Jahon | 13:33 / 21.11.2023
5998
4 daqiqa o‘qiladi

«Chegara bilmas shifokorlar» G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi

«Chegara bilmas shifokorlar» tashkilotining Germaniya bo‘limi direktori G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish zaruratini gumanitar sabablar bilan izohladi.

Foto: Ismail Zanoun/AFP

«Chegara bilmas shifokorlar» gumanitar tashkilotining Germaniya bo‘limi direktori Kristian Katser 20 noyabr, dushanba kuni G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish zarurligini ma’lum qildi. Bu G‘azoga gumanitar yuklar yetkazilishi va mintaqa aholisi xavfsiz hududlarga ketish imkoniyatiga ega bo‘lishi uchun zarur, dedi Katser Germaniyaning ARD telekanalida.

Katserga ko‘ra, G‘azo sektoridagi tinch aholiga hozir oziq-ovqat va ichimlik suvi yetishmayapti. Bundan tashqari, ko‘plab yaradorlar yordamga muhtoj. «Hamma narsa yetishmayapti», deydi u.

«Chegara bilmas shifokorlar» gumanitar karvoniga hujum

«Chegara bilmas shifokorlar» tashkiloti 19 noyabr kuni G‘azo sektorida o‘zining gumanitar karvoniga uyushtirilgan hujum oqibatida bir kishi halok bo‘lgani va bir kishi jarohatlangani haqida xabar berdi. Karvon 137 kishini, yordam xodimlari va ularning yaqinlarini anklav janubidagi xavfsiz hududga olib ketayotgan edi. Ular orasida 65 nafar bola ham bo‘lgan. Hujum ortida kim turganiga aniqlik kiritilmagan. Tashkilot bayonotida aytilishicha, mojaroning har ikki tomoni evakuatsiya haqida ogohlantirilgan va karvondagi barcha mashinalarda «Chegara bilmas shifokorlar» belgisi aniq ko‘rinib turgan.

Hujum G‘azoda gumanitar tashkilotning mahalliy idorasi yaqinida sodir bo‘ldi. Xuddi shu shaharda Ash-Shifo kasalxonasi joylashgan bo‘lib, uning hududida so‘nggi kunlarda faol harbiy harakatlar olib borilmoqda.

Isroil harbiylari HAMAS tunnelini ko‘rsatdi

Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) 15 noyabr kuni Ash-Shifo kasalxonasiga hujum uyushtirilganini e’lon qildi. Unga ko‘ra, majmua ostida HAMAS jangchilari uchun 55 metrlik tunnel, qo‘mondonlik punkti va qurol-yarog‘ ombori joylashgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) 18 noyabrdagi hisobotiga ko‘ra, 25 tibbiyot xodimi va 291 bemor kasalxonada qolmoqda, jumladan 32 nafar bolaning ahvoli og‘ir.

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 13 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid