Jahon | 20:58 / 16.11.2023
12315
6 daqiqa o‘qiladi

Bayden va Si uchrashuvi: Tayvan va global muammolar muhokamalar markazida bo‘ldi

AQSh prezidenti va Xitoy raisi o‘zaro uchrashuvda Tayvan oroli masalasi, giyohvandlik vositalariga qarshi kurash, Rossiya-Ukraina mojarosi va G‘azo sektoridagi voqealar, texnologik sanksiyalarni muhokama qilishdi. 

Foto: AFP

AQSh va Xitoy giyohvandlik vositalariga qarshi kurash, harbiy aloqalar va sun’iy intellekt sohalarida hamkorlik qiladi. Bu haqda AQSh prezidenti Jozef Bayden San-Fransiskoda Xitoy rahbari Si Jinping bilan bo‘lgan uchrashuvdan so‘ng ma’lum qildi. 

«Biz Xitoy bilan munosabatlarda sezilarli yutuqlarga erishganimizga ishonaman. Qo‘shma Shtatlar va Xitoy Xalq Respublikasi uzoq yillardan so‘ng giyohvandlikka qarshi kurash bo‘yicha hamkorlikni qayta tiklaganini ma’lum qilishdan mamnunman», dedi Bayden jurnalistlarga. 

Baydenning ta’kidlashicha, fentanil 18-49 yoshdagi amerikaliklar o‘limining asosiy sababidir. 

«Bugungi kunda ushbu yangi tushuncha bilan biz Xitoydan G‘arbiy yarimsharga prekursor kimyoviy moddalar va tabletkalar oqimini sezilarli darajada kamaytirish bo‘yicha chora ko‘rmoqdamiz. Bu hayotni saqlab qoladi va men rais Si Jinpingning bu ishga sodiqligini qadrlayman», dedi AQSh rahbari. 

AQSh prezidenti Xitoy bilan harbiy jabhada «ochiq, aniq va to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotga qaytganliklarini» aytdi va bu rivojlanish «tanqidiy» ekanligini ta’kidladi. 

Bayden, shuningdek, AQSh va Xitoy «sun’iy intellekt bilan bog‘liq xavf va xavfsizlik masalalarini muhokama qilish uchun» o‘z mutaxassislarini yig‘ishini aytdi. 

Amerika yetakchisining aytishicha, xitoylik hamkasbi Si Jinping bilan uchrashuvda qator global muammolar, jumladan, Rossiya-Ukraina mojarosi va G‘azo sektoridagi voqealar yuzasidan fikr almashilgan. 

Baydenning aytishicha, Si Jinping bilan uchrashuvida u Tayvan bo‘g‘ozida tinchlikni saqlash muhimligini ta’kidlab, amerikalik biznes va ishchilarning mintaqadagi savdosini noqulay ahvolga solib qo‘yadigan vaziyatlarga qarshi chiqqan. 

«Bugungi ijobiy qadamlarimizni olqishlayman», dedi Bayden va AQSh bilan Xitoy «yuqori darajadagi diplomatiyani saqlab qolish va qo‘llab-quvvatlashda» davom etishini qo‘shimcha qildi. 

Xitoy rahbari Si Jinping Vashington ma’muriyatiga Tayvan mustaqilligini qo‘llab-quvvatlamaslik, eksport cheklovlari, sarmoya nazorati va bir tomonlama sanksiyalar orqali Xitoyning texnologik rivojlanishiga to‘sqinlik qilishga urinmaslik kerakligini aniq aytgan. 

Xitoy TIV ma’lumotlariga ko‘ra, uchrashuv chog‘ida ikki davlat rahbarlari Xitoy-AQSh munosabatlari yo‘nalishiga, shuningdek, butun dunyoda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga daxldor bo‘lgan keng qamrovli va strategik masalalar yuzasidan fikr almashgan. 

Uchrashuvda Si Jinping Tayvan muammosi va texnologik raqobat bo‘yicha kelishmovchilikning asosiy nuqtalari hamda ikki davlat o‘rtasidagi sog‘lom munosabatlarni saqlash tamoyillariga e’tibor qaratdi. 

«Qo‘shma Shtatlar Tayvan mustaqilligini qo‘llab-quvvatlashdan voz kechishi, Tayvanni qurollantirishni to‘xtatishi va uning Xitoy bilan tinch yo‘l orqali birlashishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarish uchun aniq qadamlar qo‘yishi kerak», dedi Xitoy prezidenti. 

Xitoy rahbari Pekin Tayvan bilan qayta birlashishga erishmoqchi va buning oldini olishning iloji yo‘qligini ta’kidladi. 

Si Jinping aytganidek, so‘nggi paytlarda Qo‘shma Shtatlarning chip sektoridagi eksport cheklovlari, ilg‘or texnologiyalarga sarmoya nazorati va bir tomonlama sanksiyalar Xitoyning qonuniy manfaatlariga zarar yetkazmoqda. 

«Xitoyning texnologik rivojlanishiga to‘sqinlik qilish sifatli rivojlanishni pasaytirish va Xitoy xalqini rivojlanish huquqidan mahrum qilish demakdir», dedi Xitoy rahbari. 

Xitoy rahbarining fikricha, dunyo ham AQSh, ham Xitoy uchun yetarli darajada katta. «Bir davlatning muvaffaqiyati boshqasi uchun imkoniyatdir», dedi u. 

Xitoy raisi ikki davlat rahbarlari o‘z xalqi, dunyo va tarix oldida katta mas’uliyatga egaligini ta’kidladi. 

«Xitoy va Qo‘shma Shtatlar kabi ikki yirik davlat bir-biridan yuz o‘gira olmaydi. Bu ikki davlat muvaffaqiyat qozonishi uchun Yer sayyorasida yetarlicha joy bor», dedi Xitoy rahbari. 

Xitoy raisi AQSh bilan munosabatlarida ikki yo‘l borligini ta’kidladi. «Biri birdamlik va hamkorlik orqali global xavfsizlik va farovonlikka ko‘maklashish, ikkinchisi dushmanlik va qarama-qarshilikni qo‘zg‘atishdir», dedi u. 

Si Jinping Xitoy gegemonlikka intilmasligini va hech kim bilan na sovuq, na issiq urush olib bormasligini ta’kidladi. 

«Xitoy taraqqiyotning qaysi bosqichiga yetib bormasin, u hech qachon gegemonlik yoki ekspansiyaga intilmaydi va hech qachon o‘z irodasini boshqalarga tiqishtirmaydi», deb yakunladi Xitoy rahbari.

Mavzuga oid