Jahon | 10:02 / 10.11.2023
22895
13 daqiqa o‘qiladi

SSSRda yashirilgan fojialar – Chuvashistondagi maktabda 106 nafar bola nega tiriklay yonib ketgandi?

1961 yil Chuvashistondagi maktablardan birida Oktyabr revolyutsiyasining 44 yilligi munosabati bilan bayram tadbiri o‘tkaziladi. Tadbir boshlangach biroz o‘tib, maktabda yong‘in sodir bo‘ladi. Oqibatda 106 nafar o‘quvchi tiriklay yonib ketadi. Sovetlar fojiani ommadan yashirish uchun bolalarning jasadlarini buldozer bilan ko‘mib yuborishadi. Hodisa SSSR parchalangandan so‘ng oshkor bo‘ladi.

Foto: bezformata.com

SSSR parchalanib ketgandan so‘ng ma’lum bo‘ldiki, bu davlatda juda ko‘p halokatlar, fojialar yuz bergan va ularning aksariyati ommadan yashirilgan.

Bundan 62 yil muqaddam Chuvashiston ASSRdagi maktablardan birida sodir bo‘lgan ayanchli fojia haqida ham odamlar 1990 yilda, SSSR parchalanib ketishi arafasida xabar topadi.

Ungacha bu hodisa haqida guvohlar va farzandi halok bo‘lgan ota-onalardan boshqa hech kim hech narsa bilmagan.

Bayram tadbiri

1961 yil 5 noyabr kuni RSFSR tarkibiga kiruvchi Kavkazdagi Chuvashiston ASSRdagi Elbarusovo qishlog‘idagi maktabda Oktyabr revolyutsiyasining 44 yilligi munosabati bilan tantanali tadbir o‘tkazilishi belgilangandi (ma’lumot uchun, sovet davrida 7 noyabr butunittifoq bayram kuni bo‘lgan. Shu kun arafasida mamlakatning barcha hududlarida bayram tadbirlari tashkil etilgan).

Bolalar ertalabdan maktabga kela boshlaydi, ko‘p o‘tmay barcha yig‘iladi. Elbarusovo qishlog‘ida ming nafar aholi bo‘lib, maktabda 200 nafardan oshiqroq o‘quvchi ta’lim olgan.

Maktab binosi XX asr boshlarida yog‘ochdan qurilgan bo‘lib, uning aktivlar zali yo‘q edi. Ikkita sinfning orasidagi yog‘och devorni yig‘ib qo‘ysa bo‘lardi va turli tadbirlar asosan shu yerda o‘tkazilardi.

Fojia sodir bo‘lgan kuni 100 dan oshiq o‘quvchi sig‘adigan o‘sha sinflarga 200 dan oshiq bola va o‘qituvchilar kiritiladi.

Ko‘p o‘tmay bayram tadbiri boshlanadi. O‘quvchilar «sovet xalqiga baxt va saodat olib kelgan» revolyutsiya madh etilgan she’rlar o‘qiydi. Qo‘shiqlar kuylashadi. Ular o‘sha paytda birozdan keyin o‘zlarini qanday fojia kutayotganini bilmasdi.

Elbarusovodagi maktab \ Foto: lenta.ru

Fojia

Bayram tadbiri davom etar ekan, qo‘shni sinfda yong‘in chiqadi va maktabning yog‘och binosi yona boshlaydi. Devor, shift, oyoqosti, hamma yoq yog‘och bo‘lgani uchun olov tezda kuchayib, qo‘l kuchi bilan o‘chirib bo‘lmaydigan darajaga chiqadi.

So‘ng tor yo‘lak yonib, olov bolalar tadbir o‘tkazayotgan joyga yetib keladi. O‘shanda yong‘in chiqishiga maktabda foydalanilgan benzin bilan ishlovchi generator sabab bo‘lgandi.

Qishloqqa elektr tarmoqlari yetib kelmagani uchun maktab benzinli generator bilan yoritilardi. Generator alohida yog‘och budkada turardi.

Sal avval direktorning xonasini ta’mirlagan fizika fani o‘qituvchisi generatorni maktab binosiga olib kirgan va u bayram tadbiri bo‘layotgan joyga tutash xonada qolib ketgandi.

O‘sha kuni fizika o‘qituvchisi boshchiligidagi yuqori sinf o‘quvchilari tadbir paytida chiroqni yoqib qo‘yish uchun generatorni ta’mirlashgan. Ular bayram oxirida o‘quvchilarga film namoyish etib bermoqchi bo‘lishgan.

Ta’mirlash paytida generator oldida turgan idishdagi benzin to‘kilib ketgan. Fizika o‘qituvchisi genetorni yoqib chiqib ketganidan so‘ng undan chiqqan uchqun benzinning o‘t olishiga sabab bo‘lgan.

Yana bir talqinga ko‘ra, fizika o‘qituvchisi va yuqori sinf o‘quvchilari isinish uchun generator turgan sinfning pechini yoqishgan. Undan otilib chiqqan cho‘g‘ benzin idishiga tushgan.

Idish portlab, undagi benzin atrofga sochilib, yona boshlaganda fizika o‘qituvchisi va bolalar hech kimni ogohlantirmasdan qochib ketishgan.

Olov tadbir o‘tkazilayotgan joyga yetib kelganda kech bo‘lgandi, olov ikkita eshikni ham to‘sib qo‘ygandi. Shu paytda tadbir bo‘layotgan joyga achchiq tutun va olov kira boshlaydi.

O‘quvchilar vahimaga tushadi va kimlardir o‘zini eshikka uradi, boshqalar derazalarga yopishadi. Tutun tufayli hech narsani ko‘rib bo‘lmasdi. O‘qituvchilar derazalarning oynasini sindirib, bolalarni tashqariga chiqara boshlaydi. Biroq hammani chiqarishga ulgurishmaydi.

Bu orada binoning tomi qulab tushadi va ichkaridagilar uning ostida qolib ketadi. Ularni qutqarishning iloji bo‘lmaydi. O‘t o‘chiruvchilar ancha kech qolishadi. Ular yetib kelganda maktab binosi va unda qolib ketgan o‘quvchilar yonib ketib bo‘lgandi.

Tadbirda qatnashayotgan 200 nafardan oshiq odamdan yarmi, 100 nafar atrofida o‘quvchilar amallab chiqib ketadi. Qolgan 110 nafar odam tiriklayin yonib ketadi. Halok bo‘lganlarning 105 nafari o‘quvchilar, 5 nafari o‘qituvchilar edi.

Fojia guvohlari

Keyinchalik fojiadan omon qolgan o‘quvchilardan biri hodisani shunday eslagandi:

«O‘shanda men 6-sinfda o‘qirdim. Maktabdagi xor to‘garagiga qatnardim. Bayram tadbiri boshlandi. Ko‘p o‘tmay guruhimiz bilan sahnaga chiqdik va xor bo‘lib qo‘shiq ayta boshladik. Shu paytda ikkita eshikdan qora tutun va olov kira boshladi. Birpasda hamma yoq isib ketdi va tutun tufayli hech narsani ko‘rib bo‘lmay qoldi. Shunda yonimda turgan o‘qituvchi musiqiy asbob bilan deraza oynalarini sindirdi. Deraza raxiga chiqmoqchi bo‘lganimda boshqa bolalar kelib meni siqib qo‘yishdi. Bolalar bir-birini bosib, yanchib, o‘zini derazaga urardi. Shu paytda qandaydir soniyalarda tiqilinch bo‘shashib qoldi va amallab derazaga chiqib pastga o‘zimni otdim. Ortga qarasam derazadan ham olov chiqa boshladi. Ko‘p o‘tmay olov butun maktabni qurshab oldi».

