Jahon | 15:17 / 16.11.2023
3990
4 daqiqa o‘qiladi

ICIJ: Kipr firmalari rossiyalik oligarxlarga sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam beryapti

Jurnalistlarning ma’lum qilishicha, hatto G‘arbning urushga qarshi sanksiyalari ostida ham Kipr rossiyalik milliarderlar manfaati uchun amalga oshirilgan moliyaviy operatsiyalar markazi bo‘lib qolgan. 

Foto: picture-alliance/AP

2014 yildan beri Kipr hukumati Qrimning anneksiya qilinishi va keyinchalik Rossiyaning Ukrainada to‘liq miqyosli harbiy harakatlar boshlashi munosabati bilan G‘arb sanksiyalari ostida qolgan yuzga yaqin rossiyaliklarga pul yuvishda yordam berdi. Bunday xulosalar ICIJ jurnalistlar assotsiatsiyasi tomonidan 14 noyabr kuni e’lon qilingan Cyprus Confindencials surishtiruvida keltirilgan

Surishtiruvda 54 mamlakat va dunyoning bir hududidan 270 dan ortiq jurnalist ishtirok etdi. Noqonuniy aktivlarni aniqlash uchun ular 1990-yillarning o‘rtalaridan 2022 yil apreligacha yashiringan ichki hujjatlarni, jumladan, moliyaviy hisobotlarni, bank hisobi arizalari va elektron pochta xabarlarini tahlil qilib chiqqan. 

«Kipr modeli» qanday ishlaydi? 

«Kipr modeli» sifatida tanilgan orolning iqtisodiy tizimi Yevropa Ittifoqidagi eng zaif moliyaviy ma’lumotlarni oshkor qilish qonunlaridan biriga ega bo‘lgan moliyaviy sektorga, nisbatan yengil markaziy bank siyosatiga va 200 milliard dollardan ortiq Rossiya investitsiyalari sunamisiga tayanadi, bu esa oligarxlarga katta ta’sir ko‘rsatdi», - dedi jurnalistlar ushbu ish natijalaridan keyin. 

Ularning fikricha, «Kipr modeli» asosidagi «klanizm»ning tipik misoli 2013 yildan 2023 yil boshigacha Kipr prezidenti lavozimida ishlagan Nikos Anastasiadisdir. Surishtiruv mualliflari aniqlaganidek, Anastasiadis prezident lavozimiga kirishdan oldin offshor xizmatlar ko‘rsatuvchi va rossiyalik mijozlar uchun juda jozibador bo‘lgan yuridik firmaga asos solgan. 

Kipr sobiq prezidentining rossiyaliklar tomonidan pul yuvishdagi ehtimoliy roli 

ICIJ media hamkori - OCCRP loyihasining 2019 yildagi surishtiruvi shuni ko‘rsatdiki, Anastasiadis lavozimga kirishgunga qadar uning advokatlik firmasida «keng miqyosdagi pul yuvish operatsiyalari, shu jumladan Rossiya rahbariyati bilan bog‘liq operatsiyalarga aloqador bo‘lgan soxta kompaniyalar xodimlari bo‘lgan».

Mualliflarning eslatishicha, lavozimga kirishgach, Anastasiadis firmani ikki qizi va boshqa sheriklariga qoldirib, Moskvaga jo‘nab ketgan va u yerda Putin bilan uchrashgan hamda yaqinroq iqtisodiy va moliyaviy aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarni muhokama qilgan. 

ICIJ so‘roviga javoban, Anastasiadis tomonidan asos solingan firma shunday ma’lumot berdi: «Biz qat’iy aytmoqchimizki, yuridik firmamizning hech bir a’zosi qonunbuzarlik bilan shug‘ullanmagan. Bu ayblovlar mutlaqo asossizdir». 

Kipr hukumatining reaksiyasi

Surishtiruvchilar ma’lumotlariga ko‘ra, 2014 yildan beri Kipr firmalari Qrimning anneksiya qilinishi va Rossiyaning Ukrainada harbiy harakatlar boshlashi ortidan g‘arb sanksiyalari ostida qolgan jami 96 nafar rossiyalikning manfaatlarini ko‘zlab ish tutgan. Ulardan 67 nafari Forbes 2023 milliarderlari ro‘yxatiga kiritilgan. Surishtiruvchilar fikricha, yirik shirkatlardan birining Kiprdagi filiali ham rossiyalik oligarxlarga yordam berishda ishtirok etadi. 

Umuman olganda, ICIJ assotsiatsiyasi jurnalistlari 2014 yildan beri sanksiyaga uchragan rossiyaliklarga tegishli bo‘lgan yoki ularning nazorati ostida maxfiy yurisdiksiyalarda ro‘yxatdan o‘tgan 800 ga yaqin kompaniya va trastlarni aniqladi. Maxfiy yurisdiksiyalar - bu past soliq rejimlari va korporativ egalari uchun anonimlikni ta’minlaydigan mamlakatlar va hududlar, deb tushuntiradi mualliflar. 

ICIJ savollariga javoban, Kipr hukumati vakili «2013 yildan beri Kipr doimiy sa’y-harakatlarni amalga oshirdi va o‘z bank sektorini barqarorlashtirishga muvaffaq bo‘ldi hamda pul yuvishga qarshi kurashda ham, sanksiyalarni qo‘llashda ham yetakchi yurisdiksiyaga aylandi», deya ma’lum qildi. 

Mavzuga oid