O‘zbekiston | 16:12 / 07.11.2023
34417
2 daqiqa o‘qiladi

Xorazm viloyatining uch tumaniga yangi hokimlar tayinlandi

Qo‘shko‘pir, Shovot va Tuproqqal’a tumanlarida yangi hokimlar ish boshladi. Bu hududlarning ikkitasida yil boshidan buyon ikkinchi bor rahbar o‘zgarmoqda.

Xorazm viloyatining uchta tumanida hokimlar o‘zgardi.

Shuhrat Qurvondurdiyevich Ahmedov xalq deputatlari Qo‘shko‘pir tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida mazkur tuman hokimi lavozimiga tasdiqlandi.

Shuhrat Ahmedov

Shuhrat Ahmedov muqaddam Xorazm viloyati qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan, 2023 yil aprelida Tuproqqal’a tumani hokimi lavozimiga tayinlangandi.

Qo‘shko‘pir tumaniga 2023 yil aprelidan buyon Boburbek Egamov rahbar edi. Uning keyingi faoliyati haqida ma’lumot yo‘q.

Oybek Madaminovich Xolboyev xalq deputatlari Shovot tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida mazkur tuman hokimi lavozimiga tasdiqlandi.

Oybek Xolboyev

Oybek Xolboyev muqaddam Bog‘ot tumani hokimi bo‘lgan, 2020 yil dekabridan buyon Urganch shahri hokimi lavozimida ishlayotgandi.

Shovot tumaniga 2022 yil martidan buyon rahbarlik qilib kelgan Odilbek Ortiqovning keyingi faoliyati haqida ma’lumot yo‘q.

Ayni vaqtda Xolboyev o‘rniga Urganch shahri rahbarligini kim egallagani ma’lum emas.

Akmal Ortiqovich Jimalyazov esa Shuhrat Ahmedov o‘rniga Tuproqqal’a tumani hokimi lavozimiga tasdiqlandi.

Akmal Jimalyazov

Akmal Jimalyazov tayinlovga qadar Xorazm viloyati qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan edi.

  • Shu tariqa, Tuproqqal’a va Qo‘shko‘pir tumanlarida yil boshidan buyon ikkinchi marta hokim o‘zgardi. Prezidentning 31 mart kuni Xorazm viloyatiga tashrifidan so‘ng to‘rtta tumanga (yuqoridagilardan tashqari, Urganch va Bog‘ot tumanlarida) yangi rahbarlar tayinlangan hamda 2022 yil dekabridan buyon viloyat hokimi v.b bo‘lib turgan Jo‘rabek Rahimov rasman hokim etib tasdiqlangandi.

Mavzuga oid