Dronlar jangi, ehtimoli past yorib o‘tishlar - g‘arb ekspertlari Ukraina fronti haqida
Ukraina frontida bo‘lib qaytgan va Ukraina QK harbiy xizmatchilari bilan gaplashgan g‘arblik yetakchi ekspertlar Ukraina ham, Rossiya ham yaqin orada sezilarli siljishga erisha olmasligini aytishmoqda. Harbiy tahlilchilar shuningdek, ushbu urushda FPV-dronlar kabi zamonaviy texnologiyalar tobora katta rol o‘ynayotganini ham qayd etishgan.
Ukrainadan yaqinda qaytib kelgan ekspertlar guruhiga g‘arb OAV fikrlaridan juda ko‘p iqtibos keltiradigan to‘rt tahlilchi kiritilgan:
Maykl Kofman — xalqaro tinchlik yo‘lidagi Karnegi fondidan;
Rob Li — AQShdagi tashqi siyosat tadqiqotlari instituti katta ilmiy xodimi;
Frans-Stefan Gedi — Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti katta ilmiy xodimi;
Konrad Muzika — Polshaning Rochan Consulting kompaniyasi rahbari va harbiy tahlilchi.
Qarama-qarshilikning hozirgi bosqichidan ekspertlar tomonidan chiqarilgan asosiy xulosa shunday: Ukraina armiyasining yoz oylarida janubda boshlangan keng ko‘lamli qarshi hujumi deyarli tugagan, urush bugungi kunda pozitsion ko‘rinishga ega.
Zaporijjya ostonasida va Donetsk oblasti janubidagi hujumga o‘tish operatsiyasi natijasida UQK bir nechta joyda Rossiyaning yaxshilab himoyalangan istehkom chiziqlarini yorib o‘tishga va bir qancha aholi punktlarini egallashga muvaffaq bo‘lgan.
Biroq ular sezilarli hududlarni ozod qila olishmagan va asosiy vazifa — Azov dengizigacha chiqib, Qrimga quruqlikdan yo‘lakni uzib qo‘yib, Zaporijjya oblastining okkupatsiya ostidagi qismidan Rossiya qo‘shinlarini quvib yuborishni uddalay olishmagan.
«Ukrainaning hujumga o‘tish salohiyati umuman olganda tugab bitgan, — degan Muzika Polshaning TOK FM radiosi efirida. — Hujumga o‘tish harakatlarini nafaqat janubda, sharqda ham amalga oshirish imkoniyatlari qattiq cheklangan. Gap bu yerda vositalar — artilleriya va inson potensiali haqida ham bormoqda».
«Har ikki tomon tobora yoshi katta harbiylarni safarbar qilmoqda. Ular endi 18-20 yoshli yigitlar emas. Bu insonlar 40 yoshga borib qolgan yoki 40–50 yoshlar atrofida», — deydi Maykl Kofman o‘zining War On The Rocks podkastida.
Natijada, harbiy harakatlar endilikda yirik birlashmalar darajasida olib borilmayapti, bir parcha yer uchun kurash olib borayotgan nisbatan kichik-kichik bo‘linmalarning qarama-qarshiligiga aylanib ketgan.
«Jangovar harakatlar shu darajaga yetganki, har bir daraxtzorning o‘z nomi paydo bo‘lgan. Urushdagi siljishlar kilometrlar yoki yuzlab metrlar bilan emas, yo‘l chetidagi daraxtzorlar bilan o‘lchanmoqda, — deya tushuntiradi Kofman. — Muammo shundaki, yaqin kelajakda tomonlarning hech biri sezilarli siljishga erisha olmaydi».
Rob Li o‘zining o‘sha podkastida «Tokmak yo‘nalishida Ukraina hamon yer egallash bo‘yicha muvaffaqiyatlar qozonmoqda, lekin ular juda kichik», deb aytgan.
«Paydo bo‘lgan shart-sharoitlar hisobga olinsa, kuniga 100 metrdan ko‘proqqa siljish juda murakkab masala», — deydi ekspert va Rossiya qo‘shinlari frontning boshqa nuqtalari, jumladan, Avdiyivka va Kupyansk ostonasida olg‘a siljishga o‘tganini qo‘shimcha qiladi. Baxmut hududida har ikki tomon basma-basiga olg‘a bosishmoqda, deydi Li.
Yaqinda UQK bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy Economist jurnalida maqola e’lon qilib, frontdagi vaziyatni shaxmatdagi pat holati kabi tasvirlagan — bu prezident Volodimir Zelenskiyning e’tirozlariga sabab bo‘lgandi.
Kofmanning qayd etishicha, «pat vaziyati» iborasi siyosiy quvvat oldi, chunki Zalujniy undan o‘z maqolasida foydalangan. «Men gap pat holati haqida ketyapti, deb o‘ylamayman. Bunday holat frontning ayrim nuqtalaridagina o‘rnatilib qolgan», — deydi amerikalik ekspert.
Nega bunday bo‘ldi?
G‘arb ekspertlari Ukraina armiyasi yozgi qarshi hujumga o‘tish asnosida katta yo‘qotishlarga duchor bo‘lganini tan olishadi (agar UQK shaxsiy tarkibni asrashga harakat qilmaganida yo‘qotishlar yanada ko‘p bo‘lishi mumkin edi).
«Ukraina armiyasining ma’naviy ruhiyati hamon yuqoriligicha qolmoqda, lekin qo‘shin borgan sari charchayapti», — degan o‘zining War On The Rocks podkastida Frans-Stefan Gedi.
«Yo‘qotishlar shu qadar kattaki, ukrainaliklar ayrim brigadalarni noldan tiklashiga to‘g‘ri kelmoqda, — deydi Muzika Polsha radiostansiyasiga bergan intervyusida. — Ayniqsa, gap dushman mudofaa chizig‘iga jismonan hujum qiluvchi mexanizatsiyalashgan va piyoda tarkibiy qismlar haqida ketganda».
Muzikaning fikricha, Ukraina armiyasi sezilarli hududlarni qo‘lga kirita olmaganining asosiy sababi kichik-kichik guruhlar bo‘lib hujumga o‘tganida. «Ashar sizning strategiyangiz Qrimgacha yoki Tokmakkacha borish bo‘lsa kichik birlashmalar taktikasidan foydalanish bilan bunga erishib bo‘lmaydi», — deydi polshalik harbiy ekspert.
G‘arb nashrlarining xabar qilishicha, UQK Zaporijjya oblastida qarshi hujumga o‘tishni boshlab, bir vaqtning o‘zida jangga g‘arb mutaxassislari tomonidan o‘rgatilgan taktikaga ko‘ra sezilarli birlashmalar tashlashga uringan.
Ular rossiyaliklarning yaxshi eshelonlangan va minalashtirilgan chiziqlariga duchor bo‘lishgan, shuningdek ukrain qo‘shinlariga vertolyot, artilleriya va pilotsiz parvoz qurilmalari bilan faol zarba berilgan. Shundan so‘ng UQK o‘zlari uchun odatiy bo‘lgan kichik-kichik guruhlar taktikasiga o‘tib olgan va bu barqaror natijalar keltirishi bilan birga, ulkan yo‘qotishlarning ham oldini olgan.
Dronlarning chaqin urushi
Ekspertlar xulosasiga ko‘ra, har ikki tomon uchun oldinga siljish imkoniyatini bermayotgan muhim omillardan biri — janglarda kuzatuvchi pilotsiz parvoz qurilmalari va FPV-dronlar — operator ko‘zoynagiga video translatsiya qiluvchi kichik va arzon zarbdor apparatlardan foydalanish bo‘lmoqda.
Rob Lining so‘zlariga ko‘ra, frontda FPV-dronlarning roli so‘nggi uch oy ichida keskin oshgan va Rossiya qo‘shinlariga bunday apparatlarning juda katta partiyasi yetkazib berilgan: apparatlar soni shu qadar ko‘payganki, RF armiyasi bitta ukrainalik harbiyni o‘ldirish uchun ham drondan foydalanmoqda.
Natijada rossiyaliklar Ukraina harbiylari to‘plangan joylarga zarba berishmoqda. «Agar Ukraina o‘z zirhli texnikasi — tanklar, piyodalar zirhli mashinalari va hokazolarni yetarli tarzda konsentratsiya qila olmasa qandaydir tezkor yorib o‘tish haqida gap bo‘lishi mumkin emas», — degan Li.
Kofmanning xulosasiga ko‘ra, Ukraina qarshi hujumga o‘tishining dastlabki bosqichlarida asosiy omil minalar bo‘lgan bo‘lsa, hozirga kelib aynan dronlar — ham zarbdor, ham kuzatuvchi dronlar bo‘lishi old planga chiqqan.
Bu holatda, uning fikricha, Ukraina armiyasi dronlar yordamida shiddatli va muvofiqlashgan hujumlarni uyushtirishni o‘rganib olgan.
