Jahon | 12:43 / 23.11.2023
4269
3 daqiqa o‘qiladi

G‘azoda garovga olinganlar 24 noyabrdan keyin ozod qilina boshlaydi

Garovdagilarni ozod qilish avvalroq to‘rt kunlik sulh bo‘yicha kelishib olgan Isroil va HAMAS o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq amalga oshiriladi, dedi Isroil Milliy xavfsizlik kengashi rahbari Tsaxi Xanegbi.

Foto: Oded Balilty/AP/picture alliance

HAMAS harakati tomonidan G‘azo sektorida garovga olinganlar 24 noyabr, jumagacha ozod etilmaydi. Bu haqda 22 noyabr, chorshanba kuni kechqurun Isroil Milliy xavfsizlik kengashi rahbari Tsaxi Xanegbi ma’lum qildi. Haaretz gazetasi va N12telekanali Xanegbining so‘zlaridan iqtibos keltirgan: «Garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha munozaralar oldinga siljimoqda». Ozod etish «har ikki tomonning dastlabki kelishuviga muvofiq» amalga oshiriladi, deya qo‘shimcha qildi Isroil rasmiysi. 

Avvalgi kecha Isroil hukumati va HAMAS jangchilari to‘rt kunlik sulh haqida kelishib oldi. Kelishuv G‘azo sektorida garovga olingan 50 nafar isroillik va Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan 150 nafar falastinlik mahbusni 4 kun ichida ozod qilishni ko‘zda tutadi. Ba’zi Isroil OAV sulh 23 noyabrdan kuchga kirishi, garovga olinganlarning birinchi guruhi o‘sha kuni ozod qilinishi haqida xabar berdi. 

Kelishuv, xususan, Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu bilan telefon orqali muloqot qilgan AQSh prezidenti Jozef Bayden tomonidan olqishlandi. Oq uyning ta’kidlashicha, o‘t ochishni to‘xtatish G‘azo sektoriga insonparvarlik yordami oqimini ko‘paytirish imkonini beradi. O‘z navbatida, Isroil vazirlar mahkamasi rahbari Vashingtonga kelishuvni tuzishda ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorchilik bildirdi. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 14 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

 

Mavzuga oid