O‘zbekiston | 11:31 / 25.11.2023
8745
2 daqiqa o‘qiladi

Ayrim davlat organlarining nomlari va vakolatlari aniqlashtirilmoqda

Ayrim qonunlarning normalari yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasiga muvofiqlashtirilmoqda, shuningdek, tugatilgan, qayta tashkil etilgan va tashkiliy bo‘ysunuvi o‘zgargan davlat organlarining vakolatlari qaysi davlat organlariga o‘tkazilganligi aniqlashtirilmoqda.

Foto: Senat axborot xizmati

Senatning qirq yettinchi yalpi majlisida “Ayrim qonun hujjatlariga respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining nomlarini muvofiqlashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Qonun bilan ayrim qonunlarning normalari yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasiga muvofiqlashtirilmoqda, shuningdek, tugatilgan, qayta tashkil etilgan va tashkiliy bo‘ysunuvi o‘zgargan davlat organlarining vakolatlari qaysi davlat organlariga o‘tkazilganligi aniqlashtirilmoqda.

Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi negizida Mudofaa vazirligi huzuridagi Mudofaa sanoati agentligi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzurida O‘ztextreyd DUK tuzilganligi sababli “Davlat boji to‘g‘risida”gi, “Lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Ma’muriy islohotlar doirasida Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuriga o‘tkazilgan respublika ijro etuvchi hokimiyat organi etib belgilandi. Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligi obektlari xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi Suv xo‘jaligi obektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi etib qayta nomlangandi. Shu munosabat bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga, “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi, “Veterinariya to‘g‘risida”gi, “O‘simliklar karantini to‘g‘risida”gi va boshqa qator qonunlarga tegishli o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Mavzuga oid