Jahon | 07:46 / 09.11.2023
16891
7 daqiqa o‘qiladi

Isroil G‘azoda ko‘cha janglarini boshladi. Ular falastinliklar uchun qanchalik xavfli?

Isroilning G‘azo sektorida quruqlikdagi operatsiyasi keyingi bosqichga: shahar sharoitidagi janglarga o‘tmoqda. U tinch aholi orasida yanada katta yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin.

Foto: REUTERS/Ronen Zvulun

Isroilga hujum uyushtirilgani ortidan HAMAS kuchlariga qarshi quruqlikdagi operatsiya davomida G‘azo sektori ikkiga bo‘lindi va TsAHAL hozir G‘azo shahrini o‘rab oldi. Uning atrofida janglar davom etmoqda, biroq tez orada jangovar harakatlar shaharning o‘ziga ko‘chishi mumkin. 

Isroil armiyasi Negev cho‘lida joylashgan maxsus markazda shahar jangovar taktikasini mashq qilib keladi. «Ular bu operatsiyaga yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan», - deydi Porsmut universitetidan britaniyalik harbiy ekspert Frenk Ledvij.

Mo‘sul uchun janglar ssenariysi takrorlanishi mumkin

Qo‘shma Shtatlar Isroilni harbiy va diplomatik jihatdan qo‘llab-quvvatlayapti, ammo uni o‘zaro maslahatlashuvlarda muvaffaqiyat bo‘yicha xom xayollarga berilmaslik to‘g‘risida ogohlantirdi. AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin ABC televideniyesiga bergan intervyusida shahar sharoitidagi janglar «juda qiyin»ligini aytgan.

Amerikalik amaldor bu ssenariy qanday yakun topishi mumkinligini yaxshi biladi. AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiyaning IShID terrorchilik guruhiga qarshi Suriya va Iroqdagi harbiy amaliyotlari tinch aholi orasida katta talafotlar bilan kechgan. 

Ayrim hisob-kitoblarga ko‘ra, birgina 2016-2017 yillarda Mo‘sul uchun olib borilgan janglarda 10 mingga yaqin tinch aholi halok bo‘lgan. Har bir uy va har bir ko‘cha uchun janglar to‘qqiz oy davom etdi.

G‘azo sektoridagi tashkilot harbiy jihatdan ancha yaxshi jihozlangan, Eron va Livandagi «Hizbulloh» guruhi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. AQSh prezidenti Jo Bayden oktyabr oxirida Isroilga tashrifi chog‘ida u 2001 yil 11 sentabrdagi teraktlardan so‘ng Amerika Qo‘shma Shtatlarining xatolarini takrorlamasligi va g‘azab ta’sirida harakat qilmasligi kerakligini aytdi. 

Har tomondan xavf 

Isroil shu vaqtgacha G‘azo sektorini to‘xtovsiz bombardimon qilib kelyapti. Isroil armiyasi HAMASdan son bo‘yicha ancha ko‘p. Biroq, HAMAS jangchilarining bitta muhim ustunligi bor: ular mahalliy hududni yaxshi biladi va bunga uzoq vaqtdan beri tayyorgarlik ko‘rgan. 

Ekspert shahar sharoitidagi janglar bo‘yicha eng muhim jihatlarni sanab o‘tdi. Eng kattasi - kichik tuzoqlar. Isroil havo va artilleriya zarbalari natijasida vayron qilingan binolar bo‘ylab detonatorlar qo‘yilishi mumkin. Ularni aniqlash qiyin va zararsizlantirish uzoq vaqt talab etadi. 

Yana bir jihat - G‘azo sektoridagi keng tunnellar tizimi. Qo‘shni binolar joylashgan hududlarda «jangchilar tashqariga chiqmasdan alohida binolar orasida harakat qilishi mumkin», deydi u. Bu Isroil harbiylarini pistirmaga tushirish imkoniyatini oshiradi. «Shahardagi janglar uch o‘lchovda olib boriladi, - deb qo‘shimcha qiladi Ledvij. - Old tomondan, orqadan, yuqoridan (dronlar bilan) hamda G‘azoda tunnellar orqali, pastdan hujum qilish mumkin».

TsAXAL askarlari o‘g‘irlanishi va asirga olinishi ham mumkin, shunda harbiy xizmatchilar ham HAMAS garovida bo‘ladi. HAMAS hozirda 200 dan ortiq isroillikni garovda ushlab turibdi. Isroil armiyasi harbiy operatsiya davomida ularni ozod qilishga urinsa, garovdagilar halok bo‘lishi mumkin.

G‘azodagi tinch aholi taqdiri

Mojarodagi eng dolzarb masala bu - G‘azo sektoridagi tinch aholi taqdiri. Qo‘shma Shtatlar va boshqa G‘arb davlatlari Isroilni tinch aholiga tegmaslikka chaqirdi, Isroil shu haqda va’da ham berdi. Biroq, G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil hujumlari oqibatida 10 mingdan ortiq tinch aholi halok bo‘ldi.

Isroil tinch aholini HAMASga qarshi asosiy jang maydoniga aylangan G‘azo sektori shimolini tark etishga chaqirgan, ammo u yerda yuz minglab odamlar qolmoqda. Ko‘cha janglarida HAMAS jangchilarini tinch aholidan ajratish juda qiyin bo‘lishi mumkin.

G‘arb hukumatlari Isroil hujumi oqibatida tinch aholi orasida qurbon bo‘lganlar soni yanada ortishi mumkinligi haqida ogohlantirar ekan, mintaqaviy keskinlashuv xavfi to‘g‘risida ham ma’lum qilgan. Eron va unga yaqin tashkilotlar mojaroga bevosita aralashishi mumkin.

Biroq, Livanning «Hizbulloh» tashkiloti yetakchisi Hasan Nasrulloh 3 noyabr kuni mojaro boshlanganidan keyin ilk bor chiqish qilib, Isroilga qarshi urushga chaqirmadi. Ayrim tahlilchilar Nasrulloh o‘zining oldindan shov-shuv bilan anons qilingan chiqishida Livan hududidan turib Isroilga qarshi keng ko‘lamli harbiy harakatlar boshlanishi haqida e’lon qilishini kutgandi, ammo u bunday qilmadi. U «Hizbulloh» HAMASning Isroilga qarshi urushiga 8 oktyabr kuni, urush boshlangan kunning ertasigayoq qo‘shilganini aytdi. Shu tariqa, mintaqaviy eskalatsiya xavfi qisqa muddatga kamaydi. 

Keyin nima bo‘ladi? 

Isroilning G‘azo sektorida avvalgi quruqlikdan yirik hujumi 2014 yilning iyul oyida kuzatilgan. U ommaviy havo hujumlari boshlanganidan keyin o‘n kun davom etdi, umuman olganda esa, qurolli to‘qnashuv deyarli ikki oy kuzatildi. Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant janglar tez orada tugashini kutmayapti. «Bu bir oy, ikki yoki uch oy vaqt olishi mumkin», dedi u.

Ammo Livanning «Hizbulloh» harakati mamlakat shimolida yangi front ochmasa va urush tugasa, bundan keyin nima bo‘ladi degan savol tug‘iladi. Netanyahu yaqinda bergan intervyusida, harbiy harakatlar tugaganidan keyin Isroil G‘azo sektorida xavfsizlikni ta’minlash uchun «mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi mumkin»ligini aytdi. 

Biroq, Isroil G‘azo sektorida quruqlikdagi hujumni tugatgandan keyin aynan nimani rejalashtirayotgani hozircha noma’lum. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid