Jahon | 08:41 / 18.11.2023
7706
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada VPN-provayder birinchi marta «chet el agenti» deb e’lon qilindi

Rossiya Adliya vazirligi aktrisa Yana Troyanova, jurnalist Ilya Ber, «Nochlejka»ning sobiq rahbari Grigoriy Sverdlin, siyosatshunos Aleksandr Morozov va The Moscow Times internet-nashrini «chet el agentlari» ro‘yxatiga kiritdi. 

Foto: Yevgeniy Razumnyy/Vedomosti/TASS

17 noyabr, juma kuni Rossiya Adliya vazirligi «chet el agentlari» ro‘yxatini yana bir bor kengaytirdi. Ro‘yxatga birinchi marta VPN-provayder kiritildi – HideMyName VPN-servisiga egalik qiluvchi Hidemy.network Ltd kompaniyasi. Mahkama ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya «chet el agentlari» materiallarini, shuningdek, Rossiya hukumati qarorlari haqidagi «ishonchsiz ma’lumotlarni» tarqatgan

Bundan tashqari, rossiyalik aktrisa Yana Troyanova «chet el agentlari» ro‘yxatiga kiritilgan. Vazirlikning ta’kidlashicha, u Rossiya hukumati siyosati haqida «feyklar» tarqatgan va Rossiya armiyasining salbiy imijini yaratishga harakat qilgan. Troyanovadan tashqari ro‘yxat jurnalist va «Provereno.Media» sayti yaratuvchisi Ilya Ber, «Nochlejka» loyihasining sobiq rahbari Grigoriy Sverdlin, siyosatshunos Aleksandr Morozov, shuningdek, The Moscow Times internet-nashri bilan to‘ldirildi.

O‘zini «Chet el agentlari» ro‘yxatiga kiritgan yigit

Bundan tashqari, «chet el agenti» sifatida faoliyat yuritish niyatida bo‘lgan shaxsning arizasi asosida M.I.Nikandrov reyestrga kiritildi», — deyiladi Adliya vazirligi xabarida. «Xolod» internet-jurnaliga ko‘ra, gap pskovlik jurnalist Marat Nikandrov haqida ketmoqda. 

Shu bilan birga, The Insider nashrining yozishicha, Nikandrov 19 yoshda bo‘lib, u o‘zini hazillashib ro‘yxatga kiritgan. «Aslida, men buni [ro‘yxatga qo‘shilish] mumkin deb o‘ylamagan edim, ya’ni, bu o‘z-o‘zidan sodir bo‘ldi, rostini aytsam. Men pasport ma’lumotlarimni, keyin SNILS va INNni kiritdim. Ular na boshqa ma’lumotni, na mablag‘ manbasini, umuman, boshqa hech narsani so‘ramadi», — deya yigitning so‘zlarini keltiradi nashr. 

Bir necha yuzlab «chet el agentlari» 

Rossiyada «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun 2012 yilda paydo bo‘lgan. O‘shandan beri bir necha yuzlab tashkilotlar va shaxslar taqiq ro‘yxatiga kiritildi. 

Jismoniy shaxslar – «chet el agentlari» reyestri 2022 yil aprel oyi boshida ishga tushirilgan bo‘lib, u NNTlar – «chet el agentlari», OAV – «chet el agentlari» va ro‘yxatdan o‘tmagan tashkilotlar – «chet el agentlari» ro‘yxati bilan bir qatorda to‘rtinchi ro‘yxat bo‘ldi. 2022 yil dekabr oyidan boshlab qonun, Rossiya rasmiylariga ko‘ra, «chet eldan yordam oladigan» va «xorijiy ta’sir ostida» bo‘lganlarni «chet el agentlari» deb e’lon qilish imkonini beradi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid