Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Birjada qatnashadigan fermerlar, RFdan million tonna neft, ikki tomonlama defitsit - Iqtisodiy taymlayn
O‘zbek fermerlari tarixda birinchi marta o‘zlari yetishtirgan paxtani o‘zlari birjada sotishi mumkin bo‘ladi. Markaziy bank davlat xarajatlarining haddan tashqari ko‘payib ketayotganining xavfli oqibatlaridan ogohlantirdi. O‘zbekistonda AI-95 benzini taqchilligi yuzaga keldi, ayni paytda, benzin ishlab chiqarish uchun Rossiyadan neft importi bir necha barobarga oshiriladi. Yakunlanayotgan haftaning iqtisodiy yangiliklari – iqtisodiy taymlaynda.
Rossiyadan neft importi 3 barobardan ortiqroqqa ko‘paytiriladi
So‘nggi haftada Toshkentda AI-95 markali benzin taqchilligi paydo bo‘ldi. Bir necha kun ichida ayrim shoxobchalarda bu markadagi benzin paydo bo‘ldi, lekin narxi sezilarli ko‘tarilib, 18 500 so‘mgacha narxda sotila boshladi. Shuningdek, “O‘zbekneftgaz”ga qarashli ayrim yonilg‘i quyish shoxobchalari faoliyatida uzilishlar kuzatildi.
Shunday sharoitda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov benzin defitsiti kuzatilayotganini inkor qilgani ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. O‘zbekistonda benzin taqchilligi yo‘q, dedi u Samarqandda bo‘lib o‘tgan iqtisodiy forumda. Vazir Raqobat qo‘mitasi tomonidan birjada AI-80 benzinini sotib olish limiti oshirilganiga ham izoh berib, bu mamlakatda yoqilg‘i defitsiti bilan bog‘liq emasligini aytgan.
“Cheklov narxlarni manipulyatsiya qilishning oldini olish uchun kiritildi. Bu aholining arzon benzinga ega bo‘lishini ta’minlash uchun qilingan. Bu import hajmiga bog‘liq emas. Defitsit yo‘q”, – degan Jo‘rabek Mirzamahmudov.
3 noyabr kuni Moskvada O‘zbekiston, Qozog‘iston va Rossiya energetika mas’ullari neft yetkazib berish masalasida shartnoma imzoladi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Rossiyadan neft xomashyosi importini 2024 yildan boshlab yiliga 1 million tonnaga yetkazadi. Taqqoslash uchun, O‘zbekiston 2023 yilda Rossiya bilan bundan 3 barobar kam – 300 ming tonna neft xarid qilish bo‘yicha kelishuv tuzgandi. Importni million tonnaga yetkazishda neft quvurlaridan ham foydalanilishi aytilmoqda. O‘zbekiston Energetika vazirligi bu shartnoma benzin ishlab chiqarishni ko‘paytirishga imkon berishini ma’lum qildi.
Fermerlarga yengilliklar
9 noyabr kungi selektorda prezident Shavkat Mirziyoyev endi fermerlar bir viloyat ichida o‘zlari xohlagan klaster bilan fyuchers shartnomasi tuzishi mumkin bo‘lishini ta’kidladi. Yana bir asosiy yangilik – fermerlar shartnomadan ortgan hosilni birja orqali sotishiga ham imkoniyat yaratiladi. Shuningdek, kelgusi yil hosili uchun paxta yetishtirishga 60 foiz avans klasterlar orqali emas, to‘g‘ridan to‘g‘ri fermerlarning o‘ziga ajratiladi.
Umuman, mutasaddilarga klaster va fermerlarni moliyalashtirishning yangi tartibini yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Ma’lumot uchun, fermerlar paxta yetishtirishda o‘zlari faoliyat yuritayotgan viloyatdagi klasterlardan istaganini tanlashi yoki hech qaysisini tanlamay, o‘zaro kooperativ tashkil qilishi mumkinligi qonunchilikda allaqachon belgilangan, lekin amalda ko‘plab hududlarda mahalliy hokimliklar bunga rioya etmay kelayotgandi.
Toshkentda Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammiti
Sammitda O‘zbekiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkiya, Ozarboyjon va Eron prezidentlari hamda Qozog‘iston va Pokiston bosh vazirlari ishtirok etdi. Sammit arafasida tashkilotga a’zo davlatlarning ishbilarmon doiralari vakillari o‘zaro biznes uchrashuvlar o‘tkazdi.
Davlat va hukumat rahbarlari ishtirokidagi sammitda prezident Shavkat Mirziyoyev mintaqaviy tashkilot doirasida savdoni soddalashtirish to‘g‘risida bitim qabul qilishga chaqirdi.
“Afsuski, imtiyozli savdo bitimini tuzish bo‘yicha ko‘p yillik urinishlar kutilgan samarani bermayapti. To‘siqsiz savdoni shakllantirish yo‘lida hali-hamon ko‘plab cheklov va muammolar saqlanib qolmoqda. Bu holatlarni ochiq tan olishimiz va ularni ijobiy tomonga o‘zgartirish uchun vaziyatga yangicha qarash bilan yondashish kerak”, – dedi prezident.
Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, tashkilotga a’zo davlatlarning aksariyati dengizga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqa olmasligi, shu sabab transport koridorlarini rivojlantirish muhimligini ta’kidladi. Milliy energetika strategiyalarini uyg‘unlashtirish, “Ipak yo‘li” sayyohlik brendi asosida umumiy turistik dasturlarni ko‘paytirish va boshqa takliflar ilgari surildi.
Budjet va tashqi savdo balansidagi defitsit: Markaziy bank Shri-Lanka keysini eslatdi
O‘zbekiston Markaziy banki davlat xarajatlari o‘sishining mamlakat tashqi savdo balansiga ta’sirini o‘rgandi. Monetar siyosat organining e’tibor qaratishicha, 2022 yilda O‘zbekiston tashqi savdo balansidagi taqchillik, ya’ni eksport va import miqdorlari o‘rtasidagi manfiy farq YaIMga nisbatan 14,2 foizga yetgan. Bu ko‘rsatkich 2017 yilda valuta erkinlashtirilganidan keyin 10 foizdan kam bo‘lmay kelyapti.
Tashqi savdodagi manfiy disbalansning ortib borishi – so‘nggi yillarda budjet taqchilligining ham ortishi fonida ro‘y bermoqda. Davlat xarajatlarining oshishi importga qo‘shimcha talabni yuzaga keltirmoqda, importning o‘sishi esa mamlakat tashqi savdo balansiga bosim o‘tkazyapti. Tahlillarda davlat xarajatlari va import hajmi o‘rtasida katta bog‘liqlik borligi tasdiqlangan.
Markaziy bank ikki tomonlama defitsit, ya’ni ham budjet, ham tashqi savdo balansidagi taqchillik uzoq davom etsa, yaxshi oqibatlarga olib kelmasligidan ogohlantirmoqda. Ekspertlar bu borada 2022 yilda defoltga uchragan Shri-Lankani misol qilib keltirgan.
Markaziy bankka ko‘ra, hozirgi vaziyat fiskal xarajatlar samaradorligini oshirish, iqtisodiyotda davlat ulushini qisqartirish, ishlab chiqarish salohiyatini rivojlantirish, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va eksport hajmini oshirishga qaratilgan tarkibiy islohotlarga zaruratni kuchaytiryapti.
Yuridik shaxslar va norezidentlar uchun valuta sotib olish qoidalari qat’iylashtirilishi kutilyapti
Markaziy bank tegishli hujjat loyihasini e’lon qildi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, tadbirkorlar chet el valutasini sotib olish yoki sotish uchun xizmat ko‘rsatuvchi bankka buyurtma berganda, maqsadi va asoslovchi hujjatlarni taqdim etishi kerak. Regulyator bu hujjatlar qaysilar bo‘lishini aniq belgilab qo‘ymoqchi, lekin e’lon qilingan ro‘yxatni qisqa deb bo‘lmaydi.
Loyiha tasdiqlansa, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlardan:
- valuta operatsiyasini amalga oshirish zaruratini ko‘rsatuvchi bitim yoki invoys;
- chet el valutasidagi lizing va kreditlarga xizmat ko‘rsatishda – asosiy summa va foiz to‘lovlarini qaytarish jadvali,
- xorijiy investorlarning foydasi, dividendlari va boshqa daromadlarini repatriatsiya qilishda – foyda taqsimlangani va dividendlar to‘langani to‘g‘risidagi hujjat, auditorlik firmasi yoki soliq organining xulosasi hamda daromad solig‘i to‘langani to‘g‘risidagi soliq organlari tasdiqnomasini taqdim etish talab etiladi.
Norezidentlar tomonidan mablag‘larni ularning chet eldagi hisobvaraqlariga yoki ushbu norezidentlarni tashkil etgan xorijdagi korxonalarga o‘tkazishda – milliy valutadagi mablag‘larning qonuniy yo‘l bilan topilganini asoslovchi hujjatlar so‘raladi.
Qator mutaxassislar buni tadbirkorlar va xorijliklar uchun valuta operatsiyalarini amalga oshirishda byurokratiyani ko‘paytirish va jarayonni murakkablashtirish deb hisoblayapti. Xususan, “Toshkent” respublika fond birjasi raisi Georgiy Paresishvili bu loyiha qabul qilinsa, O‘zbekistonning investitsion jozibadorligiga jiddiy putur yetishidan ogohlantirdi.
Markaziy bank bu xavotirlarni rad etib, loyihada valuta operatsiyalarini cheklash yoki qat’iylashtirish emas, balki amalda mavjud normalarga aniqlik kiritish, ayrim operatsiyalarni amalga oshirishni yanada soddalashtirish, tarqoq normalarni umumlashtirish nazarda tutilganini bildirdi.
Madina Ochilova tayyorladi.
Operator – Mirvohid Mirrahimov.
Montajchi – Muhiddin Qurbonov.
Mavzuga oid
16:51 / 03.12.2023
Qarzini to‘lolmagan MTRK, oltin narxining yangi rekordi va “surgun” qilinayotgan OTMlar – “Iqtisodiy taymlayn”
18:32 / 25.11.2023
Ko‘paygan oltin eksporti, uzoqroqqa ochilayotgan Yevropa bozori va ko‘chmas mulk bozorida pasayish - “Iqtisodiy taymlayn”
13:09 / 18.11.2023
Oshayotgan ish haqi, pensiya va nafaqalar, JST uchun muzokaralar – Iqtisodiy taymlayn
18:02 / 04.11.2023