O‘zbekiston | 09:10 / 19.07.2024
1997
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ombudsman vakolatlari kengaytirilishi mumkin

O‘zbekistonda inson huquqlari bo‘yicha vakilning vakolatlari kengaytirilishi kutilmoqda.

17 iyul kuni Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘z-o‘zini boshqarish organlari qo‘mitasi tomonidan “Oliy Majlis inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan ishchi guruh yig‘ilishi o‘tkazildi.

Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan qonun loyihasi 9 bob, 56 moddadan iborat. Qonun loyihasi bilan ombudsmanning institutsional asoslarini mustahkamlash maqsadida xalqaro tajribani o‘rgan holda unda ombudsman o‘z oldida turgan vazifalarini moneliksiz va samarali amalga oshirishi uchun qo‘shimcha kafolatlar belgilanmoqda.

Ombudsmanning faoliyati to‘g‘risidagi ma’ruza Oliy Majlis palatalarining majlislarida har yili eshitilishi nazarda tutilmoqda. Davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar tomonidan inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga oid qonun hujjatlariga rioya etilishi holati to‘g‘risida ombudsman tomonidan prezident va Oliy Majlis palatalariga axborot taqdim etish tartibi mustahkamlanyapti.

Yakunda ishchi guruh tomonidan qonun loyihasini Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi kun tartibiga birinchi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun kiritishga kelishib olindi.

Mavzuga oid