AQSh G‘azoda Isroil qo‘shinlari joylashtirilishini qo‘llab-quvvatlamaydi
G‘azo sektori Falastin hududi bo‘lib qoladi va u yerdagi qarorlarni falastinliklar qabul qilishi kerak, deya ma’lum qildi AQSh Davlat departamenti. Ammo HAMAS boshqaruvi ostidagi holatga qaytish mumkin emas.
Vashington fikricha, Isroil qo‘shinlarining G‘azo sektorida uzoq muddatli asosda joylashtirilishi va HAMASga qarshi urush tugaganidan keyin uning amalda «qayta bosib olinishi» nomaqbul holatdir. 7 noyabr, seshanba kuni AQSh Davlat departamenti matbuot xizmati rahbari o‘rinbosari Vedant Patel: «Biz G‘azo sektorining qayta bosib olinishini qo‘llab-quvvatlamaymiz, xuddi Isroilni bo‘lgani kabi», - dedi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar barcha qarorlarni qabul qilish huquqi falastinliklarda qolishi kerak degan nuqtayi nazarga amal qiladi, chunki «G‘azo sektori - Falastin yeri va shunday bo‘lib qoladi». Shu bilan birga, HAMASning Isroilga hujumidan so‘ng G‘azo sektorida «status-kvoga qaytish mumkin emas». «Isroil va butun mintaqa xavfsiz bo‘lishi kerak, G‘azo sektori esa Isroil xalqi va boshqalarga qarshi hujumlar uchun baza bo‘lib qolmasligi lozim», - dedi Patel.
Netanyahu: Isroil G‘azodagi xavfsizlik uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi kerak
Bir kun oldin, Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu Amerikaning NBC News telekanali savoliga javob berar ekan, G‘azo sektoridagi harbiy harakatlar tugaganidan keyin Isroil «noaniq muddatga xavfsizlik uchun umumiy javobgarlikni o‘z zimmasiga olishi mumkin, chunki biz bu mas’uliyatni o‘z zimmamizga olmasak nimalar bo‘lishini ko‘rdik», dedi.
AQSh G‘azoning kelajagi bo‘yicha ehtimoliy variantlarni o‘rganmoqda
Qo‘shma Shtatlar boshqa davlatlar qatori G‘azo sektori kelajagi bo‘yicha ehtimoliy variantlarni o‘rganmoqda, dedi AQSh davlat kotibi Entoni Blinken. U 31 oktyabr kuni AQSh Senatining moliya bo‘yicha qo‘mitasida bo‘lib o‘tgan eshituvlarda Falastinning HAMAS guruhi aholi zich joylashgan qirg‘oq hududini nazorat qiladigan status-kvoni saqlab bo‘lmaydi, biroq Isroil G‘azo sektorini nazorat qilishni istamayapti, dedi.
Blinkenning so‘zlariga ko‘ra, eng oqilona variant G‘azo sektorini boshqaradigan «samarali va yangilangan Falastin ma’muriyati» bo‘ladi. Bunga erishish mumkinmi, degan savol tug‘iladi, dedi u. «Agar buning iloji bo‘lmasa, bir qator davlatlar ishtirok etishi mumkin bo‘lgan boshqa vaqtinchalik variantlar ham mavjud. Bundan tashqari, xavfsizlik va boshqaruv funksiyalari ham xalqaro tashkilotlar tomonidan amalga oshirilishi mumkin», dedi u.
Isroil-Falastin mojarosi
7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.
HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.
Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.
Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 10 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.
Mavzuga oid
09:56
TSAHAL: «Hizbulloh» Isroilga 250 ga yaqin raketa uchirdi
08:10
Aleksandr Darchiyev RFning AQShdagi yangi elchisi bo‘lishi mumkin
09:17 / 24.11.2024
Isroil Bayrutga zarba berdi. Kamida 20 kishi halok bo‘lgan
10:30 / 23.11.2024