Jahon | 23:38 / 21.11.2023
21474
17 daqiqa o‘qiladi

Migrantlarni «quvish» va demokratlarni qamash. Tramp saylovni yutish uchun qanday reja ishlab chiqdi?

Roppa-rosa bir yildan keyin AQShda prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi. Respublikachilar partiyasidan katta ehtimol bilan Donald Tramp nomzod sifatida ko‘rsatiladi. U partiyadosh raqobatchilari bilan hatto bahslashmayapti, debatlarda ham ishtirok etgani yo‘q. Sobiq prezident kelasi saylovda yutib chiqqanidan keyingi qilajak ishlari haqida gapirmoqda.

Foto: AP

U mashhur demokratlarni qamashni, millionlab noqonuniy migrantlarni deport qilish haqida gapirib, so‘lchilarni «qumursqa»lar deb atadi. Uning tarafdorlari o‘n minglab mulozimlar o‘rniga o‘z tarafdorlarini qo‘yishmoqchi. Kongress va sudlar esa bu rejani amalga oshirishga tayyor. «Meduza» Trampning prezident bo‘lish ehtimoli qanchalik ekanini tahlil qildi.

Tramp aynan nima dedi?

«Veteranlar kunida (11 noyabr – tarj.) buyuk veteranlarimiz nomi bilan ont ichamizki, mamlakatimizda qumursqaday yashab hammani aldayotgan, o‘marayotgan Amerika va Amerika orzusini yo‘q qilish uchun qonuniy-noqonuniy barcha ishlarni qilayotgan kommunistlar, marksistlar, fashistlar va so‘lchi-banditlarni yo‘q qilamiz», dedi Tramp.

Sobiq prezident bu gaplarni avvaliga o‘ziga teshishli Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozdi, keyin Nyu-Hempshir shtatidagi mitingda fikrini takrorlab, qo‘shimcha qildi: «Haqiqiy xavfni radikal o‘ngchilar emas, radikal so‘lchilar keltirib chiqarib, bu xavf kun sayin ortib bormoqda. Tashqi xatarlar ichkaridan bo‘ladigan xatar kabi jiddiy emas», dedi u.

O‘zi shundog‘am keskin bayonotlar bilan chiqish qilishni yoqtiradigan Tramp oxirgi vaqtlarda ayniqsa agressiv monologlarga zo‘r berdi. Oqibatda jurnalistlar uni ochiqchasiga fashistlar Germaniyasi yetakchisi Hitlerga qiyoslashmoqda. Sobiq prezident ispan tilidagi Univision nashriga bergan intervyusida saylovda g‘olib bo‘lsa, raqiblarini qamashi haqida gapirdi. Nyu-Hempshirdagi mitingda esa buni qay tarzda amalga oshirishini aytib berdi.

«AQSh tarixida birinchi marta amaldagi ma’muriyat o‘z raqibiga qarshi jinoiy ish ochdi. Bu esa men ham shunday qilish huquqiga egaligimni anglatadi. Men Oq uyda o‘tiraman-da, oldimga kirib shunday deyishadi: «Ser, bir demokratning reytingi oshib bormoqda», deyishadi. Men esa: «Ular menga qilgan ishlarini qilishga haqqim bor – unga qarshi yo‘lni belgilanmagan joydan kesib o‘tgani uchun ish qo‘zg‘ating», deb buyuraman», degandi Tramp.

Nyu-Hempshirdagi mitingda u Baydenning g‘alabasini tan olmaganidan g‘ururlanishi, shuningdek, narkotik sotuvchilarni qatl qilish kerakligini aytdi. Ayovedagi uchrashuvda AQSh tarixidagi eng yirik migrantlarni deportatsiya qilish operatsiyasini o‘tkazishga so‘z berib, boshqa bir mitingda «migrantlar mamlakatimizning qonini buzyapti» dedi.

