AEXA O‘zbekistonda onkologik yordam ko‘rsatishni yaxshilashga qaratilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlaydi
O‘zbekistonning Avstriyadagi elchisi Baxtiyor Ibragimov Atom energiyasi xalqaro agentligi (AEXA) bosh direktori Rafael Mariano Grossiga ishonch yorliqlarini topshirdi.
«Dunyo» xabariga ko‘ra, marosim doirasida bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikning muhim jihatlari muhokama qilindi. Rafael Grossi AEXA O‘zbekistonga atom energetikasini rivojlantirish, yadro fani va texnologiyalaridan xavfsiz foydalanishda bundan buyon ham yordam berishga tayyorligini ta’kidladi.
U, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikning faol dinamikasini yuqori baholadi va AEXA bo‘linmalarining O‘zbekiston tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorligidan yaxshi xabardor ekanini bildirdi.
Bosh direktor O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi alohida o‘rnini qayd etish barobarida, AEXAning «Umid nurlari» tashabbusi doirasida respublikada onkologik yordam ko‘rsatish imkoniyatlarini yaxshilashga qaratilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini qayd etdi.
Rafael Grossi AEXA O‘zbekistonning kadrlar salohiyatini oshirish va qo‘shma tadbirlar o‘tkazishga ko‘maklashish orqali hamkorlikni kengaytirishga tayyorligini ham bildirdi.
Avvalroq elchi Baxtiyor Ibragimov Avstriya prezidenti Aleksandr Van der Bellenga ishonch yorliqlarini topshirdi, shuningdek, u shtab-kvartirasi Vena shahrida joylashgan Yadro sinovlarini keng qamrovli taqiqlash to‘g‘risidagi shartnoma tashkiloti hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) huzuridagi O‘zbekistonning doimiy vakili sifatida rasman akkreditatsiyadan o‘tdi.
Mavzuga oid
08:39 / 22.11.2024
AEXA rahbari Eron yadro dasturi bo‘yicha hisobot tayyorlaydi
08:30 / 21.09.2024
O‘zbekiston va AEXA o‘rtasida yadro tibbiyoti sohasida bitim imzolandi
22:33 / 20.09.2024
AEXA Rossiyani Zaporijjya AES hududini zudlik bilan tark etishga chaqirdi
13:12 / 05.09.2024