarga qarshi 18 ta Shahed dronlaridan foydalanildi.

1–2 noyabr kunlari Rossiya tomoni Shahed dronlari guruhi bilan Poltava oblastidagi obektlarga zarba berdi. Kremenchug neftni qayta ishlash zavodi nishonga aylandi.

3 noyabr kuni Zaporijjya frontida 128-alohida tog‘-o‘qchi brigadasi qo‘mondonligi artilleriyachilar kuni munosabati bilan 100 kishini safga tizgan. Bu voqea front chizig‘idan 10 km ichkarida joylashgan oshxona oldida ro‘y bergan.

Rossiya pilotsiz parvoz qurilmasi bino oldidagi izdihomni, jumladan bir necha mikroavtobus kelib to‘xtaganini payqagan. Shundan so‘ng bu yerga «Iskander» raketasi uchib kelgan. Natijada kamida 19 nafar ukrain jangchisi halok bo‘lgan, 50 dan ortig‘i yaralangan. Bu holatda brigada komandiri tizilgan saf oldiga kelishda kechikkan va askarlar uni ko‘chada tizilgancha yarim soat kutib qolishgan.

Ukraina mediasi ochiqchasiga bu voqeani qo‘mondonlikning «dumbulligi» deb atagan va bir yarim yillik urush chog‘ida eng jang qilishga qodir va tajribali ukrain brigadalaridan birida sodir bo‘lganidan taajjubda.

Brigada shakllantirilgan Zakarpattyada motam kunlari e’lon qilindi. Bu urush davomida 2022 yilning 22 sentabrida brigada Xersonning o‘ng sohilini ozod qilishda katta yo‘qotishlarga uchraganidan buyon ikkinchi motam.

Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov bu borada shunday degan: «Sodir bo‘lgan voqea tafsilotlari o‘rganiladi. Mudofaa vazirligi bosh inspeksiyasiga bu fojia fakti bo‘yicha tekshirish o‘tkazish tayinlandi. Biz odamlarimizni asrash uchun uchun bor sa’y-harakatlarimizni ishga solish va halok bo‘lgan jangchilarning qarindoshlari va yaqinlariga ro‘y-rost javob berishimiz kerak».

5 noyabr kuni kechqurun bu borada Volodimir Zelenskiy ham chiqish qildi va «bunday buyruq berganlar» tergov qilinishini ta’kidladi.

UQK Rossiyaning eng yangi kateri va boshqa nishonlarni yo‘q qildi

Ukraina QK avvalgidek Qrim va Qora dengiz sohiliga faol hujum qilmoqda. 2–3 noyabr kunlari yarimorolga hujum chog‘ida jami 21 ta «Migun» pilotsiz parvoz qurilmalari ishtirok etgan. Ularning barchasi Rossiya HHM tizimlari tomonidan urib tushirilgan yoki bo‘ysundirilgani ta’kidlanmoqda. Shundan so‘ng Ukrainaning «Neptun» va Yevropaning Storm Shadow raketalari bilan Rossiyaning aksilraketa qismlari joylashgan deb taxmin qilingan Berdyansk va Xerson oblasti janubidagi Strelkove qishlog‘iga zarba berildi. Rossiya hisobotiga ko‘ra, Berdyansk ustidagi raketalar urib tushirilgan, Strelkovega yo ikki, yo uch marta raketa uchib kelgan. Vayrongarchilik tafsilotlari yo‘q.

Rossiya tomoni ta’kidiga ko‘ra, bunga javoban Belbek aeroportidan ko‘tarilgan Qora dengiz flotining qiruvchi samolyoti Storm Shadow raketalarini uchirgan Ukraina harbiy samolyotlarini urib tushirgan. Bu Rossiya mediasining so‘nggi ikki hafta ichida Ukraina aviatsiyasiga muvaffaqiyatli zarba bergani to‘g‘risidagi birinchi bayonoti emas, biroq bu axborotning biror tasdig‘i yo‘q.

Shuningdek, 4 noyabr kuni UQK Kerchdagi «Zaliv» kemasozlik zavodiga zarba berdi. U yerga qantarilgan «Kalibr» raketalari tashuvchisi bo‘lmish yap-yangi «Askold» kichik raketa katerida so‘nggi bezak ishlari olib borilayotgandi.

«Askold» katerining taxminiy talafotlari

Rossiya ma’lumotlariga ko‘ra, hujumda 15 ta raketa bilan zarba berilgan va ularning 13 tasi urib tushirilgan. Kema cho‘kib ketmagan bo‘lsa ham, unga nechog‘lik zarar yetkazilgani noma’lumligicha qolmoqda. Voqea joyidan olingan video ancha raketalar urib tushirilgani faktini, jiddiy zarbalar va undan so‘ng zavodda sodir bo‘lgan yong‘inni ham tasdiqlab turibdi.

Bu hodisa kamida ikki jihati bilan e’tiborni tortadi. Birinchidan, RF Qora dengiz floti kemalariga nafaqat odatiy bandargohlar, balki yarimorolning sharqida ham tinchlik bo‘lmaydi. Demak, kemalarining katta qismi Novorossiyskka ko‘chirilgan flotning bir qismi kemalari Feodosiyaga o‘tkazilishi katta xato bo‘lgan.

Ikkinchidan, Kerchda (ya’ni, Ukraina hududida) RF Qora dengiz floti kemalarini qurish va sozlash, «Askold» kateridan tashqari ikkita kichik desant kemalari yasalayotgan «Zaliv» zavodida ishlayotgan 3200 kishi Ukraina qonunchiligiga ko‘ra «kollaborantlar» hisoblanadi va yarimorol ozod qilinsa 5 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin. Yarimoroldagi mudofaa sanoati va harbiy bazalarda ishlayotgan barcha fuqarolar singari.

