O‘zbekiston | 17:47 / 25.11.2023
15676
9 daqiqa o‘qiladi

«Dok-1 Maks» ishi: Suddan Farmagentlikning yana bir sobiq rahbariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish so‘raldi

Navbatdagi sud majlisida Farmagentlikning sobiq rahbari S.Kariyevni himoya qilayotgan advokatlardan biri ish bo‘yicha guvohlikka chaqirilgan uch kishiga nisbatan jinoyat ishi ochishni so‘radi. Shuningdek, avvalgi sud majlisida ko‘rsatma bergan ekspertlar xulosasiga advokatlar tomonidan shubha bildirildi.

Sud majlisida dastlab sudlanuvchi Musayev va Azimovlarning surunkali kasalligi bo‘yicha o‘tkazilgan tibbiy ekspertiza natijalari e’lon qilindi. Ekspertiza xulosalariga ko‘ra, har ikkala sudlanuvchi ham tavsiya etilgan dori-darmonlarni qabul qilib turishi maqsadga muvofiq. Ammo ularning ayni paytdagi holati ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tashga monelik qilmaydi.

Shundan so‘ng, sudlanuvchi Farmatsevtika agentligining sobiq rahbari S.Kariyevning advokati Temur Rahmatov masalaga daxldor 3 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish bo‘yicha sudga iltimosnoma kiritdi. Ulardan biri Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligida yuqori lavozimlarda, xususan S.Kariyev lavozimidan olinganidan so‘ng uning o‘rnini egallagan Ulug‘bek Egamov.

Jinoyat protsessual kodeksining 417-moddasiga asosan uchta iltimosnoma kiritmoqchiman. Birinchisi, sudda so‘roq qilingan Ulug‘bek Egamovga (Farmatsevtika agentligining sobiq rahbarining birinchi o‘rinbosari sifatida, keyinchalik Farmatsevtika agentligi direktori sifatida ishlagan) nisbatan jinoyat ishi ochish haqida prokuraturaga xabarnoma berish to‘g‘risidagi iltimosnoma. Sudda so‘roq qilingan guvohning harakatlarida jinoyat alomatlari aniqlansa, sudning bu haqida xabarnoma berib, ajrim chiqarishi ko‘zda tutilgan. Ulug‘bek Egamovning dastlabki tergovdagi ko‘rsatmalari, shuningdek, sudlanuvchi A.A.ning unga nisbatan bergan ko‘rsatmasidan xulosa qiladigan bo‘lsak, Ulug‘bek Egamov A.A.ga xizmat vakolatiga kirmagan ish bo‘yicha topshiriq (“Kuraraks” dorisini inspeksion tekshiruvdan olish bo‘yicha) bergani, Telegram'dagi yozishmalaridan ham aniqlangan. Bu haqda skrinshotlar bor. Nimagadir dastlabki tergov Egamovga nisbatan jinoyat ishi qismini bekor ham qilmagan. Bu jinoyat protsessual qonunchiligining qo‘pol buzilishi deb hisoblaymiz. Shu sabab bu haqda prokurorga xabar berish kerak deb o‘ylaymiz”, deydi advokat Rahmatov

Himoyachi jinoyat protsessual kodeksining 417-moddasiga asosan, Ulug‘bek Egamovni mansab-mavqeini suiiste’mol qilganini ta’kidladi. Advokat Temur Rahmatov keyingi iltimosnomasida yana bir guvoh - Farmatsevtika agentligi sobiq rahbarining yordamchisi vazifasida ishlagan Umid Temirovga nisbatan ham jinoyat ishi ochilishini so‘radi. Advokat uni yolg‘on ko‘rsatma bergani va bir qancha hujjatlarni qalbakilashtirganini bildirdi.

Jinoyat ishi materiallari bilan tanishganimizda 1 ta dori vositasi bo‘yicha emas, 2-3 ta dori vositasi bo‘yicha protokol aniqlashtirilgan. Ya’ni bu yerda birinchi qismmas, takroriy holatlar mavjud. Bundan tashqari, sud majlisida kelib, Temirov tergov harakatlarni butkul o‘zgartirdi. Boshida ko‘rsatmalarda bayonnomani ko‘rgandan keyin o‘zgartirdim degan gaplarni sud majlisida boshqacha talqin qilganini ko‘rish mumkin. Bu bo‘yicha, bizning fikrimizcha, umuman boshqa holat bo‘lib chiqyapti. Bu narsani tekshirish kerak”, - deya ta’kidladi himoyachi.

Advokat Rahmatov uchinchi iltimosnomasida sudga guvoh sifatida chaqirilgan Farrux Tolipov haliyam sohada ishlab kelayotganiga e’tibor qaratish lozimligini aytdi.

Dastlabki tergovda S.R.P. (hindistonlik sudlanuvchi) to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rsatma berib, boshqa davlat tomonidan berilgan guvohnomani qalbakilashtirish uchun 1000 dollar berganman dedi. Sudda ”Tolipovga S.R.P.ni taniysanmi?” deb savol berganimizda ”yo‘q” deb javob bergan. Lekin bizning advokatlik surishtiruvlarimiz davomida hindistonlik S.R.P. bilan 25 marotaba telefonlashgani ma’lum bo‘ldi”, deydi advokat Rahmatov.

