Jahon | 18:40 / 10.11.2023
28017
8 daqiqa o‘qiladi

«Katta urush xavfi bor» – «Hizbulloh» mulozimi Isroil bilan ehtimoliy urush va mojaro mintaqaga tarqalish xavfi haqida

Livandagi «Hizbulloh» harakati yetakchisi o‘rinbosari shayx Naim Qosim Isroilning G‘azoda tinch aholi vakillarini o‘ldirayotgani Yaqin Sharqda urushga olib keladigan eskalatsiya keltirib chiqarishi mumkinligini aytdi.

Foto: BBC Russian

«Mintaqada oqibatini hech kim bartaraf eta olmaydigan juda jiddiy va juda xavfli voqealar bo‘lib ketishi mumkin», degan shayx Naim Qosim BBC muxbiri Orle Gerin bilan Bayrutda o‘tgan intervyuda.

Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan «Hizbulloh» shialar harakati amalda Livanni nazorat qiladi. Harakat yetakchisi o‘rinbosari hisoblangan shayx Naim Qosim esa Yaqin Sharqdagi eng ta’sir doirasi katta odamlardan biri. Bu intervyu olingan vaqtda HAMAS tomonidan nazorat qilinadigan G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi bo‘lg‘ada Isroil raketa zarbalari oqibatida 10 mingdan ortiq odam halok bo‘lganini xabar qilgandi.

Isroil HAMASning 7 oktyabrdagi reydlariga javoban bir oydan buyon G‘azoni o‘qqa tutmoqda. Yetmaganiga bo‘lgada quruqlik amaliyotini ham boshladi. Isroil tomoni HAMAS bilan urush boshlanganidan keyin 1400 nafar fuqarosi halok bo‘lgani, ularning mingdan ortig‘i tinch aholi vakillari bo‘lganini bildirgan.

«Mojaro yiriklashib ketishi xavfi juda yuqori. Chunki Isroil agressiyani kuchaytirib, tobora ko‘proq bolalar va ayollarni o‘ldirmoqda. Axir shuncha ishlar bo‘lib ketayotgan bir vaqtda mintaqada mojaro kattalashmaydi, deb aytish mumkinmi? Menimcha, yo‘q», degan shayx Naim Qosim.

Uning fikricha, eskalatsiya kuchayishiga faqat Isroil aybor bo‘ladi: «Qilinajak har qanday ishning javobi bo‘ladi», degan «Hizbulloh» vakili.

Ma’lumot uchun, «Hizbulloh» harakatini Britaniya, AQSh va Arab davlatlari ligasi terrorchilik tashkiloti deb biladi. «Hizbulloh» Livandagi eng yirik siyosiy va harbiy kuch hisoblanadi.

Hozircha «Hizbulloh» G‘azodagi urushga to‘laqonli qo‘shilgani yo‘q va Isroil pozitsiyalariga raketa zarbalari berish bilan cheklanmoqda. Isroil esa harakatga aviazarbalar bilan javob qaytarmoqda. Isroil tomoniga ko‘ra, 7 oktyabrdan buyon «Hizbulloh»ning 70 nafar vakili o‘ldirilgan.

Yakshanba kuni, Isroilning Livan janubiga bergan raketa zarbasi oqibatida bir ayol va uch bola halok bo‘lganidan keyin «Hizbulloh» mojaro boshlanganidan buyon ilk marta «Grad» raketa tizimi orqali Isroilni o‘qqa tutdi. Oqibatda Isroil tomondan ham tinch aholi vakillari halok bo‘lgan.

Yaqinda harakat yetakchisi Hasan Nasrulloh ko‘pchilik uzoq kutgan chiqishida Livanda o‘ldirilgan har bir tinch aholi vakili uchun chegaraning Isroil tomonida ham kimningdir o‘ldirilishi ko‘rinishida javob berilishini aytgandi. Ammo «Hizbulloh» lideri ko‘pchilik kutganiga zid o‘laroq Isroilga urush ochilishi haqida e’lon qilmadi.

«Mudofaa tashkiloti»

«Hisbulloh» vakili BBC muxbiri bilan suhbat davomida harakatni ko‘p marta «mudofaa tomoni» deb atagan. Vaholanki, «Hizbulloh» o‘zining asosiy maqsadi Isroilni yo‘q qilish deb hisoblaydi.

