Jahon | 12:43 / 14.11.2023
16184
4 daqiqa o‘qiladi

Kiyev: urushdagi burilish nuqtasi yaqinlashmoqda

Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermakning fikricha, kelgusi yil Rossiya - Ukraina urushi uchun hal qiluvchi yil bo‘ladi.

Foto: Picture Alliance

Kelgusi yil Rossiyaning Ukrainaga qarshi boshlagan urushi uchun hal qiluvchi yil bo‘ladi, deydi Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak. 13 noyabr, dushanba kuni Vashingtondagi Gudzon institutida so‘zlagan nutqida u Qo‘shma Shtatlarni Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yanada kuchaytirishga va kelayotgan qish oldidan mamlakat havo hujumidan mudofaa tizimini mustahkamlashga ko‘maklashish uchun Kiyevga yana ham ko‘proq qurol-aslaha topshirishga chaqirdi. «Urushdagi burilish nuqtasi yaqinlashmoqda», deb hisoblaydi Yermak. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda Ukraina Qurolli kuchlarining qarshi hujumi olg‘a siljimoqda va Ukraina qo‘shinlari yaqin vaqtgacha Rossiya qo‘shinlari tomonidan to‘liq nazorat qilingan Dnipro chap qirg‘og‘ida mustahkam o‘rnashib olgan. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy g‘alabaga qanday erishishni biladi, deya ishonch bildirdi uning idorasi rahbari. Yermak, shuningdek, ukrainaliklar AQShdan ko‘rsatilayotgan yordam uchun nihoyatda minnatdor ekanini aytdi va Vashington xalqaro xavfsizlik tizimidagi yetakchi rolini saqlab qolishiga umid bildirdi. 

Bloomberg: Zalujniy bilan solishtirganda urush bo‘yicha optimistik fikr

Bloomberg’ning ta’kidlashicha, Gudzon institutidagi nutq va muhokamalar chog‘ida Yermak avvalroq Economist bilan intervyuda «boshi berk holat» haqida e’lon qilgan Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyga qaraganda urush haqida ancha optimistik fikr bildirdi. Yermak AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya va Fransiyadan milliy xavfsizlik maslahatchilari bilan uchrashib, ulardan yordam so‘rashini aytdi. 

Vashingtonga tashrifi chog‘ida Andriy Yermak AQSh davlat kotibi Entoni Blinken bilan muzokaralar o‘tkazdi. Blinken uchrashuv chog‘ida Kiyevga qishda Rossiyaning mamlakat fuqarolik infratuzilmasini ehtimoliy o‘qqa tutishiga qarshi turishda yordam taqdim etilishi to‘g‘risida va’da berdi. «Ukraina hukumati bilan bo‘lgan barcha suhbatlarimizda biz ularni qo‘llab-quvvatlashda davom etishimizni ochiq aytyapmiz», - dedi Davlat departamenti vakili Metyu Miller muzokaralar haqida. 

Yermak Blinken bilan uchrashuvni «muhim va samarali» deb atadi hamda «AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati, AQSh Kongressining ikkala palatasi va butun Amerika xalqiga misli ko‘rilmagan yordami uchun» minnatdorchilik bildirdi. «Qish yaqinlashar ekan, biz Rossiya raketa hujumi kuchayishini kutmoqdamiz. Shuning uchun haqiqatan ham Ukraina shaharlarini, muhim infratuzilma obektlarini, shuningdek, «don yo‘lagi» yo‘llarini himoya qiladigan havo mudofaasi va raketaga qarshi mudofaa tizimlari kerak», deb yozadi Yermak Telegram-kanalida. 

Andrey Yermak 14 noyabr kuni Kongressda amerikalik qonun chiqaruvchilar bilan uchrashishi rejalashtirilgan. 

Mavzuga oid