Jahon | 15:39 / 24.11.2023
5446
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya sudi Melitopoldagi portlashda ukrainalikni ayblab, uni 18 yilga hukm qildi

Ukraina fuqarosi Rossiya tomonidan bosib olingan Melitopoldagi portlashlar uchun «xalqaro terrorizm»da ayblandi.

Foto: AP

Rostov-Dondagi harbiy sud Ukraina fuqarosi Dmitriy Golubevni «xalqaro terrorchilik aktini sodir etishda» aybdor deb topib, 18 yilga qattiq tartibli koloniyaga hukm qildi, deb yozadi «Kommersant» gazetasi 23 noyabr, payshanba kuni.

Rossiyalik tergovchilarning fikricha, Golubev Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi («GUR»)ga yollangan, u yerda bomba yasashni o‘rgangan va uchta portlashni tashkil qilish vazifasini olgan.

Rossiya «FSB» ma’lumotlariga ko‘ra, Golubev Melitopoldagi yo‘l politsiyasining tumanlararo ro‘yxatga olish va imtihon bo‘limi binosida portlash uyushtirgan va yana ikkita portlashni rejalashtirgan – yo‘lda va Zaporijjya viloyatidagi okkupatsion ma’muriyat yaqinida. Sud uni terrorchilik faoliyatini amalga oshirish (Rossiya Jinoyat kodeksining 205.3-moddasi), xalqaro terrorchilik aktini sodir etish va yana ikkitasini tayyorlash maqsadida tayyorgarlikdan o‘tishda aybdor deb topdi.

«Men ukrainalikman, Ukrainani himoya qildim»

Golubev ishning faktik holatlarini tan oldi va tergov bilan hamkorlik qildi, deb yozadi «Kommersant». Biroq sudda u o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarning malakasiga rozi bo‘lmadi. «Men ukrainalikman, Ukrainani himoya qilganman. Menda bunday (terrorchilik) yo‘nalish bo‘lmagan, odamlarning o‘lishi maqsadi yo‘q edi», - dedi Golubev sud jarayonida.

Melitopol 2022 yil mart oyining boshida Rossiya qo‘shinlari tomonidan bosib olingan. O‘tgan sentabr oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin RF qo‘shinlari to‘liq nazorat qilmagan «Zaporijjya viloyatini qo‘shib olish» to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Ukraina hududlarining egallab olinishi xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmaydi.

Mavzuga oid