Jahon | 12:10 / 23.11.2023
10835
8 daqiqa o‘qiladi

Isroil va HAMAS o‘rtasidagi vaqtinchalik kelishuv. Bu qachon va qanday amalga oshiriladi?

Garovdagi 50 nafar isroillik qaytarilishi evaziga qamoqxonalardagi 150 nafar falastinlik mahbus qo‘yib yuboriladi.

Foto: Ahmad Gharabli / AFP / Scanpix / LETA

22 noyabrga o‘tar kechasi Isroil hukumati G‘azo sektorida gumanitar tanaffus va 7 oktyabr kuni HAMAS tomonidan garovga olinganlarni ozod etish bo‘yicha kelishuv parametrlarini tasdiqladi. Kelishuv tuzilgani faktini Falastin harakati vakili ham rasmiy telegram-kanallardan biri orqali tasdiqlagan. Kelishuv doirasida HAMAS ayni vaqtda Isroil qamoqxonalarida saqlab turilgan 150 nafar falastinlik evaziga garovdagi 50 kishini ozod qiladi, G‘azoda esa to‘rt kun muddatga o‘t ochishni to‘xtatish rejimi joriy etiladi. «Meduza» ushbu kelishuvning asosiy tafsilotlarini keltirgan.

HAMAS 50 nafar isroillikni qaytaradi

HAMAS qo‘yib yuborayotgan 50 kishi faqat ayollar va bolalardan iborat bo‘ladi. Ular to‘rt kun davomida bosqichma-bosqich ozod etiladi. Garovdagilarning 12–13 kishidan (boshqa manbaga ko‘ra, 10) iborat dastlabki guruhi 23 noyabr kuni ozod etilishi kutilmoqda.

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken ozod etilishi kerak bo‘lganlar orasida Amerika fuqarolari ham borligini aytgan. Reuters amerikalik yuqori martabali mulozimga asoslanib xabar berishicha, amerikaliklar soni uch kishi bo‘lib, ular orasida uch yoshli qizcha ham bor, uning ota-onasi Isroilga hujum vaqtida o‘ldirilgan.

G‘azo ichkarisida Qizil Xoch xalqaro qo‘mitasi xodimlari vositachi sifatida ish olib boradi, deb xabar bergan Reuters agentligiga Qatar tashqi ishlar vaziri Muhammad Al-Xulayfiy. The Times of Israel nashri aniqlik kiritishicha, garovdagilar avvaliga Qizil Xochga yetkaziladi, keyin esa isroillik harbiylar tomonidan qabul qilib olinadi. Shundan so‘ng ular Isroildagi tibbiyot markazlaridan biriga olib boriladi, bu yerda ular oila a’zolari bilan ko‘rishishi mumkin.

Isroil mudofaa armiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 7 oktyabr kuni hamaschilar qo‘lga olgan isroilliklar soni 240 kishidan oshadi. Ammo ularning barchasi ham HAMAS qo‘lida emas. 9 noyabr kuni Falastinning «Islom jihodi» guruhi asirlikdagi ikki kishi — 12 yoshli Yagil Yaakov va 76 yoshli Xanna Katsir ishtirokidagi videoni namoyish etgandi. 21 noyabr kuni kechqurun «Islom jihodi» ozod etilishi rejalashtirilganlar qatorida bo‘lgan Xanna Katsir vafot etganini ma’lum qildi. Guruh bayonotida aytilishicha, uning o‘limiga Isroil hukumatining «sustkashligi» sabab bo‘lgan.

Garovdagilarni ozod etishni talab qilayotgan oila a’zolari Tel-Avivdagi namoyishda, 2023 yil 21 noyabr
Ariel Schalit / AP / Scanpix / LETA

Isroil 150 nafar falastinlikni qamoqxonadan ozod etadi

Ozod etishga nomzodlar ro‘yxati 22 noyabr kuni Isroil adliya vazirligi tomonidan e’lon qilindi, unda 300 kishining nomi qayd etilgan — bu kelishuvda nazarda tutilganidan ikki barobar ko‘proq. Haaretz nashri aniqlik kiritishicha, dastlabki 150 kishi garovdagi 50 kishiga almashtiriladi.

Keyinchalik garovdan ozod qilingan har bir guruh uchun boshqa mahbuslar ham qo‘yib yuborilishi rejalashtirilgan. The Times of Israel nashri yozishicha, garovdan qutqarilgan har o‘n kishi uchun G‘azo sektoridagi harbiy harakatlarni to‘xtatib turish ham bir kunga uzaytirilishi mumkin.

Har bir bosqichda muayyan mahbuslarni ozod etish bo‘yicha qaror bosh vazir Binyamin Netanyahu, mudofaa vaziri Yoav Gallant va harbiy kabinet vaziri Beni Gans tomonidan qabul qilinadi. Palastinliklar asirlikdagi isroilliklar vatanga qaytganidan keyingina qo‘yib yuboriladi, deb yozadi The Times of Israel.

Isroil hukumati ro‘yxatidagi 300 mahbusdan 287 nafari — erkaklardir. Shu bilan birga, ularning 123 nafarining yoshi 18 dan kichik. BBC ushbu falastinliklarning qamalishiga sabab bo‘lgan jinoyatlar qatorida qotillikka suiqasd qilish,  bomba uloqtirish, portlovchi yoki yonuvchi moddalar tayyorlash, tosh uloqtirish, dushmanona tashkilotlar bilan aloqalar, og‘ir tan jarohati yetkazish va millatchilik ruhida adovat qo‘zg‘ash kabilarni sanagan.

Isroil armiyasining «Kan» radiosida aniqlik kiritilishicha, bu mahbuslarning ko‘pchiligi so‘nggi oylarda qo‘lga olingan, ularning ko‘pchiligining hali sudi ham bo‘lmagan. Ularning aksari — Iordan daryosining g‘arbiy sohilidan, faqat besh nafari — G‘azo sektoridan.

G‘azoda to‘rt kunga o‘t ochishni to‘xtatish rejimi o‘rnatiladi

Avvaliga o‘t ochishni vaqtincha to‘xtatish rejimi mahalliy vaqt bilan 23 noyabr kuni soat 10 da boshlanishi aytilgandi.

Falastinliklar isroilliklarning G‘azo sektori janubidagi Rafah shahriga yo‘llagan aviazarbasi oqibatlarini bartaraf etmoqda, 2023 yil 22 noyabr. Foto: Photo by Said Khatib / AFP / Scanpix / LETA

Keyinroq CNN isroillik mulozimga tayangan holda, o‘t ochishni to‘xtatish rejimi 24 noyabrdan oldin joriy etilmasligini xabar qildi.

Isroil milliy xavfsizlik kengashidagilar ham garovdagilarni ozod etish 24 noyabrga qoldirilganini e’lon qilgan.

Jarayon kechikayotgani sababi ma’lum emas. OAVga ko‘ra, isroillik rasmiylar kelishuvning hali yakunlanmagan «kichik tafsilotlari» borligi haqida aytishgan.

Qatar TIV o‘t ochishni to‘xtatish rejimining aniq vaqti «yaqin soatlar ichida» e’lon qilinishini bildirgan.

Sulh doirasida tomonlar G‘azoda harbiy harakatlarni to‘rt kunga to‘xtatish bo‘yicha kelishib olgan. Bu vaqtda anklavga insonparvarlik yordami va yonilg‘i ortilgan yuk mashinalari kirishiga ruxsat beriladi. Isroildagi «Yediot Axronot» gazetasi yozishicha, G‘azoga har kuni yonilg‘i yuklangan sakkizta yuk mashinasi hamda insonparvarlik yordami ortilgan 200 ta fura kirishi mumkin bo‘ladi, Isroil esa olti soat davomida razvedka ma’lumotlari yig‘ishni to‘xtatadi.

Bundan tashqari, kelishuv anklav janubi ustidan dronlar uchishini taqiqlashni nazarda tutadi, shimolda esa bunday qurilmalar parvozlari har kuni faqat soat 10:00 dan soat 16:00 ga qadar amalga oshirilishi mumkin bo‘ladi. Noyabr oyi boshida Reuters va The New York Times AQSh G‘azo sektori janubida uchayotgan razvedkachi dronlar orqali garovdagilar qayerda ushlab turilganini aniqlashga harakat qilayotgani haqida yozgandi.

Kelishuv Qatar, Misr v AQSh vositachiligida tuzilgan

Kelishuv Isroil hukumati tomonidan ma’qullanganidan ko‘p vaqt o‘tmay, u haqda Qatar tashqi ishlar vazirligi e’lon qildi. Vazirlik bayonotida aytilishicha, kelishuv amalga oshirilishining keyingi bosqichlarida garovdan ozod etiladiganlar soni oshiriladi. Gumanitar pauza boshlanish vaqti yaqin vaqtlar ichida e’lon qilinadi; u uzaytirilishi mumkin.

HAMAS siyosiy qanoti vakili Abu Marzuq Qatarning «Al-Jazira» telekanaliga bergan intervyusida sulh mahalliy vaqt bilan 23 noyabr kuni soat 10 da boshlanishini aytgandi.

Shuningdek, Misr va AQSh vositachilar sifatida ishtirok etgan. Oq uydagilar, AQSh hamkorlar bilan birgalikda erishilgan kelishuvni olqishlashi, ammo garovdagi qolgan kishilarning ham ozod etilishi eng muhim vazifa bo‘lib qolayotganini bildirgan. «Ushbu kelishuv muhim ilgarilash hisoblansa-da, HAMAS G‘azo sektorida garovdagilarni ushlab turar ekan, biz xotirjam bo‘la olmaymiz», — deyilgan AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenning bayonotida.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid