Suv, non va dori-darmon tanqisligi: G‘azoda falastinliklar qanday kun kechiryapti?
Isroilning G‘azodagi harbiy operatsiyasi to‘xtamayapti. Xalqaro xayriya tashkilotlari u yerdagi gumanitar vaziyatni «halokatli» deb atamoqda. Minglab odamlar BMT yordam tarqatish markazlariga oqib kelmoqda.
2023 yil 7 oktyabrda HAMAS guruhining Isroilga qurolli hujumidan so‘ng Isroil G‘azo sektorida guruhga qarshi javob qaytarmoqda va quruqlikdagi operatsiya o‘tkazmoqda. Shu fonda G‘azodagi tinch aholining ahvoli sezilarli darajada yomonlashdi. BMTning falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligi rahbari Filipp Lazzarini G‘azo sektoridagi gumanitar vaziyatni «halokatli» deb ta’rifladi. Dori, oziq-ovqat, suv va yonilg‘i tanqis bo‘lib bormoqda va minglab odamlar BMT agentligi lagerlari va yordam tarqatish markazlariga yo‘l olmoqda.
Xalqaro tashkilotlarga ko‘ra, G‘azo sektoridagi aholi zudlik bilan yordam ko‘rsatilishiga muhtoj, biroq yordam juda kam hajmda taqdim etilmoqda. Germaniya Qizil Xoch jamiyatining xalqaro hamkorlik bo‘limi rahbari Kristof Yonenga ko‘ra, yordam ko‘rsatish bo‘yicha yangi xodimlar G‘azo sektoriga kira olmayapti: «Ayni paytda ko‘pchilik falastinliklar ko‘ngilli sifatida ko‘mak bermoqda va buni katta xavf sharoitida amalga oshirmoqda», dedi u DW'ga intervyuda.
G‘azo deyarli to‘liq blokadada qolgani sababli, u yerdan kelayotgan ma’lumotlarni tekshirishning imkoni yo‘q. Shuning uchun G‘azo sektoridagi vaziyat haqida xabar berish uchun asosan gumanitar tashkilotlar ma’lumotlariga tayanish mumkin.
G‘azoga gumanitar yuklar qanday yetib boryapti?
Xalqaro gumanitar yordam dastlab Misrga yetkazilyapti, u yerdan Rafah chegara punktiga olib borilyapti. Keyin u G‘azo tomonidagi boshqa yuk mashinalariga qayta yuklanmoqda va belgilangan manzillarga yetkazilmoqda, u yerda BMT shafeligidagi gumanitar tashkilotlar, Qizil Xoch va boshqa xayriya idoralari tomonidan qabul qilinyapti hamda mahalliy kasalxonalar va BMT agentliklariga tarqatilyapti.
Yuklarni quruqlik orqali yetkazib berish G‘azo sektoridagi yo‘llarning qisman vayron bo‘lgani yoki yo‘l bo‘ylab binolar vayronalari mavjudligi bilan murakkablashmoqda. Yonenning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya Qizil Xoch va Falastin Qizil Yarim Oy jamiyatidan G‘azo shimoliga yordam yetkazish keng ko‘lamli vayronagarchiliklar tufayli imkonsiz bo‘lib qolgan.
Bundan tashqari, Isroil gumanitar yordam HAMAS qo‘liga tushmasligiga kafolat talab qilmoqda. Isroil, ayniqsa, HAMAS harbiy maqsadlarda foydalanishi mumkin bo‘lgan yonilg‘idan xavotirda. So‘nggi o‘n kun ichida Isroil Misrdan oziq-ovqat va dori-darmon olib kelayotgan 200 dan ortiq yuk mashinasini G‘azoga kiritishga ruxsat berdi. Gumanitar yukka yonilg‘i qo‘shilmagan. Bir qator gumanitar tashkilotlarning fikricha, olingan yordam hali ham yetarli emas. YUNISEF vakili Tobi Frikerning aytishicha, G‘azo sektoridagi ikki milliondan ortiq aholini ta’minlash uchun har kuni kamida 100 ta yuk mashinasida yordam yetkazib berilishi kerak.
