O‘zbekiston | 21:36 / 22.11.2023
23971
3 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkor Qumqo‘rg‘on hokimiga “Equinox” hadya qildi. U viloyatdagi klasterlarga aloqador korxona rahbari

“Qumtex Invest” rahbari Ural Begimqulov Qumqo‘rg‘on tumani hokimligiga 400 million so‘mdan qimmat turuvchi avtomobil sovg‘a qildi. Hukumat qaroriga ko‘ra, tuman hokimlariga xizmat mashinalari narxi 330 million so‘mdan oshmasligi kerak. Holat yuzasidan Aksilkorrupsiya agentligi o‘rganish boshlagan.

Suratda – Qumqo‘rg‘on hokimi Anvar Normamatov

Fuqaro Ural Begimqulov Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumani hokimligiga 2023 yilda ishlab chiqarilgan “Equinox” avtomobilini hadya qildi. 2023 yil 17 oktyabr kuni tuman hokimi Anvar Normamatov avtomobilni tuman hokimligi balansiga o‘tkazish to‘g‘risidagi farmoyishga imzo chekkan.

Ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalardan so‘ng hokim farmoyishi E-qaror portalida yashirib qo‘yildi. Bunga sabab qilib odatdagidek hujjat mazmunida “shaxsga doir ma’lumotlar yoki qonunchilikka muvofiq boshqa turdagi foydalanish cheklangan axborot” mavjudligi ko‘rsatilgan.

Farmoyishdan ko‘rish mumkinki, hokimlikka qimmatbaho avtomobil sovg‘a qilgan shaxs – Ural Begimqulov Xalmurzayevich.

Ural Begimqulov ayni vaqtda “Qumtex Invest” MChJning rahbari hisoblanadi. Yashash uchun mo‘ljallanmagan binolarni qurish bilan shug‘ullanadigan bu korxona ta’sischilari turli xil klaster va tekstillarga chatishib ketgan.

Nima uchun shunday yirik korxona hokim(lik)ga Equinox sovg‘a qilgani borasida hozircha biror izoh berilgani yo‘q.

Ma’lumot uchun, amaldagi hukumat qarori bilan tasdiqlangan me’yorlarga ko‘ra, O‘zbekistondagi barcha tuman va shahar hokimliklari uchun xizmat mashinalarini sotib olishning eng yuqori narxi BHMning ming barobaridan (hozirgi kunda 330 mln so‘m) oshmasligi kerak. Hokimlikka sovg‘a qilingan Equinox avtomobilining eng arzon opsiyalari esa 408,4 million so‘mdan boshlanadi.

Bu holatda kamida 2 ta shubhali vaziyat ochiq ko‘rinib turibdi. Tadbirkor qanday manfaat evaziga hokimlikka 33 ming dollardan qimmat turadigan mashinani hadya qilmoqda?

Agar manfaatdorlik bo‘lmasa, nega hokim farmoyishi jamoatchilikdan yashirib qo‘yilgan va holatga izoh berilmayapti? Bundan tashqari, hokimlik hukumat qarorida belgilangan me’yorlarga amal qilmayapti.

Kun.uz muxbiri bilan gaplashgan Korrupsiya qarshi kurashish agentligi mas’ullariga ko‘ra, Qumqo‘rg‘on tumani hokimligi bilan yuzaga kelgan ushbu vaziyat ayni vaqtda o‘rganilmoqda. O‘rganish yakunlari bo‘yicha izoh beriladi, dedi agentlik vakili.

Mavzuga oid