«Bizda bombalash to‘g‘risida buyruq bor. Sizda ikki soat». G‘azolik stomatolog yuzlab qo‘shnilarini qanday qutqargani haqida
«Hozir biz yana bir binoni bombalaymiz, keyin yana boshqasini. Yakunlamagunimizcha senga qo‘ng‘iroq qilamiz». G‘azo sektorida yashovchilardan biri Isroil razvedkasi odamlar evakuatsiya qilinishi uchun otishmalardan qanday ogohlantirib turganini aytib berdi.
Mahmud Shahinga birinchi qo‘ng‘iroq 19 oktyabr kuni tongda, Isroil G‘azoni bombalashni boshlaganining 12-kunida bo‘ladi.
Bu vaqtda u G‘azo sektori shimolidagi nufuzli Az-Zahro tumanida joylashgan ko‘p qavatli binoning uchinchi qavatidagi uch xonali kvartirasida edi. Bunga qadar bu hududda aviazarbalar deyarli kuzatilmagandi.
U ko‘chadan kelayotgan kuchli shovqinni eshitadi. Odamlar baqira boshlaydi. «O‘zimizni qutqarishimiz kerak, — deya baqiradi kimdir, — chunki ular ko‘p qavatli uylarni bombalaydi».
Mahmud uydan chiqib, xavfsiz joy qirib yo‘lning bu tomoniga o‘tganida uning telefoniga yashirin raqamdan qo‘ng‘iroq keladi.
«Sizga Isroil razvedkasi qo‘ng‘iroq qilmoqda», — deydi erkak kishining ovozi. Mahmudning so‘zlariga ko‘ra, qo‘ng‘iroq bir soatdan ortiq vaqt davom etgan va bu uning hayotidagi eng qo‘rqinchli pallalar bo‘lgan.
«Biz uchta ko‘p qavatli uyni bombalaymiz»
Telefonning narigi tomonidagi ovoz Mahmudga to‘liq ismi-sharifini aytib murojaat qiladi va arab tilida nuqsonsiz so‘zlaydi.
«U menga ular uchta ko‘p qavatli uyni bombalamoqchi ekanini aytdi va ushbu hududdagi odamlarni evakuatsiya qilishga buyurdi».
Mahmudning o‘ziga to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid bo‘lmagan, ammo kutilmaganda yuzlab kishilarni evakuatsiya qilish mas’uliyati uning zimmasiga tushadi. «Bu odamlar taqdiri mening qo‘limda bo‘lib qolgandi», — deydi u.
Mahmud fikrini bir joyga jamlaydi va o‘zini Abu Xolid deb tanishtirgan shaxsdan go‘shakni qo‘ymaslikni so‘raydi.
40 yoshli stomatologning so‘zlariga ko‘ra, nega aynan uni tanlashganini tushuna olmagan. Ammo shu kuni u o‘z qo‘shnilari xavfsizligini ta’minlash uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni bajargan.
Unga qachon va qanday bog‘lanish mumkinligini hamisha bilgan telefondagi noma’lum shaxsning aytganlari bo‘yicha harakatlanar ekan, u bombardimon qilishni to‘xtatishni o‘tinib so‘raydi va ovozi boricha baqirib odamlarni xavfsiz joyga ketishga chaqiradi. U odamlarni yoppasiga evakuatsiya qiladi, keyin esa uning ko‘z o‘ngida atrofdagi barcha narsa portlay boshlaydi.
Hozirgi mojaro vaqtida isroillik harbiylar ba’zida G‘azo aholisi vakillariga qo‘ng‘iroq qilib, ularni bo‘lajak havo zarbalari haqida ogohlantirayotgani yangilik emas. Mahmudning hikoyasi shunday qo‘ng‘iroqlardan biri haqida batafsil ma’lumot beradi.
Az-Zahroda yashovchilar ogohlantiruvchi qo‘ng‘iroq aynan unga bo‘lgani haqida aytib berishganidan so‘ng BBC Mahmud bilan bog‘langan.
Mahmud hodisadan uch hafta o‘tib bergan qo‘ng‘iroq mazmunini boshqa mustaqil manba orqali tasdiqlab bo‘lmaydi. Ammo uning hikoyasi o‘sha kuni feysbukdagi guruhda joylashtirilgan postga hamda havo zarbasidan oldin va keyin olingan sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga mos keladi.
Ochiq manbalarga ko‘ra, 19 oktyabr kuni Isroil harbiylari kamida 25 ta ko‘p kvartirali uylarni bombardimon qilib, yuzlab kvartiralar hamda butun bir tumanni yakson qilganidan keyin yuzlab kishilar boshpanasiz qolgani ma’lum. Bu odamlar qo‘liga ilingan buyumlarini ko‘tarib, butun G‘azo bo‘ylab qochishga majbur bo‘lgan.
TsAHAL harbiy obektlar bo‘ylab zarbalar berishi va o‘z harakatlari xalqaro huquq normalariga mos kelishini aytadi.
«Hamma ishonishi uchun ogohlantiruvchi zarba yo‘llang»
Mahmud avvaliga ushbu notanish shaxsning so‘zlariga ishonmaganini eslaydi. Atrofdagi odamlar bu tovlamachilar tomonidan qilinayotgan prank bo‘lishi mumkinligini aytishadi. Urush boshlanganidan buyon feysbukdagi guruh chatlarida isroilliklardan yolg‘on qo‘ng‘iroqlar haqidagi ogohlantirishlar hamda bunday qo‘ng‘iroqlarni evakuatsiya to‘g‘risidagi haqiqiy buyruqlardan ajratish bo‘yicha maslahatlar berib kelinadi.
Mahmud telefonning narigi tomonidagi shaxsdan odamlar bo‘layotgan voqeaning haqiqiyligiga ishonishi uchun ogohlantiruvchi zarba yo‘llanishini so‘raydi. U odamlar uxlayotgan bo‘lsa, ko‘chadagi chaqiriqni eshitmasligi, zarba ovozini esa eshitishi mumkin, deb hisoblaydi.
Va shunda tahdid ostida bo‘lgan turar joylardan biriga ogohlantiruvchi zarba beriladi. U kutilmaganda kelgandek tuyuladi, katta ehtimol bilan bu zarba dron orqali berilgan.
«Men bombardimonni boshlashdan oldin yana bir ogohlantiruvchi zarba berishni so‘radim», — deydi Mahmud. Shunda yana bir portlash ovozi eshitiladi.
Mahmud xavf real ekanini to‘la anglab yetganidan keyin suhbatdoshidan shoshilmaslik va zarba berishni kechiktirishni so‘ray boshlaydi. «Men unga dedim: bizni aldamang va evakuatsiya tugamagunicha bombalamang».
Mahmudning eslashicha, notanish shaxs vaqt berishini, chunki kimdir halok bo‘lishini istamasligini aytgan. Stomatolog esa bunga hech kim umuman jabr ko‘rmasligini istashini aytib javob qaytaradi.
U barcha qo‘shnilarnikiga kirib, ularni evakuatsiya bo‘lishga chaqirib chiqmagunicha go‘shakni qo‘ymaydi. Qo‘shnilardan biri eslashi, Mahmud «shunchaki qichqirgan», qolganlar esa unga qo‘shila boshlagan.
«Men qutqarish imkonim bo‘la turib, kimdir qolib ketishini istamasdim», — deydi Mahmud.
O‘sha kuni tongda yuzlab kishilar ko‘chaga chopib chiqishadi. Odatda tinch yashaydigan hudud aholisi qichqirib uyoqdan buyoqqa yugurardi, ayrimlar — bitta pijamada.
Az-Zahro tumani qurib borayotgan Vodi-G‘azo daryosi o‘zanidan shimolda joylashgan bo‘lib, Isroil armiyasi jangovar harakatlar boshlanganidan buyon mahalliy aholini janubga ketishga chaqirib keladi.
U zamonaviy turar joy binolari, shuningdek, kafelar, do‘konlar, universitetlar, maktablar va xiyobonlari bilan mashhur edi. Bombardirovka haqidagi xabarlardan keyin odamlar aynan xiyobonlarda to‘plana boshlaydi.
Mahmud nega u yashaydigan tuman havo zarbasi nishoniga aylanganini tushuna olmasdi. «Men ularni to‘xtatish uchun barcha ishni qildim, nega bizni bombalashni istayapsiz, deb so‘radim», — deydi u.
«U esa menga shunday javob qildi: sizga ko‘rinmaydigan, biz esa ko‘rib turgan narsalar bor». Mahmudning so‘zlariga ko‘ra, u nimani nazarda tutayotganini izohlab o‘tirmagan.
«Bu sen yoki mendan muhimroq odamlarning ixtiyori va bizda bombalash haqida buyruq bor», — deya qo‘shimcha qilgan qo‘ng‘iroq qilgan shaxs.
Binolar atrofida odam qolmaganida u Mahmudga hozir bombardirovka boshlanishini aytgan.
U esa vahimaga tushgan: agar ular xatolik bilan boshqa binolarni bombalasa-chi? «Kutib tur», — degan unga suhbatdoshi.
Tepadan Isroil harbiy samolyoti uchib o‘tgan. Mahmud o‘z uyiga qo‘shni joylashgan uchta ko‘p qavatli uylarga qarab turgan. Shunda ulardan biriga zarba berilgan.
«Bu bizga kerak bo‘lgan o‘sha minora, shunday ekan uzoqroq tur», — degan erkak telefon orqali u qulayotganida. Keyin yana ikki minora qulatilgan.
O‘sha kuni tongda Az-Zahroda olingan fotosuratlarda uchta turar joy o‘rnida hosil bo‘lgan xarobalarni ko‘rish mumkin, videoda esa mahalliy aholi vakillari aviazarba oqibatlariga qaragancha tentirab yurgani aks etgan.
Feysbukdagi guruh chatida mahalliy vaqt bilan soat 08:28 da qo‘yilgan xabarda uchta bino «tag-tubi bilan yer yuzidan supurib tashlangani» aytilgan.
Bombardimon qilish yakunlangach, telefondagi ovoz Mahmudga aytadi: «Biz tugatdik, qaytishingiz mumkin».
Mahmud aynan nimaning guvohiga aylanganini tushuna olmaydi. U bu hududda 15 yil yashagan, o‘z klinikasida yashagan va bolalarini tarbiyalagan.
«Men unga Az-Zahro — tinch joy ekanini, bu yerda hamma bir-birini tanishini aytdim. Men u buni tushunishini istardim. Bu chegara hududi emas, bizda hech qachon hech qanday to‘qnashuvlar bo‘lmagan. Bu yerda doim tinchlik hukm surgan», — deydi u.
O‘sha tongda feysbukdagi chatda qo‘shnilar uysiz qolganlarga boshpana, suv va yegulik berishi so‘ralgan post paydo bo‘ladi.
Odamlar vaqtincha boshpana yoki bir kunga tunash uchun joy axtara boshlaydi. Mahalliy rasmiylar yo‘llarni xarobalardan tozalash va yong‘inlarni o‘chirishga kirishadi.
Uyi shikastlanmaganlar uyga qaytadi. Ayrimlar xavfsizligidan qattiq qo‘rqa boshlaydi.
«Biz boshqa bombalash bo‘lmasligidan umid qilgancha, ortga [uylarimizga] jo‘nadik», — deydi mahalliy aholi vakillaridan biri.
Maxfiy raqamdan o‘tkazib yuborilgan qo‘ng‘iroq
O‘sha kuni kechqurun, kvartirasida namozini o‘qib bo‘lganidan keyin Mahmud telefonida yashirin raqamdan qilingan qo‘ng‘iroqni ko‘radi.
Uning ichi zil ketadi. «Men darhol yangi evakuatsiya va bombalash bo‘lishini tushundim, ammo men endi qaysi bino nishonligini bilmasdim. Bu mening uyim bo‘lishi ham, qo‘shni uy bo‘lishi ham mumkin edi», — deydi u.
Ammo ko‘p o‘tmay telefon yana jiringlaydi. Endi boshqa kishi gapiradi. U ertalabki voqealardan keyin ular Mahmud ishni uddalaydigan odam ekaniga amin bo‘lishgani va shuning uchun yana qo‘ng‘iroq qilishganini aytadi. U o‘zini Dovud deb tanishtiradi.
Bu odam o‘z hayotidagi ikir-chikirlarni bilishidan, o‘g‘lining ismini tilga olganidan Mahmud qattiq asabiylashadi.
Mahmudning so‘zlariga ko‘ra, keyin bu odam G‘azoda hozirda bu ishlar nega bo‘layotganini tushuntirishga uringan.
«U menga shunday dedi: «Sen ko‘rdingmi, ular [HAMAS] bolalarni pichoq bilan qanday qilib so‘yishganini?»…
«Men unga islom qonunlariga ko‘ra bu taqiqlanganini aytdim», — deya xotirlaydi Mahmud. U o‘z suhbatdoshini «kollektiv jazo bermaslik»ka chaqiradi, ammo bu foydasiz ekanini ham tushunib turardi.
Mahmudning so‘zlariga ko‘ra, bu odam unga kechasi yana bir qancha uyni yakson etishlari va stomatolog yana qo‘shnilariga evakuatsiya haqidagi buyruqni yetkazishi lozimligini aytadi.
Avvaliga unga zarbalar ertalab yo‘q qilingan uchta minoraga yondosh joylashgan ikki uyga, shuningdek yana bir ko‘p qavatli binoga yo‘llanishini aytishadi.
«U menga shunday dedi: „Biz siz odamlar bu hududlardan ketishi kerakligini yetkazishingni istaymiz“, men esa javob berdim: „Menga vaqt berishingiz kerak“».
Mahmud yana ishga kirishadi. «Biz barcha odamlarni, hatto uchinchi uydagilarni ham evakuatsiya qildik, chunki u ikkinchisiga juda yaqin joylashgandi», — deydi u.
Bu vaqtga kelib Az-Zahroda tun boshlangandi. Mahalliy aholi vakilining so‘zlariga ko‘ra, elektr o‘chirilgani tufayli ular ko‘chaga chiqqach, chiroq va mobil telefonlar orqali yo‘lni yoritishgan. Ayrimlar oldindan tayyorlab qo‘yilgan, ichida almashtirish uchun kiyimlar, suv, telefon va dorilar qutisi joylangan sumkalarni o‘zi bilan olgan. Boshqalar bunday qilib o‘tirmagan.
«Bu haqiqiy dahshat edi, — deya eslaydi mahalliy aholi vakillaridan biri Abdulla al-Xatib. — Biz qayerga borishni bilmasdik, biz o‘zimiz bilan hech narsa olishga ulgurmasdan, uydan otilib chiqdik».
«Atrofda hech narsa ko‘rinmasdi. Shunchaki evakuatsiya bo‘lish kerak edi, — deya yozadi WhatsApp tarmog‘ida o‘sha tundagi voqea guvohlaridan biri. — Men shunchaki oilam bilan birga jon saqlashni o‘ylardim».
Mahmud o‘zini Dovud deb tanishtirgan shaxs bilan gaplashib, odamlar zarba beriladigan hududni to‘liq tark etmagunicha vaqt cho‘zishga urinadi.
Keyin uchala uy yo‘q qilinadi. Mahmud bunga qarab turganida telefondagi ovoz yana uchta uy bombalanishini, keyin odamlar qaytishi mumkinligini xabar qiladi.
Ammo birdan reja o‘zgarib qoladi. Mahmudga ko‘chaning sharqiy tomonidagi barcha turar joylarni bombalash bo‘yicha qaror qabul qilinganini bildirishadi. Bu 20 dan ortiq ko‘p kvartirali uylar, ya’ni yuzlab kvartiralar degani edi.
«Ammo u yerda hali evakuatsiya qilinmagan odamlar bor, chunki bu uylar haqida ogohlantirish bo‘lmagandi, — deya e’tiroz bildiradi Mahmud. — Bizga hech bo‘lmasa ertalabgacha vaqt bering, odamlar tunni qayerda o‘tkazadi?»
«Biz buyruq olganmiz va biz bu ko‘p qavatli uylarni ikki soatdan keyin bombalaymiz», — deya javob qaytariladi unga.
Mahmud kvartaldan kvartalga chopib, odamlar bu hududni tark etishi uchun yana baqira boshlaydi.
Aholi katta yoshlilar baqirayotgan, bolalar esa yig‘layotgan xaosni eslab qolishgan. To‘s-to‘polonda ayrim ota-onalar va bolalar bir-birini yo‘qotib qo‘yishgan.
Vahima hukmron bo‘lganiga qaramay, Mahmud telefonni qo‘ymasdan bor kuchi bilan bombalashni ortga surishga urinadi.
U tomondagi kishi esa hech qanday hissiyot bildirmasdan, o‘sha ohangda gapirishda davom etadi.
«U menga hatto shunday dedi: „Hovliqma, sen ruxsat bermaguningcha men bombalamayman“».
«Bunga esa javob berdim: „Yo‘q, men ruxsat bermayman, men umuman bombalash bo‘lishini istamayman. Agar siz men odamlarni evakuatsiya qilishimni istayotgan bo‘lsangiz, men buni ularning xavfsizligi uchun qilyapman, ammo bombalashingiz mening ruxsatim bilan bo‘lmasligi kerak. Az-Zahroni bombalaydigan Mahmud Shahin bo‘lib qolmasin“».
Oxirgi uyda keksa nogiron ayol yashagan. Mahmud mahalliy aholidan uni olib chiqishga ulgurish uchun chopishni so‘raydi.
Odamlar shu atrofdagi keksalar uyi taqdiridan ham xavotirlanishadi. Ammo telefondagi odam «faqat turar joylar yo‘q qilinishi»ni bildiradi.
Mahmudning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha kuni kechqurun u qo‘shnilari bilan kuzatgan narsa «shunchaki navbatdagi bombardimon» bo‘lmagan, balki «binolar to‘liq yo‘q qilinishi» bo‘lgan, turar joylar birin-ketin yer bilan bitta bo‘lgan.
«Bu Az-Zahro» aholisi uchun juda og‘ir kecha edi», deydi u.
Mahalliy aholi vakillari keyinroq ijtimoiy tarmoqlarga joylagan fotosurat va videolarda o‘sha tungi bombardimon oqibatlarini ko‘rish mumkin edi.
«Ayni daqiqalarda Az-Zahroni bombalashmoqda. Xudoyim, bizga rahming kelsin», — deyiladi mahalliy vaqt bilan soat 21:11 da feysbukdagi chatda qoldirilgan postda.
Mahalliy aholi vakillaridan biri BBC nashriga ko‘chalarda hukmronlik qilgan xaosni tasvirlab bergan.
«Biz qayerga yo‘l olishni bilmasdik, — deya yozadi u WhatsApp orqali. — Kimdir maktabga borishni, boshqalar Nuseyrat tomon [Az-Zahrodan janubdagi qochqinlar lageri] harakatlanishni tavsiya etdi. Va shu mahal qaqshatkich bombalash boshlandi».
Mahmud telefondagi odamdan qo‘shnilarini qayoqqa yuborishi kerakligini so‘raydi.
«U aytdi: „Sharq yoki g‘arbga bora qolishsin“. Men unga dedim: „Sharqda ham oson emas, chunki uyoqda Al-Mug‘rak joylashgan va u yer ham allaqachon xavfsiz emas. Odamlar u yerga borishga qo‘rqishadi“».
«O‘shanda u taklif qildi: „Ularni g‘arbga, Falastin ko‘chasiga olib ket“. Men Falastin universitetini aytdim — va u bunga qo‘shildi».
Mahmud nafaqat qo‘shni uylarda yashagan aholi, balki vaqtincha ushbu hududga kelib turgan odamlardan iborat guruhga yo‘lboshchilik qiladi. Bu odamlar G‘azoning shimoldagi boshqa hududlaridan qochib kelib, Az-Zahrodan boshpana topgandi.
Tuman aholisining boshqa vakillari ham ularning barchasi universitet tomon yo‘lga tushganini aytishgan. Feysbukda tarqalgan kadrlarda odamlar piyoda yoki mashinalarda shu yo‘nalishda harakatlanayotganini ko‘rish mumkin.
Mahmud go‘shakni qo‘yadi. Ammo darhol uning qo‘shnisiga telefon qilinadi
Mahmud universitetda kelgan odamlar tashqaridagi portlash ovozlarini qanday qo‘rquv bilan eshitib o‘tirgani haqida eslaydi. Qo‘rqib ketgan itlar ayollar va bolalar orasiga yashirinishga uringan.
Qaysidir pallada telefondagi ovoz Mahmudning telefoni quvvati qancha qolganiga qiziqadi. 15 foiz qolgandi. Undan telefonni o‘chirish va quvvatni ehtiyot qilish so‘ralib, keyinroq yana qo‘ng‘iroq qilishlari aytiladi.
Chindan ham tez-tez qo‘ng‘iroq qilingan. «Ular menga shuni aytish uchun telefon qilishadi: „Hozir biz yana bir binoni bombalaymiz, keyin yana bir binoni“. Ular shunday deyishdi: „Biz ishni tugatmagunimizcha senga qo‘ng‘iroq qilamiz“».
Qaysidir pallada uning qo‘shnisiga telefon bo‘ladi va ikkinchi tomondagi ovoz go‘shakni Mahmud Shahinga uzatishni so‘raydi.
Mahmud butun kun davomida o‘z rafiqasi va besh farzandidan o‘zini uzoqda tutadi, birinchidan, odamlarni evakuatsiya qilish bilan band edi, qolaversa, Isroil razvedkasi bilan kontakt tufayli o‘zi ham nishon bo‘lishidan qo‘rqadi.
Universitetda u o‘z yaqinlari holidan birrov xabar oladi va keyin ularni yana yolg‘iz qoldiradi.
Az-Zahro aholisi tunni uyqusiz o‘tkazadi. Odamlar Mahmuddan yangilik va javob kutishardi.
«Ular so‘rashardi: „Ey, doktor, ular hali telefon qilmadimi, biz qaytishimiz mumkinligini aytishmadimi? Keyingi safar qayerga zarba berilishini aytishmadimi?“»
Tong otadi. «Bombalash shu vaqtgacha davom etmoqda», — deyilgan mahalliy vaqt bilan 08:53 da feysbukda qo‘yilgan postda.
Tunda olingan va ijtimoiy tarmoqlarga joylangan kadrlarda osmonda to‘q sariq rangdagi chaqin ko‘rinadi. Ertalabki kadrlarda esa shahar uzra quyosh bilan birga ko‘tarilayotgan tutun ustunlari aks etgan.
Mahmud va o‘zini Dovud deb atagan shaxs ko‘chada barchasi tinchiguncha gaplashishda davom etadi. Keyin qo‘ng‘iroq birdan uziladi va Az-Zahro aholisiga keyingi harakatlar bo‘yicha ko‘rsatmalar kelmaydi.
«Ular bizga uyga qaytish yoki evakuatsiya bo‘lishimiz yoki bu hududni butunlay tark etishimiz kerakligi haqida indashmadi. Shuning uchun odamlar kun yarmigacha kutishdi va shundan keyingina harakatga tushishdi», — deydi Mahmud.
Keyingi soatlar va kunlarda Az-Zahro hududidagi jamoat ham G‘azoning boshqa jamoatlari kabi o‘z mavjudligini to‘xtatdi.
«Agar uy butun qolgan bo‘lsa ham, kommunal xizmatlar qolmagandi, kanalizatsiya shikastlangan, novvoyxonalar yo‘q, supermarket yo‘q, suv va elektr ham yo‘q», — deydi Mahmud.
Mahmudning o‘zi yashagan uy ham shikastlangan, ammo omon qolgan. U 15 yil mobaynida stomatologiya klinikasini yuritgan va hurmat qozongan hudud esa endi mavjud emasdi. Uning Az-Zahroda qiladigan ishi ham qolmagandi.
U G‘azoning boshqa hududiga ko‘chib o‘tib, do‘stining odamlar shusiz ham ko‘p bo‘lgan uyida yashay boshlaydi.
«Men endi o‘z klinikam yoki uyim haqida o‘ylamayman, men faqat omon qolish va yashashda davom etish uchun duo qilyapman, — deydi u. — Moddiy narsalar hech narsani bildirmaydi, chunki istalgan vaqtda halok bo‘lishing mumkin, shunday ekan, biz endi boshqa narsalar haqida o‘ylay olmaymiz».
Isroil G‘azo aholisini aviazarbalar haqida telefon qo‘ng‘iroqlari, sms-xabarlar yoki havodan varaqalar yog‘dirish orqali oldindan ogohlantiradi. Ammo ayrim holatlarda odamlar zarbalar haqida oldindan ogohlantirish bo‘lmaganini aytishadi.
TsAHAL vakili BBC bilan suhbatda «HAMAS terrorchilik tashkilotini yo‘q qilish missiyasi doirasida [TsAHAL tomonidan] G‘azo sektorida faqat harbiy obektlar»ga zarba berilayotganini bildirgan.
Bayonotda aytilishicha, harbiy obektlar bo‘ylab zarbalar «xalqaro huquqning tegishli qoidalari, jumladan, tinch aholi orasida qurbonlarni kamaytirish bo‘yicha barcha amaliy choralarni ko‘rgan holda» amalga oshiriladi.
«HAMAS G‘azo sektorining butun hududidan Isroilga hujum qilishda davom etmoqda. HAMAS fuqarolik infratuzilmasiga singib ketgan va butun G‘azo sektori bo‘ylab faoliyat ko‘rsatmoqda. Isroil mudofaa armiyasi ushbu hujumlarni to‘xtatishga qat’iy qaror qilgan va shuning uchun biz HAMASga qayerda zarur bo‘lsa, o‘sha yerda zarbalar beramiz», — deyilgan bayonotda.
HAMAS nazorati ostidagi G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, urush boshlanganidan buyon Isroilning aybi bilan 10 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan, shuning uchdan bir qismi bolalar hisoblanadi. Isroilning havodan zarbalari HAMASning 7 oktyabr kungi hujumlariga javoban amalga oshirilmoqda, o‘shanda Isroilning sektor bilan chegara hududlarida o‘tkazilgan reydlar oqibatida 1400 dan ortiq kishi, jumladan, ayollar va bolalar o‘ldirilgan, 200 dan ortiq kishi garovga olingandi.
Mahmudning sa’y-harakatlari tufayli Az-Zahro bo‘ylab zarbalar berilgan kunda uning qo‘shnilaridan hech kim halok bo‘lmagan. Ammo uning hikoyasi falastinliklar orasidagi vahima va ularning umidsiz holatini ochib beradi, ular o‘z uylari hamda ular uchun qadrli bo‘lgan barcha narsa yakson etilishiga tomoshabin bo‘lishga majbur.
BBC Az-Zahrodagi oilalarning ko‘plab a’zolari bilan gaplashgan — bu tumanda saralangan mutaxassislar va tadbirkorlar yashab kelishgan. Ular tinchlik davrida kunlarini sohilda falafel va pitssa tanovul qilish bilan o‘tkazishgan, ularning farzandlari kun botgunicha futbol o‘ynash bilan band bo‘lishgan.
Material Muat Al-Xatiba, shuningdek BBC Arab xizmati jurnalisti Dima Al-Bobiliy ishtirokida tayyorlangan.
Mavzuga oid
09:17 / 24.11.2024
Isroil Bayrutga zarba berdi. Kamida 20 kishi halok bo‘lgan
10:30 / 23.11.2024
Xalqaro sud qarori: Netanyahu va Gallant hibsga olinsa nima bo‘ladi?
22:51 / 22.11.2024
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
14:54 / 22.11.2024