G‘azoda aloqa bilan nima bo‘lyapti?
G‘azoda joylashgan Paltel telekommunikatsiya agentligi o‘tgan hafta mintaqada telefon yoki internet xizmati deyarli ishlamayotganini e’lon qildi. Paltel bunda Isroil armiyasini aybladi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) va YUNISEF, BMT Taraqqiyot dasturi, BMT Jahon oziq-ovqat dasturi (JOOD), Save the Children hamda Norvegiya qochqinlar ishlari bo‘yicha kengashi (NRC) kabi boshqa gumanitar tashkilotlar bir necha kun davomida o‘z xodimlari bilan bog‘lana olmagani to‘g‘risida xabar berdi.
Internet va telefon tarmoqlari qisman tiklanganidan bir necha kun o‘tib, Netblocks.org global tarmoq monitoringi xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, yana bir soat davom etgan uzilish yuz bergan. Mintaqaning 2,4 million aholisi ko‘pchiligi uchun bu «telekommunikatsiyaning umumiy yo‘qolishini» anglatadi, deb yozadi Netblocks.org X-akkauntida.
Internetdagi uzilishlar insonparvarlik tashkilotlari ishini ham qiyinlashtirmoqda. Germaniya Qizil Xoch jamiyati vakili Kristof Yonenga ko‘ra, tibbiy guruhlar bilan faqat radio-aloqa orqali bog‘lanish mumkin. Bundan tashqari, jabrlanganlar tez yordam xizmatiga qo‘ng‘iroq qilib tusha olmayapti. Shu sababli, gumanitar tashkilotlar xodimlari G‘azoning turli nuqtalarida tez yordam mashinalarini joylashtirmoqda, mahalliy aholi esa jarohatlanganlarning qayerdaligini tibbiy guruhlarga aytyapti. «Ammo bu, albatta, xodimlarning o‘zi uchun ham xavfli bo‘lgan juda og‘ir holatdir, chunki xavfsizlik va himoya kafolatlari yo‘q», deydi Yonen.
G‘azoda ichimlik suvi ta’minoti haqida nima deyish mumkin?
«Suv ta’minoti haqiqatan ham juda beqaror va ishonchsiz», deydi Yonen. Ichimlik suvi bilan bog‘liq muammo Save the Children tashkiloti tomonidan ham tasdiqlandi: «Ko‘pchilik ifloslangan manbalardan olingan suvdan foydalanishga majbur, bu esa bolalar uchun o‘lim bilan yakun topadigan kasalliklarning tarqalishiga olib kelishi mumkin».
BMTning Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, Isroildan uch quvur liniyasi G‘azoning shimoli, markazi va janubiga suv yetkazib beradi. Isroil energetika vaziri Israel Kats garovga olingan isroilliklar uyiga qaytmaguncha suv quvurlari ochilmasligini ma’lum qildi. Ayni paytda, Isroil manbalariga ko‘ra, suv quvurlari yana qisman ochilgan. Biroq BMTning falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligi tomonidan 2 noyabr kuni e’lon qilingan hisobotda aytilishicha, hozirda uchta quvurdan birortasi ham G‘azo sektoriga suv yetkazib bermayapti.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hisob-kitoblariga ko‘ra, hozirda G‘azoda bir kishi boshiga kuniga atigi uch litr suv to‘g‘ri kelyapti. Bir kishi uchun minimal talab - ichish, taom tayyorlash va shaxsiy gigiyena uchun 15 litr suvni tashkil etadi.
Yonilg‘i tanqisligi nimalarga olib kelyapti?
Oktyabr oyi boshida Falastin elektr energetika kompaniyasi G‘azo sektoridagi yagona elektr stansiyasi yonilg‘i taqchilligi tufayli yopilgani va endi elektr energiyasi ishlab chiqara olmasligini ma’lum qilgan edi. Shu bilan birga, Isroil HAMAS harakatini omborlarida «bir million litr»ga yaqin yonilg‘i borligi, lekin uni tinch aholiga bermayotganlikda aybladi. Bu ma’lumotni mustaqil ekspertlar tasdiqlay olmadi.
