Jahon | 13:37 / 23.11.2023
3851
4 daqiqa o‘qiladi

«Ramshtayn» formati: Ukraina havo mudofaasini kuchaytirish uchun koalitsiya tuzildi

Kiyevdagi donorlar konferensiyasini ochar ekan, AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimini kuchaytirish rejalarini ma’lum qildi. Bu tashabbusda yetakchilik Germaniya va Fransiyaga tegishli, dedi Ostin.

Foto: Evgeniy Maloletka/AP Photo/picture alliance

AQSh shafeligida tashkil etilgan Ukraina mudofaasi bo‘yicha («Ramshtayn» formati) aloqa guruhining navbatdagi, 17-konferensiyasi ishtirokchilari yangi koalitsiya tuzishga qaror qildi, uning maqsadi Ukraina havo mudofaasini kuchaytirishdir. 22 noyabr, chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishni ochar ekan, AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin avvalroq Ukraina Qurolli kuchlari Harbiy-havo kuchlari hamda Ukrainaning axborot-texnologik imkoniyatlarini mustahkamlashga qaratilgan koalitsiyalar tashkil etilganini, endi esa Kiyevni yerga asoslangan havo mudofaa tizimlari bilan ta’minlash haqida gap ketayotganini eslatdi.

«Ushbu muhim tashabbusni tashkil etishda Germaniya va Fransiya yetakchiligini olqishlayman. O‘tgan hafta ular o‘zlarining ilk virtual koalitsiya muhokamasini o‘tkazdi. Va biz bu sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun barcha aloqa guruhi resurslarini jalb qilmoqdamiz», dedi Ostin 50 mamlakat vakillari ishtirok etgan yig‘ilishda. Pentagon rahbari Ukraina ittifoqchilarini mamlakat aholisini himoya qilish uchun kelasi qish mavsumi oldidan havo hujumidan mudofaa tizimlari bilan ta’minlashga chaqirdi. 

Ostin: Rossiyaning Ukraina infratuzilmasiga hujumi azoblarni anglatadi 

AQSh Mudofaa vazirligi rahbari noyabr oyi o‘rtalarida Kiyevga qilgan tashrifini ham esladi. Lloyd Ostinning aytishicha, bir necha kun avval rus kuchlari «Ukraina elektr tarmog‘ini ishdan chiqarish maqsadida Kiyev va Ukrainaning boshqa hududlariga yangi raketa hujumlarini uyushtirdi». «Rossiyaning Ukraina infratuzilmasiga hujumlari son-sanoqsiz begunoh Ukraina fuqarolari uchun azob-uqubatni anglatishi mumkin. Lekin men ukrainaliklar o‘z uylari, oilalari va kelajagi uchun kurashayotganda Ukraina xalqi sabr-toqatli bo‘lishiga har doimgidan ham ishonchim komil», - deya ta’kidladi u. 

Ostin, shuningdek, Ukrainaning ittifoqchilari zarur bo‘lganda uni qo‘llab-quvvatlashiga ishontirdi. «Biz Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratmoqdamiz, chunki u bu qishda kurashni davom ettirmoqda va muhim infratuzilmasini himoya qilmoqda», deb tushuntirdi u. Amerika mudofaa vazirining eslatishicha, ukrainaliklar 20 oy davomida Rossiyaga qarshi turish qobiliyatini namoyish etmoqda. U AQSh prezidenti Jo Baydenning so‘zlarini esladi: aybdorlar tajovuz uchun katta narx to‘lamasa, ular tinchlikka tahdid solishda davom etadi. 

Ukrainaga yordam masalasi

Isroilning G‘azodagi harbiy amaliyotini tilga olgan Lloyd Ostin, Ukraina ham, Isroil ham ularni yo‘q qilmoqchi bo‘lgan dushmanlarga duch kelayotganini ta’kidladi. «Biz Eron HAMAS va Rossiyani qurollantirish orqali G‘azoda ham, Ukrainada ham mojaroni kuchaytirayotganini ko‘ryapmiz. Eronning Kreml va HAMASni qo‘llab-quvvatlashi Ukrainaga, Yaqin Sharqdagi barqarorlik va qoidalarga asoslangan xalqaro tartibga zarar yetkazmoqda», - dedi amerikalik vazir. U «AQSh Ukrainani kuchli qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga to‘liq qodir»ligiga ishonch bildirdi. 

«Biz ichki zo‘ravonlik va xorijdagi majburlovga tayanadigan avtokratlarga global xavfsizlik shaklini belgilashiga yo‘l qo‘ymaymiz. Biz birlashamiz, chunki erkin, ochiq, farovon va xavfsiz dunyo haqidagi tasavvurni baham ko‘ryapmiz. Va men bu bilan faxrlanaman. Guruh Ukrainaga yordam berish uchun 80 milliard dollardan ortiq mablag‘ ajratdi», — dedi Lloyd Ostin. 

Ukraina ittifoqchilarining «Ramshtayn» formatidagi joriy uchrashuvida asosiy e’tibor Ukraina havo mudofaasini kuchaytirishdan tashqari frontda Ukraina qo‘shinlariga yordam berishga ham qaratildi. 

Mavzuga oid