Okkupatsiya ostidagi hududlardagi Rossiya obektlarining UQK tomonidan faol o‘qqa tutilishi o‘tgan hafta ichida qariyb har kuni ro‘y berdi. Jumladan, Sevastopoldagi harbiy qism, Azov dengizi sohilidagi Sedove posyolkasida joylashgan omborlar aniq nishonga olingan. Shuningdek, Ukraina raketalari yana bir marta Rostov oblastidagi shaharlar ustida Rossiya HHM tomonidan urib tushirilgan. Rostov-Don shahridagi kuchli portlash haqida xabar qilingan.

30 oktyabr kuni UQK Donetskdagi Mushketove stansiyasida yonilg‘i ortilgan vagonlarni nishonga olgan, Rossiya qismlarini paypaslab topish uchun Donetsk oblastidagi ma’muriy, madaniy-ma’rifiy muassasalarga (jumladan, Volnovaxaga) zarba bergan. Rossiya tomoni bu holatda fuqarolik obektlariga zarba berilganini ta’kidlagan.

Rossiya tomoni o‘z navbatida, Ukraina shaharlaridagi fuqarolik obektlarini faol nishonga olgan. Masalan, 6 noyabr tunida Odessaga yo‘llangan «Oniks» va «Iskander-M» raketalari shahar markaziga kelib tushgan, 5 kishi jarohatlangan. Videolarda shahar markazidagi, Odessadagi badiiy muzey oldiginasidagi ulkan chuqurni ko‘rish mumkin. Bundan tashqari, RF QK portoldi infratuzilmasiga dronlar to‘lqinini jo‘natgan. Ukraina RQM/HHM tizimlari ularning 15 tasini urib tushirgan, biroq yetib kelgan zarbalardan omborxonalar, yukni tushirib oluvchi maxsus texnika va g‘alla ortilgan mashinalar zararlangan.

UQK nemis raketalarini olmaydi

Ukraina QK uchun eng noxush, biroq kutilgan yangilik Germaniya hukumatining uzoq masofadagi nishonlarni ura oluvchi Taurus qanotli raketalarini Ukrainaga bermaslik to‘g‘risidagi yakuniy qarori bo‘ldi. Ukrainlar bu raketalarni Rossiya foydalanayotgan aerodromlar, Rossiyaning yondosh hududlari, okkupatsiya qilingan Donbass, Qrim ko‘prigi va butun yarimoroldagi HHM/RQM tizimlarini urishda ishlatmoqchi edi.

Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius (nemis hukumatidagi eng «ukrainparast» siyosatchi) bu raketalarni yetkazish kechiktirib bo‘lmaydigan masala emasligini aytgan, chunki bu raketalar RFning Ukrainaga qarshi urushida «o‘yin qoidalarini o‘zgartira olmaydi». U shuningdek, Germaniya «o‘z manfaatlaridan voz kechmasligi kerak»ligini qayd etgan. Ayni paytda RF QKning HHM/RQM tizimlari g‘arbning Ukrainaga yetkazilayotgan yangi turdagi qurol-yarog‘lariga tezda moslashmoqda, ular bir-ikki oy ichida o‘z samaradorligini yo‘qotmoqda.

Iyul oyida yetkazib berilgan o‘sha Storm Shadow raketalari garchi ular ketma ket uchirilganiga qaramasdan, 85 foizi urib tushirilmoqda. Avvalroq yetkazib berilgan HIMARS’larning raketalari, agar ular qo‘llangan hududda Rossiya RQM tizimi bor bo‘lsa, 100 foizga urib tushirilmoqda. Toki ular yaxshigina urib tushirilayotgan ekan, ularning bo‘laklari Rossiya mutaxassislari qo‘liga tushadi va g‘arblik ishlab chiqaruvchilar o‘z maxfiy texnologiyalaridan mosuvo bo‘lishadi, chunki ular nafaqat RF, balki Xitoy va Eronga ham yetkazilishi mumkin.

Bu vaqtning o‘zida «Ukroboronprom» xorijlik hamkorlar bilan birga Shahed dronlarining muqobili seriyali ishlab chiqarila boshlanganini e’lon qildi. Bu haqda «Ekonomicheskaya pravda» gazetasiga bergan intervyusida konsern bosh direktori German Smetanin aytib o‘tgan. «Biz hozir yuqori xarakteristikaga ega ancha murakkab va qimmatbaho ishlab chiqarishga bor diqqat-eʼtiborimizni qaratmoqdamiz», — degan u 1000 km masofaga ucha oladigan modellar haqida gapirarkan. Uning so‘zlariga ko‘ra, «ular parvoz qilmoqda, portlamoqda, mudofaa kuchlari esa buyurtma qilishda davom etmoqda», biroq Rossiya manbalari hozircha bu dronlardan ommaviy foydalanilayotgani haqida axborot tarqatmagan.

Biroq, Rossiya manbalari UQKda «o‘lchami katta qo‘lbola dronlar» («Baba Yaga» yoki «Korova») paydo bo‘lganini qayd etishgan. Ular front orqasidagi hududlarga uchib kirib, minimal masofagacha pasayib, dala yo‘llariga tanklarga qarshi minalar joylashtirib ketmoqda. Xususan, o‘tgan haftada shunday dronlardan biri Qrimdagi Jankoy aholi punktida temiryo‘lni minalashtirib ketgan. Biroq minalar topilgan va diversiya nihoyalanmay qolgan.

Mavzuga oid