Biroq, yonilg‘i G‘azo sektori aholisiga - xususan, elektr ta’minoti uchun zudlik bilan kerakligi aniq. BMTning falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligi ham bir necha bor ta’minotni ko‘paytirishga chaqirdi. Yonilg‘i, masalan, kasalxonalarga murakkab operatsiyalar o‘tkazish uchun avariyaviy generatorlar va uskunalarni ishga tushirish uchun talab etiladi.
Jahon oziq-ovqat dasturi (JOOD) shuningdek, yonilg‘i tanqisligi non yopish uchun zarur bo‘lgan un ta’minotini to‘xtatib qo‘ygani sababli novvoyxonalar yopilish arafasida ekani haqida ogohlantirdi. Hozirda kuniga atigi 20 ming kishi non bilan ta’minlanishi mumkin, deb xabar berdi JOOD. Isroilning G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotlari boshida bu ko‘rsatkich kuniga 200 ming kishini tashkil qilgandi.
DW so‘roviga javoban BMTning falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligi rasmiylari mamlakatga yonilg‘i taxminan bir oydan beri kelmaganini aytdi. Biroq, axborot agentliklariga ko‘ra, shifoxonalarga yonilg‘i yetkazib berilishi tiklanishi mumkin.
G‘azo sektoridagi shifoxonalarda vaziyat qanday?
«Jarrohlarimiz bizga ba’zi operatsiyalarni umumiy anesteziyasiz bajarishga majbur bo‘layotganini aytdi. Shifokorlarda og‘riq qoldiruvchi kuchli vositalar qolmagan. Tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha sharoitlar juda achinarli, buni qabul qilib bo‘lmaydi», deyiladi «Chegara bilmas shifokorlar»ning Germaniya bo‘limi saytida chop etilgan va uning direktori Kristian Katser tomonidan imzolangan xabarda.
G‘azo shahridagi Al-Shifo kasalxonasida ishlaydigan «Chegara bilmas shifokorlar» tashkilotining falastinlik jarrohi Muhammad Obeyd o‘sha saytda yo‘lak polida operatsiya qilishga majbur bo‘lganini aytdi. «Biz deyarli hech qanday anesteziyasiz 9 yoshli bolaning oyog‘ini kesib tashladik. Anesteziolog bolaning nafasi qaytib ketmasligi uchun og‘zini ochiq ushlab turdi. Hozir qo‘limizdan kelgani shu», deb yozdi Obeyd.
Germaniya Qizil Xoch tashkilotidan bo‘lgan Kristof Yonen shifoxonalardagi sharoitlarni tasvirlab berdi. «Tibbiyot xodimlari brigadalari dahshatli manzaralar, dahshatli jarohatlar haqida xabar bermoqda. Ular endi yordamga muhtoj odamlarning yoniga tezda yetib borish imkoniyati yo‘qligini aytmoqda», dedi u. Yonenning so‘zlariga ko‘ra, tizim to‘liq yuklama bilan ishlamoqda: «Barcha tibbiyot xodimlari qattiq charchagan: kasalxonalarga juda ko‘p yaradorlar yotqizilmoqda, ularga cheklangan mablag‘ va resurslar sharoitida yordam ko‘rsatish kerak bo‘lyapti». Tibbiy yordamga muhtoj bo‘lmagan odamlar ham raketa hujumlaridan omon qolish umidida kasalxonalarga oqib kelmoqda.
1 noyabr birinchi marta G‘azo sektori va Misr o‘rtasidagi nazorat-o‘tkazish punkti ochildi. O‘nlab yaralangan falastinliklar Misr shifoxonalariga olib ketildi.
Isroil-Falastin mojarosi
7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.
HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.
Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.
Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 10 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.
Mavzuga oid
17:39
2024 yilda gumanitar yordam xodimlari o‘limi bo‘yicha rekord o‘rnatildi – BMT
22:51 / 22.11.2024
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
20:40 / 16.11.2024
HRW Isroilni G‘azo sektoridagi falastinliklarni majburan ko‘chirganlikda aybladi
09:20 / 16.11.2024