Naim Qosim Isroil G‘azoga qarshi vahshiylarcha agressiya boshlagan, HAMAS esa 7 oktyabr kuni Isroilning bosqinchilik siyosatiga qarshi munosib javob qaytargan, deb hisoblaydi. Harakat vakili 7 oktyabr kuni Isroilda ko‘plab tinch aholi vakillari HAMAS tomonidan emas, aynan isroillik harbiylar tomonidan o‘ldirilganini aytgan. Ammo bu gapiga isbot keltirmagan. BBC muxbirining 7 oktyabrda HAMAS jangchilarining gopro-kameralarida olingan kadrlar haqidagi savolini esa shayx javobsiz qoldirgan.

Naim Qosim HAMASning 7 oktyabrdagi zarbalari oqibatida berilayotgan javob zarbalaridan falastinliklar yanada ko‘proq zarar ko‘rmoqda, degan qarashga qo‘shilmasligini aytgan. «Isroil tomonidan bo‘lgada sodir etilayotgan qirg‘in falastinliklarni o‘z yerlari uchun kurashda yanada jipslashtirdi», degan u.

«Hizbulloh»ning imkoniyatlari

Shayx harakatni Eron moliyalashtirishi va qo‘llashini tan olgan, lekin uning aytishicha, Tehron «Hizbulloh»ni boshqarmaydi, urushga kirish-kirmaslik bo‘yicha buyruq ham bermaydi.

Bir narsani unutmaslik kerakki, agar «Hizbulloh» urushga kiradigan bo‘lsa, Isroil hozir ko‘rayotganidan jiddiyroq qarshilikka uchrashi aniq. Harbiy ekspertlarga ko‘ra, «Hizbuloh»da 150 mingta raketa bo‘lishi mumkin va HAMAS bu borada ittifoqchisiga yaqinlasha olmaydi. Bundan tashqari, «Hizbulloh»ning 60 ming askari bor. Ular orasida maxsus topshiriqlarni bajaruvchi bo‘linmalar, doimiy va zaxiradagi askarlar bor.

Bu ma’lumotlarni Livan poytaxti Bayrutda yashaydigan harbiy ekspert Nikolas Blenford keltirgan. Bu ekspert «Hizbulloh»ni 10 yillar davomida o‘rgangan.

2006 yilda harakat Isroil bilan chegara punktiga hujum qilib, ikki nafar isroillik askarni asir olishi urush keltirib chiqargandi. O‘shanda harbiy harakatlar bir oydan ortiq vaqt davom etgan, Livan tomonidan 1000 dan ortiq kishi halok bo‘lgan va ularning ko‘pchiligi tinch aholi vakillari edi. Isroilda esa 121 harbiy va 44 nafar tinch aholi vakili qurbon bo‘lgan.

O‘shandan buyon Livan chuqur inqirozdan chiqib keta olmayapti: iqtisodiyot kollapsga uchradi, siyosiy tizim quladi. Bularning hammasiga 2020 yil Bayrutdagi portda sodir bo‘lgan dahshatli portlash qo‘shildi. Bunday holatda mamlakatda ko‘pchilik urush istayotganiga esa ishonib bo‘lmaydi.

BBC'ga ko‘ra, ko‘pchilik livanliklar «Hizbulloh» Isroilga zarba berishidan hayiqmoqda, chunki oqibatda Livan ham urush domiga tortilishi mumkin. Shayx Naim Qosim esa bundan xavotirda emas.

«Har bir livanlik urushdan qo‘rqish huquqiga ega, bu normal holat, hech kim urushni yaxshi ko‘rmaydi. Ana u Isroildagi tuzilmaga ayting, agressiyani bas qilsin. Shunda harbiy harakatlar maydoni kengaymaydi», degan shayx Qosim.

«Hizbulloh» bo‘yicha ekspert Nikolas Blenfordning fikricha, harakat urushga qo‘shiladigan bo‘lsa, yo‘qotishlar juda katta bo‘ladi.

«Hozir G‘azoda bo‘layotgan voqealar parkda sayohat qilishga o‘xshab qoladi. Barcha isroilliklar bombapanalarda o‘tirishiga to‘g‘ri keladi. Aviareyslar, dengiz qatnovlari bekor qilinadi. «Hizbulloh» ancha kuchli qudratga ega raketalari bilan Isroildagi harbiy nishonlarni o‘qqa tutishi mumkin», degan ekspert «Hizbulloh» va Isroil o‘rtasidagi ehtimoliy mojaro haqida.

Bunga javoban esa, ekspertning fikricha, Isroil butun Livanni yer bilan bitta qilishga intiladi.

Hozircha azaliy dushmanlar Isroil, Eron va «Hizbulloh» keskin harakatlardan tiyilib turibdi. Ammo bu urush kattalashmasligi aniq degani emas. Balki hech kim atayin mojaroni kattalashtirmas, lekin bu kimningdir xatosi sabab sodir bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.

Mavzuga oid