Jahon | 11:42 / 11.11.2023
3670
4 daqiqa o‘qiladi

Bryussel: Ukraina uchun millionta snaryad yetkazib berish maqsadi hamon kun tartibida

2023 yilning dastlabki besh oyida Yevropa Ittifoqi Ukrainaga va’da qilingan o‘q-dorilarning 30 foizini o‘tkazdi, biroq qolgan miqdorni 2024 yil martigacha yetkazib berish maqsadidan qaytmayapti.

Foto: LIONEL BONAVENTURE/AFP

Yevropa Ittifoqi Kiyevga bir millionta o‘q-dorini topshirish niyatidan voz kechmayapti. Bryussel buning oxirgi muddatini 2024 yil marti deb atamoqda. 10 noyabr, juma kuni Bryusseldagi yuqori martabali amaldor jurnalistlarga «Ukrainani millionlab o‘q-dorilar bilan ta’minlash maqsadi hamon kun tartibida», dedi. Uning tushuntirishicha, YeIning yettita davlati mudofaa korxonalariga o‘q-dorilar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma buyurtmalar bergan va ularni joriy yil oxiri hamda 2024 yil boshida Kiyevga topshirishni rejalashtirgan.

Buyurtma qilingan o‘q-dorilar miqdori haqidagi ma’lumotlar oshkor etilmagan, biroq amaldor «yil oxirigacha muhim yetkazib berish amalga oshirilishini» ta’kidladi. Bundan tashqari, bir qator Yevropa Ittifoqi davlatlari qo‘shma xarid dasturidan tashqari, Ukrainaga snaryadlarni bir tomonlama tartibda o‘tkazadi.

Fevraldan maygacha Yevropa Ittifoqi 300 ming dona artilleriya snaryadlaridan tortib raketalarga qadar turli xil o‘q-dorilarni taqdim etdi. Bu Bryusselning Ukraina Qurolli kuchlarini bir millionta snaryad bilan ta’minlash bo‘yicha belgilangan maqsadi 30 foizini tashkil etadi. Bu bilan snaryadlarni yetkazib berish dasturining birinchi bosqichi yakunlandi va mamlakatlar ikkinchisiga, ya’ni mudofaa korxonalariga buyurtmalarga o‘tdi.

Bunda, Bryussel tushuntirishicha, asosiy muammo ishlab chiqarish quvvatlarining yetarli emasligi bo‘lib qolmoqda. Yevropa Ittifoqining mudofaa sanoati yuqori malakali kadrlar va uchinchi davlatlardan sotib olinadigan porox kabi materiallar yetishmasligi sababli muammolarga duch kelishda davom etmoqda. Biroq, Yevropa Ittifoqi o‘z chegaralaridan tashqaridagi ishlab chiqaruvchilar ham xuddi shunday muammolarga duch kelayotganini ta’kidlaydi. 

Shu munosabat bilan Bryussel kompaniyalarni ishlab chiqarishni ko‘paytirishda qo‘llab-quvvatlash, «Ukrainani zarur bo‘lgan hamma narsa bilan ta’minlash» va o‘z zaxiralarini to‘ldirishda davom etish uchun mudofaa-sanoat kompleksini rivojlantirish bo‘yicha yangi strategiyani tayyorlamoqda, dedi Yevropa Ittifoqining yuqori martabali rasmiysi. Bunga erishish uchun mamlakatlar mudofaa sohasiga qo‘shma sarmoyalarni oshiradi. 

Yevropa Ittifoqi 40 ming ukrainalik harbiyni tayyorlaydi 

Yevropa Ittifoqi vakili, shuningdek, 30 ming ukrainalik askar o‘quv missiyasida allaqachon harbiy tayyorgarlikdan o‘tganini va Bryussel qo‘shimcha 10 ming askar tayyorlashni maqsad qilganini aytdi. Askarlar harbiy rahbarlik, yangi texnika bilan ishlash bo‘yicha maxsus tayyorgarlikdan o‘tadi, bundan tashqari, Kiyev missiyadan maxsus kuchlarni tayyorlashni so‘ragan. 

Yevropa Ittifoqi mudofaa vazirlarining 14 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishida Ukrainaga havo hujumidan mudofaa tizimlari, qishki texnika va o‘q-dorilarni keyingi yetkazib berish masalalari muhokama qilinadi. Vazirlar, shuningdek, Kiyevga uzoq muddatda xavfsizlik kafolatlarini taqdim etish mavzusiga ham to‘xtalib o‘tadi. 14 va 15 dekabr kunlari Bryusselda bo‘lib o‘tadigan Yevropa Ittifoqi sammitida Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel bu borada taklif bilan chiqishi kutilmoqda. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid