O‘zbekiston | 07:51 / 15.11.2023
5811
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondan Rossiyaga jo‘natilgan atirgul partiyasida karantin ostidagi hasharot aniqlandi

O‘zbekistondan eksport qilingan 3150 dona atirgul tadbirkorning roziligi bilan yoqish yo‘li orqali yo‘q qilingan.

Rossiyaga jo‘natilgan atirgul partiyasida karantin ostidagi hasharot aniqlandi, deb xabar bermoqda O‘simliklar karantini agentligi.

Qayd etilishicha, Rossiyaning Irkutsk viloyatiga Toshkent viloyati Zangiota tumanida yetishtirilgan 3150 dona atirgul jo‘natilgan. Dastlabki fitosanitar nazorat davomida o‘simlik tamaki oqqanoti hasharoti bilan zararlangani aniqlangan. Bu haqda tadbirkorlik sub’yekti ogohlantirilib, fitosanitar ruxsatnoma berilishi rad etilgan. 

Eksportyorga tamaki oqqanoti zararli karantin osti hasharoti hisoblanishi, qarshi kurash choralari haqida ko‘rsatma va tavsiyalar berilgan. Ogohlantirishga qaramay tadbirkorning kafolat xati asosida gullar partiyasi eksport uchun yuklatilgan. Zararlangan o‘simlikni mamlakat hududiga olib kirishga Rosselxoznadxor tomonidan ruxsat etilmagan va bu haqda tashkilot o‘zining rasmiy manbalarida ma’lum qildi.

O‘zbekistondan eksport qilingan 3150 dona atirgul tadbirkorning roziligi bilan yoqish yo‘li orqali yo‘q qilingan.

Rossiyaning Irkutsk viloyatiga jo‘natilgan 3150 dona atirgul bilan bir kunda boshqa tadbirkorlik sub’yekti tomonidan 9000 dan ortiq gul Markaziy fitosanitariya laboratoriyasi ekspertizasi xulosasi asosida fitosanitar ruxsatnoma rasmiylashtirilib, eksport uchun yuklatilgan. Bu partiyadagi o‘simlik mahsulotiga e’tiroz bildirilmagan.

Mavzuga oid