Elbarusovodagi fojiadan omon qolgan Lyudmila Gordeyeva va Tamara Mixaylova \ Foto: lenta.ru

Boshqa bir guvohning xotiralari:

«Uyim maktabdan 100 metr uzoqlikda edi. Avvaliga qattiq ovoz eshitildi. Kimdir o‘q uzdimi deb tashqariga chiqsam, maktab yonyapti. Hamma o‘sha yoqqa qarab yuguryapti. Shunda kimdir «Bolalar yonyapti» deb baqirdi. Ichkariga, bolalar turgan joyga kirmoqchi bo‘lganimizda kuchli olov tufayli buning iloji bo‘lmadi. Maktab ancha yondi. Odamlar hech narsa qila olmasdi. Tunda maktab yonib bitgandan so‘ng odamlar bolasini qidira boshladi. Men ham singlimning jasadini topdim. Biroq bungacha yetib kelgan militsiya xodimlari hech kimga jasadlarni olishga ruxsat bermadi. Yarim kuygan jasadlarning barchasini to‘plab, noma’lum tomonga olib ketishdi. Keyin bilsak ularni sal nariga olib borib, buldozer bilan ko‘mib yuborishibdi».

Elbarusovodagi fojia yuz bergan paytda Yuriy Makarov 2-sinf o‘quvchisi bo‘lgan \ Foto: lenta.ru

Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, olov tadbir o‘tkazilayotgan joyga yopirilgach u yerdan asosan jismoniy baquvvatroq bo‘lgan yuqori sinf o‘quvchilari chiqib ketishgan. Ichkarida asosan boshlang‘ich va quyi sinflar o‘quvchilari qolib ketgan va halok bo‘lgan.

«Jasadlar orasidan avvaliga qizimni, keyin uchta o‘g‘limni topdim. Qizim o‘sha kuni o‘zim tikib bergan ko‘ylakda edi. Uning bir parchasi yonmay qolgan ekan, qizimni o‘shandan tanib qoldim. Bolalarimizni dafn etishga berishmadi va yuk mashinasiga ortib olib ketishdi. Ularni buldozer bilan ommaviy qabrga ko‘mib yuborishibdi. O‘shanda ancha vaqt qishloqda kuygan odamning qo‘lansa hidi saqlanib turdi», deb eslagan edi fojiada to‘rt bolasidan ayrilgan ayol.

Fojia sodir bo‘layotgan paytda maktab direktori yordamchisi bilan bolalarni qutqarish o‘rniga hujjatlarni asrab qolish uchun o‘zining xonasiga yuguradi.

Biroq keyinchalik o‘tkazilgan surishtiruvlarda u maktab hujjatlarini emas, xonasidagi seyfda maktabga berilgan pullarni asrab qolish uchun harakat qilgan ekan.

Hodisaning yashirilishi va buldozer bilan ko‘mib yuborilgan bolalar

Maktab binosi va bolalar butunlay yonib bo‘lgandan so‘ng yetib kelgan o‘t o‘chiruvchilar tutab turgan joylarga suv sepishadi va yonib ketganlarning jasadlarini olib chiqa boshlashadi.

Tongda qishloqqa KGB xodimlari va militsiya otryadi kirib keladi. Ular eng avval odamlarni fojia yuz bergan joydan haydashadi. Hech kimga yarim kuygan jasadlarni olishga ruxsat berilmaydi.

Ertalab bolalarning va o‘qituvchilarning jasadlarini yig‘ib, yuk mashinasiga ortishadi va nariroqqa olib ketishadi. So‘ng jasadlarni yog‘och qutilarga solib, buldozer bilan ko‘mib yuborishadi.

Bolalar ko‘mib yuborilgan ommaviy qabrga SSR tarqab ketgandan so‘ng yodgorlik monumenti o‘rnatiladi \ Foto: pravdapfo.ru

O‘shanda KGB xodimlari yonib ketgan maktabni suratga olgan bir necha kishi bilan «suhbat o‘tkazishadi» va suratlar o‘chirib tashlanadi.

Keyinchalik, hodisa yuzasidan tuman partiya qo‘mitasida o‘tkazilgan majlis qaydnomasiga «Qishloq aholisi fojia yuz berganiga qaramasdan siyosiy hushyorlik ko‘rsatib, o‘z fuqarolik burchlarini yuksak darajada qayd etdi» deb yozib qo‘yilgan ekan.

Jonini qutqarib qolgan bolalar orasida tan jarohati olganlar ham bor edi. Og‘ir jarohatlanganlarni tuman markaziga olib ketishadi. Yengilroq jarohat olganlar uyda davolanishadi.

7 noyabr mamlakatda katta bayram sanalib, Elbarusovoda sodir bo‘lgan hodisa bayram kayfiyatini buzmasligi kerak edi. Shu sababli yonib bo‘lgan maktab o‘rni tekislab tashlanadi.

7 noyabr kuni hech narsa bo‘lmaganday qishloqda Oktyabr revolyutsiyasining 44 yilligi munosabati bilan miting o‘tkaziladi. Aslida boshqa joylarda bo‘lgani kabi 7 noyabr kuni Elbarusovoda ham bayram tadbiri o‘tkazilishi kerak edi. Biroq fojia tufayli aksariyat oila azador bo‘lgani uchun mutasaddilar bunga jur’at qila olishmaydi.

Elbarusovodagi ommaviy qabristonga fojiada halok bo‘lgan har bir bolaning ism-sharifi yozilgan \ Foto: lenta.ru

O‘shanda hisob-kitoblarga qaraganda qariyb yuztacha oila o‘z farzandidan ayriladi. Ular orasida uchta oila birdaniga to‘rt nafardan bolasini yo‘qotadi.

Ikkita oiladan uch nafardan, o‘n yettita oila ikki nafardan, qolgan oilalar bir nafardan bolasidan ayriladi. Yettita oila yagona farzandini yo‘qotadi.

Hodisa barchadan yashiriladi. Biroq «Amerika ovozi» radiosi xabar topgan edi, hodisaning ertasi kuni «Kommunistlar Elbarusovoda bolalarni tiriklayin yoqdi» deb xabar berishadi.

O‘sha kuni tirik qolgan maktab direktori halok bo‘lgan o‘quvchilarning ota-onasi qasos olmasin deb qochib ketadi. Hodisadan so‘ng u topilib, ishdan olinadi va jinoiy ish qo‘zg‘atilib, sakkiz yilga qamaladi.

Direktorning xonasini ta’mirlagan va generatorni maktab binosiga olib kirgan fizika o‘qituvchisi o‘n yilga qamaladi. Uning homilador xotini fojiada halok bo‘lgandi.

Shunigdek, Chuvashiston ASSR Marin-Posadskiy tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri ishdan olinib, partiyadan haydaladi.

Oradan bir yil o‘tib Elbarusovoda g‘ishtdan yangi maktab binosi tiklanadi. Shu bilan hodisa unutiladi.

1980-yillar oxiriga kelib, Gorbachyov boshlagan islohotlar tufayli Elbarusovoda sodir bo‘lgan hodisa haqida gap-so‘zlar chiqa boshlaydi. Oradan qariyb 30 yil o‘tib, ilk marta fojia tafsilotlari ochiqlanadi va omma undan xabar topadi.

1994 yilda bolalar ommaviy ko‘mib yuborilgan joyda yodgorlik monumenti o‘rnatiladi. Unda fojiada halok bo‘lgan bolalarning ism-shariflari yozib qo‘yilgan.

Har yili 5 noyabr kuni bolalar ko‘mib yuborilgan joyda xotira tadbiri o‘kaziladi. O‘sha paytda tirik qolgan va taqdir taqozosi bilan boshqa joyda yashayotganlar shu kuni Elbarusovoga yetib keladi va tadbirda qatnashadi.

Foto: bezformata.com

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid