Jahon | 16:24 / 18.11.2023
13929
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada 90-yillardagi eng taniqli yollanma qotil Sasha Soldat ozodlikka chiqdi

Rossiyada «Orexovskaya» uyushgan jinoiy guruh killeri, Sasha Soldat laqabli Aleksandr Pustovalov Tver viloyati Monino qishlog‘idagi qattiq tartibli koloniyadan ozod qilindi, deb xabar bermoqda RIA «Novosti». 

Foto: Wikipedia

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, u 18 noyabr kuni ozodlikka chiqarilgan.

Pustovalovning «yaqin soatlarda» ozod etilishi mumkinligi haqida 17 noyabr kuni kechqurun «Vesti. Dejurnaya chast» ko‘rsatuvi xabar bergan.

«Zvezda» telekanali xabariga ko‘ra, Pustovalov OAV e’tiborini tortmaslik uchun koloniyani yashirincha tark etgan. REN telekanali Pustovalov ozod etilishidan oldin Torjokdagi koloniyaga o‘tkazilgani haqida xabar berdi, killer aynan o‘sha yerdan ozod qilingan. 

«Moskovskiy komsomolets» ma’lumotiga ko‘ra, Pustovalov 16 noyabr kuni koloniya hududidan «yashirin tarzda» olib chiqib ketilgan.

Jinoyat olami yetakchilari va huquq-tartibot idoralari xodimlarini o‘ldirgan Aleksandr Pustovalov 24 yil qamoqda o‘tirdi. U 1999 yilda 30 dan ortiq odamni o‘ldirganlikda ayblanib qo‘lga olingan. 

«Kommersant» yozishicha, Pustovalov tergov bilan kelishuvga erishgan va uning qamoq muddatiga ta’sir qilgan boshqa jinoiy ishlarni ochishga yordam bergan.

Oktyabr oyida Tver viloyatining Nelidovskiy tumanlararo sudi Pustovalov ustidan ma’muriy nazorat o‘rnatishni so‘ragan 9-sonli axloq tuzatish koloniyasi ma’muriy da’vosini qanoatlantirdi. U ozod qilinganidan keyin uch yil davomida politsiyada ro‘yxatdan o‘tishi kerak, shuningdek, Moskvadan chiqib ketishi va tunda ko‘chaga chiqishi taqiqlangan.

Rossiya Federal jazoni ijro etish xizmatining Tver viloyati bo‘yicha boshqarmasi bu haqda izoh bermadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid