Jahon | 08:23 / 24.11.2023
13816
3 daqiqa o‘qiladi

Dublinda bolalarga hujumdan keyin tartibsizliklar boshlandi

Payshanba kuni pichoq bilan qurollangan shaxs o‘tkinchilarga hujum qilib, besh kishiga, jumladan bolalarga tan jarohati yetkazganidan keyin Dublinda ko‘cha namoyishlari boshlandi. Hujum qilgan shaxs qo‘lga olingan, u jazoirlik muhojir ekani aytilmoqda.

Foto: Brian Lawless/PA Images via Getty Images

23 noyabr, payshanba kuni kechqurun Dublinning bir qancha hududlarida tartibsizliklar boshlandi. Politsiyaga ko‘ra, ularning ortida o‘ng ekstremistlar turibdi. Britaniyaning Sky News agentligiga ko‘ra, namoyishchilar va politsiya o‘rtasidagi to‘qnashuvlarga sabab bo‘lgan tartibsizliklar ishtirokchilari soni bir necha yuz kishini tashkil qilgan. Namoyishchilar huquq-tartibot xodimlariga shisha va petardalar uloqtirib, bir necha avtobus va politsiya mashinasini yoqib yuborgan. Ijtimoiy tarmoqlarda do‘konga hujum qilingani aks etgan video tarqalmoqda.

Ko‘chaga chiqqanlar muhojirlarga qarshi shiorlar aytdi. Tartibni tiklash uchun politsiya qo‘shimcha kuchlarni talab qildi, dedi politsiya vakili RTE telekanaliga bergan intervyusida.

To‘polonga bolalar bog‘chasi yaqinidagi hujum sabab bo‘lgan

Irlandiya poytaxtidagi tartibsizliklar shahar markazida pichoq bilan qurollangan erkak o‘tkinchilarga hujum qilganidan bir necha soat o‘tib boshlangan. Internetda hujumchi asli Jazoirdan ekanligi haqida ma’lumotlar tarqalmoqda, biroq buning rasmiy tasdig‘i yo‘q. Politsiya jinoyatchining millati haqida izoh berishdan bosh tortdi.

Hujum kunning ikkinchi yarmida Parnell-skver-Istdagi bolalar bog‘chasi yaqinida sodir bo‘lgan. Jinoyatchi deb taxmin qilingan shaxs uch bola va ularni himoya qilmoqchi bo‘lgan tarbiyachini jarohatlagan. Ikki kishi — besh yoshli qiz va 30 yoshli ayol og‘ir jarohat olgan. Hujumchi politsiya yetib kelguniga qadar o‘tkinchilar tomonidan qo‘lga olingan. Ushlash vaqtida u ham yaralangan.

Jinoyat sabablari noma’lum, biroq politsiya dastlab voqeani terakt deb hisoblamasligini aytdi. Xususan, politsiya vakili Liam Jyerati sodir bo‘lgan voqea yuzasidan jamoatchilikning xavotirini tushunishini, biroq buni shahar yoki mamlakatdagi muammolar bilan bog‘liq bo‘lmagan yakka tartibdagi hodisa deb hisoblashini aytdi. Politsiya tartibsizliklar qatnashchilarini «o‘ta o‘ng mafkura tomonidan boshqariladigan aqldan ozgan bezorilar guruhi» deb ta’riflagan. Keyinroq rasmiylar ataylab terroristik hujum uyushtirish versiyasi ham ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi.

Mavzuga oid