Jahon | 09:08 / 07.11.2023
7472
4 daqiqa o‘qiladi

Yaqin Sharq: YeK rahbari vaziyatga yechim topish bo‘yicha taklif bilan chiqdi

Ursula fon der Lyayyenning aytishicha, Yaqin Sharqdagi mojaroning doimiy yechimi ikki davlatning xavfsiz birga yashashiga asoslanishi kerak.

Foto: Dursun Aydemir/Anadolu/picture alliance

Yevropa komissiyasi (YeK) raisi Ursula fon der Lyayyen 6 noyabr, dushanba kuni Yaqin Sharqdagi mojaroni bartaraf etishning beshta asosiy tamoyilini taqdim etdi. Mintaqada tinchlikka erishish uchun xalqaro sa’y-harakatlar vaqti keldi, dedi u Bryusselda bo‘lib o‘tgan YeI elchilarining uchrashuvida. Takliflar «g‘ayritabiiy» bo‘lib tuyulishi mumkin, ammo «tinchlik va xavfsizlikda ikki davlatning yonma-yon mavjudligiga asoslangan uzoq muddatli yechim topishga» harakat qilish kerak, dedi fon der Lyayyen. 

Avvalo, G‘azo sektori jangchilarga boshpana berishi kerak emas, deb ta’kidladi YeK rahbari. «Biz G‘azo sektoridagi oldingi urushlardan keyin nima bo‘lganini bilamiz. HAMAS darhol o‘z arsenalini to‘ldirishga va keyingi mojaroga tayyorgarlik ko‘rishga kirishdi, - deya tushuntirdi u. - Bu yana sodir bo‘lishi mumkin emas. G‘azo sektorida jangchilarning bo‘lmasligi haqida turli fikrlar muhokama qilinmoqda, shu jumladan, BMT mandati ostida xalqaro tinchlikparvar kuchlar yaratish masalasi ko‘rib chiqilmoqda».

Ikkinchidan, Yevrokomissiya rahbarining fikricha, HAMAS tashkiloti G‘azo sektorini nazorat qila olmaydi yoki boshqara olmaydi. «Faqat bitta Falastin milliy ma’muriyati va bitta Falastin davlati bo‘lishi kerak», dedi fon der Lyayyen. 

Bryussel - G‘azo blokadasiga qarshi 

«Uchinchidan, G‘azoda Isroil xavfsizlik kuchlarining uzoq muddatli bo‘lishi mumkin emas, - deb davom etdi fon der Lyayyen. G‘azo - kelajakdagi har qanday Falastin davlatining muhim qismidir». To‘rtinchidan, falastinliklarning G‘azodan majburan chiqarib yuborilishi qabul qilinishi mumkin emas, dedi YeK rahbari. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday qadam mintaqada beqarorlikni kuchaytirish bilangina tahdid soladi.

Fon der Lyayyen tilga olingan beshinchi va yakuniy asosiy tamoyil - G‘azo sektorining davom etayotgan blokadasi qabul qilinishi mumkin emasligi. «Bu siyosat ish bermayapti. HAMAS o‘z arsenalini ko‘paytirishda davom etmoqda, G‘azo esa iqtisod tanazzulga yuz tutdi, - deydi nemis siyosatchisi. - G‘azodagi yoshlarning 70 foizi ishsiz. Bu vaziyatning yanada keskinlashishiga olib kelishi mumkin». 

«Oxir-oqibat, isroilliklar va falastinliklar rivojlanish yo‘lini o‘zi kelishib olishi kerak. Lekin ishonchim komilki, biz xalqaro sa’y-harakatlar davomida umumiy til topishga yordam beradigan urushdan keyingi tamoyillarni taklif qilish orqali o‘z hissamizni qo‘shishimiz kerak», - deya Yevropa komissiyasi raisi o‘z tashabbusini tushuntirdi. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. 

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 10 mingga yaqin falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid