O‘zbekiston | 11:26 / 19.11.2023
8258
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda bodring va uzum narxi oshganiga izoh berildi

Foto: Kun.uz

Qishloq xo‘jaligi vazirligi noyabr oyida bodring va uzum narxi ko‘tarilishi bo‘yicha ma’lumot berdi.

Xabarga ko‘ra, bugungi kunda ochiq dalalarda yetishtirilgan bodring hosili yig‘ishtirib olinib, iste’molchilarga yetkazib berildi. Ochiq dalalarda yetishtirgan mahsulotlarning narxi mavsumda 1 kg uchun o‘rtacha 1,5–2 ming so‘mni tashkil qildi. Oldingi yillarda ham noyabr oyi o‘rtalariga kelib bodring narxi o‘sishi kuzatilgan. Jumladan, 2021 yilda oldingi oylarga nisbatan noyabrda 1,3 barobarga, 2022 yilda 1,9 barobarga oshgan. 

Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 27 oktyabrdagi 567-sonli qarori qabul qilinib, issiqxonalarga kafolatlangan tabiiy gaz yetkazib berish belgilangandan so‘ng issiqxonalarda ekin ekish ishlari boshlandi. Issiqxonada yetishtirilayotgan mahsulotlar noyabr oyi 3-dekadasi va dekabr oyi boshidan terimi boshlanishi bilan ichki bozorda narxlar barqarorlashishi prognoz qilinmoqda. 

Ko‘p yillik monitoring kuzatishlarga ko‘ra, noyabr–dekabr oylarida uzum mahsulotlari saqlash uchun joylashtirilishi unga bo‘lgan narxlar oshishiga olib keldi. Xususan, 2022 yil noyabr oyi narxi oktyabrga nisbatan 111,5 foizga oshgan bo‘lsa, joriy yilda mos ravishda bu ko‘rsatkich 119 foizga o‘sgan.

Jumladan, mahsulot navi bo‘yicha husayni 15–25 ming so‘m, toyfi 15–20 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, ichki va tashqi bozorda xaridorgir bo‘lgan rizamat ota, mersedes kabi navlariga talab oshgan (1 kg 90 ming so‘m atrofida).

«Shu o‘rinda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining narxlari oshishi bilan bog‘liq vaziyat tabiiy holat bo‘lib, bu qish mavsumi uchun issiqxonalarda bir muddat tayyorgarlik ishlari natijasida yuzaga kelgan», deyiladi xabarda.

Mavzuga oid