Jahon | 14:31 / 25.11.2023
4652
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Raqamli rivojlanish vazirligi yagona videokuzatuv tizimini yaratishni taklif qildi

Raqamli rivojlanish vazirligi Rossiyaning barcha videokuzatuv tizimlarini birlashtirish va ularni yuzni tanish tizimiga ulashni taklif qildi.

Foto: Picture Alliance

Raqamli rivojlanish vazirligi Rossiyadagi barcha shahar videokuzatuv tizimlaridan ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash uchun yagona milliy platforma yaratishni taklif qildi. Bu haqda «Kommersant» gazetasi 24 noyabr, juma kuni mahkama loyihasiga tayanib xabar berdi.

Raqamli rivojlanish vazirligi g‘oyasiga ko‘ra, barcha hududiy tizimlar yagona platformaga ulanadi. Ayni paytda 1 million 200 ming dona videokuzatuv kameralarining faqat yarmi davlat mablag‘lari hisobidan o‘rnatilgan va markazlashtirilgan tizimlarga ulangan. Mintaqaviy hokimiyatlar shaxsiy kameralardan foydalanish imkoniga ega emas.

Mahkama 2030 yilda Rossiyada videokuzatuv kameralari soni 5 millionga yetishini va ularning barchasi video-oqimni qayta ishlashga qodir tizimlarga ulanishini kutmoqda. Idora kirish yo‘laklaridagi kameralarni tizimga ulashni taklif etmoqda. Video yuzni tanish mexanizmlari yordamida tahlil qilinadi.

Kuzatuv tizimini yaratish o‘nlab milliard rublga tushishi mumkin

Raqamli rivojlanish vazirligi rahbari Maqsut Shadayev tizimni yaratishni «Ma’lumotlar iqtisodiyoti» milliy loyihasiga kiritishni taklif etdi. Vazirlik platformani ishlab chiqish xarajatlarini 12 milliard rublga baholamoqda. «Kommersant»ning yirik IT-kompaniyadagi suhbatdoshi sub’yektlardagi videokuzatuv tizimlaridan markazlashtirilgan milliy ma’lumotlar bazasiga videoni bu tarzda o‘tkazish «Raqamli rivojlanish vazirligi nazarda tutganidan besh-olti baravar ko‘p xarajatlarni» talab etishi mumkinligini taxmin qildi.

Moskva va mintaqalarda videokuzatuv tizimlarini tashkil etish bilan tanish bo‘lgan «Kommersant» manbasi ma’lumotlarni markazlashtirishdan ma’no yo‘q deb hisoblaydi. «Hududlardagi hodisalar haqidagi ma’lumotlar hududlardagi xizmatlarga kerak, ularni milliy platformaga o‘tkazishning hojati yo‘q, bu juda qimmat, videoma’lumotlarning barcha iste’molchilari uchun funksiyasi kam va mahalliy xizmatlar tomonidan foydalanilmaydi», deb izoh berdi nashr suhbatdoshi. 

The Bell nashrining hisob-kitoblariga ko‘ra, agar loyiha amalga oshirilsa, butun Rossiya bo‘ylab videokuzatuv zichligi har 100 kishiga 0,8 kameradan Moskva darajasidagi 2,3 kameraga ko‘tariladi. Moskvada kameraga asoslangan yuzni tanish tizimi 2019 yildan beri ishlamoqda hamda siyosiy ishlarda va fuqarolik faollarini aniqlashda faol foydalanilmoqda. 

Mavzuga oid