War On The Rocks podkastida Muzika o‘zi bevosita guvoh bo‘lgan quyidagi vaziyatni tavsirlaydi: «Ukraina droni rossiyalik harbiylar otryadini aniqladi. Oradan 30 soniya o‘tgach otryad minomyotdan o‘qqa tutildi. To‘rt daqiqadan so‘ng xuddi shu askarlar guruhi ustiga kasseta o‘q-dorilar yog‘dirildi. Bo‘ldi. Hammasiga to‘rt yarim daqiqa kifoya qildi — jang aynan shuncha vaqt davom etdi».
Kofmanning xulosa qilishicha, bunday vaziyat «har ikki tomon uchun qarshi hujumga o‘tish harakatlarini murakkablashtiradi». «Kun bo‘yi davom etadigan janglar tugagan. Front yaqinida texnikalarning kunduz kuni siljishi asosan kuzatilmayapti. Barcha jang erta tong, kechqurun va tunga ko‘chgan», — deydi ekspert.
Vaziyatni nima o‘zgartirishi mumkin?
Ekspertlarning to‘rtovi ham yaqin orada mojaro qanday yo‘ldan rivojlanishi bo‘yicha aniq xulosa taqdim qila olmagan, ular shunchaki pozitsion urush qishda va bahorda ham davom etishini taxmin qilishmoqda.
«Ukraina bosimni kamaytirmaydi, Rossiya ham tashabbusni qo‘lga kiritishga urinishdan to‘xtab qolmaydi. Biz yaqin oylar davomida doimiy tashabbus jiloviga ega chiqish uchun janglarga guvoh bo‘lamiz», — deydi Kofman.
G‘arb tahlilchilari eslatishicha, dronlar va radioelektron kurash vositalari roli oshganiga qaramay, artilleriya va zirhli texnika kabi an’anaviy qurol-yarog‘lar hamon muhim omilligicha qolmoqda. Artilleriya yordamida asosan dushmanga uzoqdan zarba beriladi, zirhli texnika esa dushman pozitsiyalarini egallash va yaradorlarni evakuatsiya qilish uchun kerak.
Kofmanning qayd etishicha, bu urushda Ukraina Rossiya oldida qandaydir innovatsion ustunlikka ega va dronlarning yangi tizimini faol ishlab chiqmoqda, biroq «Ukrainaning asosiy muammosi — bunday texnikalarni ishlab chiqarish ko‘lamini kengaytirish va ommaviy ishlab chiqarish» bo‘lib qolmoqda.
O‘z navbatida Rossiya vaziyatga juda sekinlik bilan reaksiya ko‘rsatmoqda, biroq uning davlat mashinasi rahbariyat eng foydali deb topgan vositalarni tezkorlik bilan ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish qobiliyatiga ega.
Natijada, ekspertlar fikricha, Rossiya so‘nggi vaqtlarda artilleriyada ham, zarbdor pilotsiz parvoz qurilmalari borasida ham ustunlikka ega. Biroq agar Ukraina dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni boshlasa va G‘arbdan yetarli miqdordagi snaryadlar va zirhli texnikalarni olsa bu vaziyatni o‘nglash mumkin.
Lining so‘zlariga ko‘ra, pilotsiz parvoz qurilmalari ishini so‘ndiruvchi va og‘ir texnikalar uchun «xavfsizlik qobig‘i» yaratuvchi yangi radioelektron kurash vositalari paydo bo‘lishi jang maydonida ko‘p narsalarni o‘zgartirib yuborishi ham mumkin.
Gedining xulosasiga ko‘ra, urush aynan qanday borishini oldindan aytish juda qiyin, chunki har ikki tomon yuzaga kelayotgan vaziyatga tobora moslashib bormoqda. «Uch oy ilgari biz hozirgisidan mutlaqo boshqacha frontning guvohi bo‘lgan edik», — deydi ekspert.
Uning qo‘shimcha qilishicha, o‘zgarmay turgan yagona narsa — mojaroning holdan toydiruvchi urush xarakteriga ega ekanligidir.
Mavzuga oid
21:07 / 28.11.2024
Putin Ostonadagi chiqishida Zelenskiy ofisiga zarba berilishi mumkinligiga ishora qildi
18:30 / 28.11.2024
Tramp Ukraina bo‘yicha maxsus vakilini tanladi. U urushni qanday tugatishni taklif qiladi?
17:49 / 28.11.2024
Kiyevdagi qaror qabul qilish markazlari «Oreshnik»ning navbatdagi nishoni bo‘lishi mumkin - Putin
10:18 / 28.11.2024