Davlat ayblovchisi advokatning iltimosnomasini qanoatlantirishni rad etishni so‘radi. Farmatsevtika agentligining sobiq rahbari S.Kariyev boshqa advokatlar tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlangan bo‘lsa, qolgan advokatlar esa himoyasi ostidagi sudlanuvchining manfaatlaridan kelib chiqqan holda iltimosnomani qanoatlantirish yoxud rad etishni bildirishdi.

Sudlov hay’ati mazkur iltimosnoma bo‘yicha aniqlashtiriladigan holatlar borligini, so‘rov yuborilib, aniqlashtirilgan holatlarga ko‘ra, bu bo‘yicha yakuniy qaror keyingi sud majlislarida e’lon qilinishini aytdi.

Keyin sudlanuvchi Kariyevning yana bir advokati o‘tgan sud majlisida ko‘rsatmasi eshitilgan ikki nafar ekspertni noto‘g‘ri xulosa berganligini qayd etdi.

Ekspertlar xulosasidan kelib chiqib, ekspertiza o‘tkazilgan sana va joy ko‘rsatilmagan, asos ma’lum qilinmagan va qaror yoki buyruq chiqarilmagan. Bundan tashqari, ekspertiza tayinlagan organ to‘g‘risida ma’lumot berilmagan”, deydi advokat Xudoyberganov.

Advokat ekspertlarning ”Kuraraks” dori vositasining savdo nomi o‘zgartirilgan deb berilgan xulosasiga e’tiroz bildirdi. Qo‘shimcha qilishicha, 213-modda bilan tasdiqlangan nizomda bu narsa belgilab qo‘yilgan. Ariza qanday shaklda berilishi ko‘rsatilmagan.

Advokat, shuningdek, GMP sertifikati masalasiga to‘xtaldi:

Mazkur hujjatning muddati o‘tmagan, muddati tugagandan keyin elektron shaklda davlat xizmatlari markaziga murojaat qilingan. O‘sha vaqtda markazda elektron tarzda taqdim qilingan hujjatlar bilan ishlash amaliyoti rivojlangan, qog‘oz hujjatlarga e’tibor 2-darajada bo‘lgan. O‘tgan sud majlisida so‘roq qilingan Rustam To‘laganov esa faqat qog‘oz shaklidagi hujjatlar bilan tanishganini aytgan edi. Shuningdek, Vazirlar mahkamasining 213-sonli qarori bilan ekspertlar tanishtirilmagan. Ekspertlarning ko‘rsatmalari bir-biriga mos kelmayapti. Hujjatni nomaqbul deb dalillar safidan chiqarishingizni so‘rayman”, deydi advokat Xudoyberganov.

Advokatning ta’kidlashicha, mazkur xulosa protsessual tartibda emas, balki DXX tomonidan yuborilgan birgina aloqa xatiga asosan tuzilgan.

Advokat so‘zi yakunida Sog‘liqni saqlash vazirligining ekspertlari tomonidan “Dok-1 maks” ishi bo‘yicha tuzilgan xulosani nomaqbul dalil deb topish va dalillar ro‘yxatidan chiqarishni so‘rab, iltimosnoma taqdim etdi. Mazkur iltimosnomani ham deyarli barcha advokatlar qanoatlantirilishini so‘rashdi.

"Dok-1 maks" ishi bo‘yicha navbatdagi sud majlisi 27-noyabr kuni davom etadi.

Avvalgi sud majlislarining ayrim tafsilotlari

“Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha sudning avvalgi majlislarida hindistonlik tadbirkor o‘ziga tegishli korxonaga inspeksion tekshiruv tushishining oldini olish, shuningdek, O‘zbekiston hududiga “Dok-1 Maks” siropi kabi yana bir talabga javob bermaydigan ”Kuraraks” dorisiga ruxsat olishga uringanini aytib, agentlikning sobiq xodimiga 33 ming dollar berganini tan olgandi.

Toshkent shahar sudida 15 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida guvoh hozir ishsiz bo‘lgan Ulug‘bek Egamov ko‘rsatmasi tinglangandi. U jinoyat ishiga sabab bo‘lgan hodisalar yuz bergan paytda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori o‘rinbosari, keyinchalik esa agentlik rahbari lavozimida ishlagan.

Sudda sudlanuvchi S.Kariyev ochiqdagi hamkasbiga jinoyat ishi ochilishini so‘radi. Sudlanuvchining aytishicha, tergov paytida Hindistonning ”Kuraraks” dorisini (ya’ni 33 ming dollar pora evaziga inspeksion tekshiruvdan olib tashlangan dori vositasi) inspeksion tekshiruvdan olib tashlash bo‘yicha agentlikdan topshiriq bo‘lgan. Bu ish esa Farmagentlikning sobiq rahbari S.Kariyev nomidan uning o‘rinbosari Ulug‘bek Egamov topshirig‘iga ko‘ra qilingan.

Sudlanuvchi S.Kariyev sudga guvoh sifatida chaqirilgan Ulug‘bek Egamovga yuzlanib, “Kuraraks” dorisini inspeksion tekshiruvdan olib tashlash bo‘yicha menga murojaat qilganmiding”, dedi. Guvoh Ulug‘bek Egamov savolga javoban bu bo‘yicha unga murojaat qilmaganini bildirgan. Shundan so‘ng, sudlanuvchi guvohdan dorini inspeksion tekshiruvdan olib tashlash uchun olingan 33 ming dollarning qancha qismi unga tekkanini so‘ragan. Guvoh bu pullarni ko‘rmaganini ma’lum qilgan.

Mavzuga oid