Isroil va HAMAS 4 kunlik sulh haqida kelishib oldi
Qatar vositachiligida tuzilgan kelishuvga ko‘ra, to‘rt kunlik sulh paytida G‘azo sektoridan garovga olingan 50 nafar isroillik qaytariladi.
Isroil hukumati 22 noyabr, chorshanbaga o‘tar kechasi bir necha soatlik muhokamalardan so‘ng, bir necha kun davomida jangovar harakatlarni to‘xtatish evaziga G‘azo sektorida jangchilar tomonidan garovga olingan ba’zi isroilliklarni ozod qilishni nazarda tutuvchi HAMAS bilan kelishuvni ma’qulladi.
«Isroil hukumati barcha garovga olinganlarni uylariga qaytarish niyatida. Bugun kechqurun hukumat ushbu maqsadga erishishning birinchi bosqichi rejasini tasdiqladi, unga ko‘ra 50 nafar o‘g‘irlangan ayollar va bolalar to‘rt kun davomida ozod qilinadi, bu vaqt janglarda sukunat bo‘ladi», — deyiladi Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu idorasi bayonotida. Unda ta’kidlanishicha, sulh dastlabki to‘rt kunlik muddatdan keyin ham uzaytirilishi mumkin va ozod qilingan har 10 kishi evaziga «yana bir tinch kun» qo‘shilishi mumkin.
Reuters agentligining xabardor manbasiga ko‘ra, HAMAS boshqa garovga olinganlar qatorida uch AQSh fuqarosini, jumladan 7 oktyabr kuni ota-onasi halok bo‘lgan uch yoshli qizchani ham ozod qilishi kerak.
HAMAS jangchilari «gumanitar sulh»ni olqishlab bayonot berdi. Ularga ko‘ra, Qatar vositachiligida tuzilgan kelishuv Isroil qamoqxonalaridagi 150 nafar falastinlikni ozod qilish va G‘azo sektoriga insonparvarlik yordamini yetkazishni ham ko‘zda tutadi. Netanyahu idorasi bayonotida falastinlik mahbuslarni ozod qilish haqida hech narsa aytilmagan.
Isroil-Falastin mojarosi
7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.
HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.
Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.
Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 12 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.
Mavzuga oid
19:07
“Isroilning shartlari asosidagi sulh” - ekspertlar Livandagi otashkesim haqida
15:25 / 27.11.2024
«Tinch aholi uyini bombalash g‘alaba deyilmaydi» – oyatulloh Netanyahuni qatl etishga chaqirdi
07:31 / 27.11.2024
Isroil va «Hizbulloh» o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldi
21:41 / 26.11.2024