AQShning yetakchi siyosiy nashri The Washinton Post Trampning so‘zchisi Stiven Chengga aloqaga chiqib, nega sobiq prezidentning chiqishlari borgan sari fashistlar Germaniyasi yetakchisi Adolf Hitler va italyan diktator Benito Mussolini eslatib yuborayotgani haqida so‘radi. Trampning vakili esa bu o‘xshatishga shunchaki kulib qo‘ygan. Keyin «bunday o‘ylaydiganlar Tramp Oq uyga qaytganida daf bo‘lishini» qo‘shimcha qilgan.

Foto: Getty images

Nega bu gaplarni jiddiy qabul qilish kerak?

Tramp 2017 yildan 2021 yilgacha AQSh prezidenti bo‘lgandi. U o‘z rejasida asosiy uchta tahdidni belgilab olgan: sudlar, kongress va byurokratiya. Shundan buyon Tramp va tarafdorlari bu muammoga yechim izlab kelishadi. Sobiq prezident Oq uyni boshqargan vaqtda u tomonidan tayinlangan mulozimlar 246 ta sud ishidan 192 tasida yutqazadi.

Masalan, 2017 yilda sud Trampga musulmon davlat fuqarolariga AQShga kirishni taqiqlovchi rejasini tezkor amalga oshirishga ruxsat bermagandi. Keyin Tramp bu muammoni hal qilishning «yo‘lini topdi»: u 4 yil ichida Barak Obama 8 yilda tayinlaganiga teng miqdorda sudyalar tayinladi.

Respublikachi nomzod uchun mamlakat Oliy sudidagi o‘zgarish ayni muddao bo‘ldi. Liberal sudya Rut-Beder Ginzburg vafot etgach, Tramp saylovga ikki oy qolganida uchta sudni o‘tkazib, konservatorlar ko‘pchiligini saqlab qolishga erishdi. Bu respublikachilarga barcha sud ishlarida g‘olib bo‘lish imkonini bermaydi, lekin federal abort huquqini bekor qilish kabi islohotlarni o‘tkazib olishda asqotadi.

Tramp boshqaruvidagi ikki yilda respublikachilar kongressning ikkita palatasini ham nazorat qilishdi, lekin bu ustunlik ularga faqat soliq islohotini o‘tkazishga imkon berdi xolos. Chunki respublikachilar ichida o‘z partiyadoshi bo‘lgan prezident g‘oyalarini qo‘llamaydigan obro‘li siyosatchilar qolgandi. Masalan, senator Makkeyn Oq uyga Obama davridagi tibbiy sug‘urta islohotini o‘zgartirishga imkon bermaydi.

Ammo hozir vaziyat boshqacha. Tramp respublikachilar partiyasini o‘zining qarorlarini qo‘llamaydiganlardan «tozalashga» erishdi. 2021 yil yanvardagi Kapitoliyga bosqinni ochiqchasiga qo‘llaganlar ovoz berish huquqidan mahrum qilindi. Qolgan «norozilar» esa praymeriz vaqtida safdan chiqarildi. Respublikachilar ichidagi fraksiyalar o‘rtasidagi kurashda ham radikal trampchilar o‘rtacha trampchilar ustidan g‘alabaga erishdi.

Agar noyabr oyidagi saylovlarda respublikachilar kongressning har ikki palatasi ustidan to‘liq nazoratni qaytara olsa, parlament katta ehtimol bilan Oq uy taklif qiladigan har qanday islohotni muammosiz tasdiqlaydi.

Nihoyat, Trampning tarafdorlari ular «chuqur davlat» deb ataydigan eski siyosatchilar bilan kurashish haqida va rejalari xususida ochiq gapirishmoqda. Ularning asosiy nishoni – AQSh adliya vazirligi. U mamlakatdagi eng qudratli tashkilotlardan biri bo‘lib, prokuratura vazifasini bajaradi, FQBni nazorat qiladi va eng asosiysi, doim prezidentga bo‘ysunmaydigan tuzilma bo‘lib kelgan.

Hozir Oq uy Adliya vazirligiga faqat nimaga e’tibor qaratishi kerakligini belgilab bera oladi xolos, alohida ishlar bo‘yicha buyruq berish huquqiga ega emas. Bunday tartib prezident Niksonning iste’fosi bilan tugagan Uottergeyt mojarosidan keyin belgilangan bo‘lib, o‘shanda kongress prezidentning siyosiy tizimga ta’sirini kamaytirish bo‘yicha qonunlar to‘plamini qabul qilgan.

Tramp prezidentlik vaqtida Adliya vazirligiga o‘z ta’sirini o‘tkazishga uringan, hatto uning rahbarini sobiq prezident va Rossiya o‘rtasidagi aloqalar borasidagi surishtiruvni to‘xtatishdan voz kechgani uchun ishdan bo‘shatgan. Tramp hukumatga kelgan dastlabki vaqtlarda uning ma’muriyatini boshqargan Jon Kellining aytishicha, sobiq prezident o‘z raqobatchilarini ta’qib qilishni ko‘p marta taklif qilgan. Ammo mulozimlar bu takliflarni jiddiy qabul qilmagan. 2020 yil Jo Bayden prezidentlik saylovlarida g‘olib bo‘lgach, Adliya vazirligi Tramp tarafdorlarining fitnasida ishtirok etishni istamaydi.

Hozir Trampga qarshi ikkita ishni amaldagi Adliya vaziri Merrik Garland tomonidan tayinlangan maxsus mustaqil prokuror Jyek Smit olib bormoqda. Trampning shtabiga ko‘ra, bu ishlarning tepasida Adliya vazirligini o‘z siyosiy quroliga aylantirishga urinayotgan prezident Bayden turibdi.

Tramp rejasining mualliflaridan biri 2020 yildagi fitnada qatnashgan va Jorjiyada sobiq prezidentga qarshi ochilgan ishdagi ayblanuvchilardan biri bo‘lgan huquqshunos Jyeffri Klark. U Tramp saylov kampaniyasi homiylari bilan uchrashuvda sobiq prezident bo‘lib o‘tgan ishlardan «dars olgani» va bosh prokuror lavozimiga uning rejasini to‘liq qo‘llaydigan odamnigina qo‘yishini aytgan. Ularning rejasiga ko‘ra, shu tariqa Adliya vazirligi mustaqillik prinsipidan chekinishi, vazirlik va FQBdagi aksar lavozimlarni Trampga sodiq odamlar egallashi kerak. O‘zaro suhbatlarda Tramp nafaqat demokratlarni, balki o‘z vaqtida uning ma’muriyatida ishlab, rejalarini qo‘llamagan respublikachilarni ham ta’qib qilish kerakligini aytgan.

Trampchilar faqat Adliya vazirligini o‘zgartirish bilan cheklanmoqchi emas: odatda yangi prezident 4 mingta lavozimga yangi rahbar tayinlaydi, lekin respublikachilar federal darajadagi 54 ming o‘ringa o‘zlariga sodiq nomzodlarni qo‘yishni maqsad qilgan. Kosnervatorlar boshqaradigan think-think Herritage Foundation va 80 ta hamkor tashkilotlar allaqachon nomzodlarni saralashni boshlagan. Xususan, nomzodlarning ijtimoiy tarmoqdagi postlari ham tahlil qilinmoqda.

Nomzodning anketasida «amaldagi siyosatchilar orasida ilhomlantira oladigan yagona vakil»ni tanlash so‘ralmoqda. Shuningdek, Trampchilarning rejasida u prezidentlik saylovlarida g‘olib bo‘lsa, o‘sha kunning o‘zida harbiy holat e’lon qilishni ham ko‘zda tutgan. Shunda prezident armiyadan norozilik namoyishlarini tinchitish uchun foydalana oladi.

AQShdagi konservativ g‘oya tarafdorlari prezident federal byurokratiyani boshqarish bo‘yicha hozirgidan kengroq vakolatga ega bo‘lishi kerak deb hisoblaydi. Jyeffri Klark kabi maksimalistlar hech bir davlat tashkiloti yoki regulyator mustaqil bo‘lishi kerak emas deb hisoblashadi. Trampning rejalariga ko‘ra, u saylovda g‘olib bo‘lsa, Monopoliyaga qarshi kurash tashkiloti, Kommunikatsiyalar bo‘yicha federal komissiya va migrantlar siyosatiga mas’ul bo‘lgan Ichki xavfsizlik vazirligi mustaqil bo‘la olmaydi. Trampning tarafdorlari uning antimigratsion siyosati haqida jurnalistlarga batafsil gapirib berishmoqda.

Respublikachi nomzod saylovda g‘olib bo‘lsa, uning ma’muriyati nafaqat noqonuniy, balki qonuniy migratsiyaga qarshi kurashni boshlaydi. Bu jarayonni Trampga eng agressiv reja taklif qila olgan odam yoki tashkilot boshqaradi. Musulmon davlat fuqarolarining AQShga kirishini taqiqlovchi cheklov tiklanadi, butun dunyodagi AQSh elchixonalari viza berishdan avval da’vogarlarni «g‘oyaviy tekshiruv»dan o‘tkazadi. Ko‘plab davlatlarga viza berish esa «tuberkulezga qarshi kurash» dasturi doirasida bekor qilinadi.

AQShdan millionlab noqonuniy migrantlar chiqarib yuboriladi. Qonunchilikni ularni chiqarib yuborish uchun sud qarori ham kerak bo‘lmaydigan tarzda o‘zgartirishadi. Agar kongress bu dastur uchun pul ajratishni rad etsa, pul Pentagonning budjetidan olinadi.

Foto: AP

Tramp g‘olib bo‘lishi va rejasini amalga oshirishi mumkinmi?

AQSh prezidentligi uchun saylovlar 2024 yil 5 noyarbrda o‘tkaziladi. Sotsiologlar hozirda Trampning kichik ustunligini qayd etishmoqda, hatto hal qiluvchi shtatlarda ham. Lekin saylovga hali bir yil bo‘lgan bir vaqtda o‘tkazilgan so‘rovlar aldamchi bo‘lishi ehtimoli yuqori. Ammo sobiq prezident Oq uyga qaytishiga yordam beradigan va xalaqit beradigan jihatlar hozirdan aniq.

Trampni partiyadoshlari to‘xtatishi deyarli imkonsiz narsa, u 60 foiz reyting bilan respublikachilarning yaqqol nomzodi bo‘lib turibdi. Oxirgi haftalarda uning bir nechta asosiy raqiblari poygadan chiqdi. Uzog‘i bilan kelasi yil mart oyida u praymerizdagi g‘alabasini ta’minlashi mumkin.

Shundan keyin respublikachi uchun haqiqiy sinov boshlanadi: kelasi yil bahorda uning ustidan ochilgan uchta jinoiy ishni ko‘rib chiqish boshlanadi. Xususan, 2020 yildagi saylovlardan keyingi fitna bo‘yicha ish 2024 yil 4 mart kuni boshlanadi. Trampning advokatlari bu muddatni kechiktirishga intilmoqda. Ish hujjatlari 11 million sahifaga yetgan, Trampga qarshi o‘z vaqtida uning ma’muriyatiga rahbarlik qilgan Mark Medouz ham guvohlik berishi kutilmoqda. Agar aybi isbotlansa, sobiq prezident 10 yilga qamalishi mumkin.

Mart oyi oxirida unga qarshi ikkinchi ayblov – Nyu-Yorkdagi biznes hisobotlarni soxtalashtirish ishi ko‘rib chiqiladi. Katta ehtimol bu ish bo‘yicha sobiq prezidentga qamoq xavf solmaydi. May oyi oxirida esa Floridada maxfiy hujjatlarni noqonuniy saqlash bo‘yicha jinoiy ishni ko‘rish boshlanadi. Bu ishni ko‘radigan sudya Kennonni Trampning o‘zi tayinlagani e’tiborga molik. Konservativ qarashdagi bu sudya himoyaga ishni cho‘zish imkonini yaratishi ehtimoli yuqori.

Va nihoyat oxirgisi – Jorjiyadagi saylov natijalarini o‘zgartirishga urinish bo‘yicha jinoiy ishni ko‘rish 2024 yil avgust oyida boshlanadi.

Tramp bu ishlardan «eson-omon» qutilib, qamalmagan taqdirida ham, sud jarayonlari unga mamlakat bo‘ylab yurib faol saylov kampaniyasi o‘tkazishga xalaqit beradi. Bundan tashqari, barcha sud ishlari televizor orqali translatsiya qilinadi va bu saylovchilar qarorlariga ta’sir qilishi mumkin.

Trampni qamashsa ham, u saylovda o‘z nomzodini ko‘rsatish huquqini saqlab qoladi. Agar uni oqlashsa, bu Trampning siyosiy ta’qib haqida iddaolarini tasdiqlashi mumkin.

Trampga yordam beradigan yana bir faktor saylovda mashhur «uchinchi nomzod»larning ishtirokidir. Hozirgacha, sobiq prezident Jon Kennedining jiyani Robert Kennedi mustaqil nomzod sifatida saylovda ishtirok etishi ehtimoli yuqori. No Labels partiyasi ham sentrist nomzod ilgari surishini aytgan. «Nasroniy sotsialistlar» vakili Kornell Ueest ham mustaqil nomzod sifatida saylovda qatnashmoqchi. Shuningdek, libertarianslar va Yashillar partiyasi ham o‘z nomzodini ilgari surmoqchi. Siyosatchilarning fikricha, bu nomzodlar Trampning emas, Baydenning «ovozini olib qo‘yish» ehtimoli baland.

Noyabrdagi saylovlar ko‘p faktorlarga ko‘ra kutilmagan natijalar bilan yakunlanishi mumkin. Masalan, Isroilni qo‘llayotgani arab millatiga mansub va musulmon amerikaliklar orasida Baydenning reytingi rekord darajada tushib ketdi. Uning afroamerikaliklar va yosh saylovchilar o‘rtasidagi reytingi narxlar oshishi sabab tushib ketdi. Boshqa tomondan, Baydenni unga 2020 yil g‘alaba keltirgan megapolislar aholisi hamon qo‘llamoqda. Demokratlarning abort huquqini qo‘llashi bu borada hal qiluvchi omillardan biri bo‘lishi mumkin.

Konservatorlar ko‘pchilik bo‘lgan Oliy sud homiladorlikni to‘xtatish huquqini bekor qilganidan keyin respublikachi nomzodlar barcha hududiy saylovlarda past ovoz olmoqda. Masalan, konservatorlar abort huquqi referendumda muhokama qilingan olti shtatning barchasida mag‘lub bo‘lgan.

Ikki qariya

Nomzodlarning yoshi ham saylovdagi asosiy omillardan biri bo‘lib turibdi. Saylov vaqtida Tramp 77 ga, Bayden 81 ga kirgan bo‘ladi. So‘rovlardan biriga ko‘ra, 73 foiz amerikaliklar Bayden jismoniy va ruhiy jihatdan prezident vazifasini bajara olmaydigan holatda deb hisoblagan. Ammo bu narsa natijalarga ta’sir qilishi ham aniq emas. Masalan, Bayden Trampdan kam bo‘lmagan matbuot anjumanlari o‘tkazdi, undan ko‘proq xorijiy safarlarni amalga oshirdi. Vashingtondagi jurnalistlarning yozishicha, Baydenning shtabidagilar u Oq uydagi ishi va faol saylov kampaniyasi o‘tkazishni uddalay olmasligidan xavotirda. Jurnalistlarga ko‘ra, demokratlar ham tuzukroq nomzod topish haqida o‘ylamoqda.

Bunday holatda, Baydenni faqat iqtisodiyotning yaxshi holatda ekani qutqarib qolishi mumkin. So‘rovlarga ko‘ra, saylovchilar Baydenning iqtisodiyot bo‘yicha ishlarini unchalik yuqori baholamaydi, lekin AQSh yalpi ichki mahsulotining keskin oshishi va ishsizlik ko‘rsatkichlarining asta-sekin kamayib borayotgani saylov kunidagi vaziyatni o‘zgartirishi mumkin.

Yana bir jihat saylov kampaniyasi uchun yig‘ilgan pul bilan bog‘liq. Hozir Tramp shtabi yuristlarga to‘lanayotgan pul hisobiga topayotganidan ko‘proq pul sarflamoqda. Bayden shtabi esa rekord miqdorda pul yig‘ib bo‘ldi.

Mavzuga oid