Jamiyat | 12:31 / 25.11.2023
40677
6 daqiqa o‘qiladi

SSSR davrida tug‘ilgan erkaklarning chap qo‘l ko‘rsatkich barmog‘iga chandiq urilganmi? Internetda tarqatilgan navbatdagi yolg‘on

Bir necha kundan buyon ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida bir ma’lumot tarqatilmoqda. Unga ko‘ra SSSR davrida tug‘ilgan erkaklarning chap qo‘l ko‘rsatkich barmog‘ida ko‘z ilg‘ar-ilg‘amas chandiq bor. O‘sha paytda qandaydir tajriba uchun yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning ko‘rsatkich barmog‘ini tilib shunday chandiq qoldirishgan, degan gap qanchalik haqiqatga yaqin?

Foto: Kun.uz

Bundan bir necha kun oldin ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida g‘alati bir xabar tarqaldi: SSSR davrida tug‘ilgan erkaklarning chap qo‘l ko‘rsatkich barmog‘ida kichik, ko‘z ilg‘ar-ilg‘amas chandiq bor.

Aytishlaricha, sovet davrida tug‘ilgan o‘g‘il bola chaqaloqlarning barmog‘i qandaydir tajriba uchun tilingan va oqibatda shu chandiq qolgan. Bu gaplar qanchalik haqiqat?

Sovet davrida tug‘ilganlarning chap qo‘l ko‘rsatkich barmog‘ida chandiq borligi haqidagi xabar ijtimoiy tarmoqlarning rus segmentida 2018 yilda tarqala boshlagan va muhokamalarga sabab bo‘lgan.

Bu haqida birinchi bo‘lib rossiyalik taniqli jurnalist Oleg Kashin yozgan. U ijtimoiy tarmoqlarda chandiq haqidagi muhokamalarga ko‘zi tushgan va darhol barmoqlarini tekshirgan.

Kashinning ham chap qo‘l ko‘rsatkich barmog‘ida xuddi shunday chandiq bor ekan.

Shundan so‘ng u bu haqda X (sobiq Tvitter) ijtimoiy tarmog‘ida post qoldirgan. Yoshi katta erkaklar post ostiga chandig‘i bor barmoqlarining suratini joylay boshlashgan.

Sovet davrida tug‘ilgan barcha erkaklarning barmog‘ida chandiq bormi?

Yo‘q. «Barcha erkaklarning chap qo‘l ko‘rsatkich barmog‘ida chandiq bor» degan gapni rad etish juda oson. Chunki sovet davrida tug‘ilganmi yoki undan keyinmi chap qo‘l ko‘rsatkich barmoqlarida chandiq bo‘lmagan odamlar juda ko‘p.

Bunday odamlar o‘sha paytda Kashinning posti ostiga izoh yozib, barmoqlarida hech qanday chandiq yo‘qligini ma’lum qilishgan. Demak, «SSSR davrida tug‘ilgan barcha o‘g‘il bolalarning chap qo‘l ko‘rsatkich barmog‘ini qandaydir maqsadda tilishgan, shu tufayli chandiq qolgan» degan gaplar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

Erkaklarning chap qo‘l barmoqlarida chandiq ko‘pmi?

Ha, lekin buning sovet davriga ham, qandaydir yashirin tajribaga ham aloqasi yo‘q. 2014 yilda International Journal of Legal Medicine jurnali odamlarda qo‘lning orqa qismida chandiqlar paydo bo‘lishi (barmoqlar ham qo‘lning bir qismi hisoblanadi) bo‘yicha tadqiqotni e’lon qiladi.

Mutaxassislar 238 kishi - 177 erkak va 61 ayol ishtirokida tadqiqot o‘tkazishadi va barcha qo‘llarning fotosuratlari bazasini tuzishadi Tadqiqotda qatnashganlar orasida turli ishlarni o‘ng va chap qo‘lda bajaruvchilar va bitta ambidekstr (ikki qo‘lda ham birday ish bajaruvchi odam shunday deb ataladi) odam bor edi.

Ma’lum bo‘lishicha, tadqiqot uchun tushirilgan fotosuratlarda har bir erkakning o‘ng qo‘lida o‘rtacha 1,42 tadan, chap qo‘lida esa deyarli ikkitadan chandiq bor edi. Shu bilan birga, o‘rganilgan barcha erkaklar qo‘lining to‘rtdan birida hech qanday chandiq bo‘lmagan.

Chap qo‘l ko‘rsatkich barmog‘ida chandiqlar ko‘p bo‘ladimi?

Unchalik emas. O‘tkazilgan tadqiqotda erkaklarning barmoqlarida eng ko‘p chandiq o‘ng qo‘lning ko‘rsatkich barmog‘ida aniqlangan – barcha chandiqlarning 32 foizi.

Chap qo‘l ko‘rsatkich barmog‘i biroz ortda qolgan va aniqlangan chandiqlarning 31 foizi unda bo‘lgan. Barmoqlarni bir butun sifatida olganda shunday natija bo‘lgan.

Agar barmoqlarning bo‘g‘imlari bo‘yicha hisoblanganda eng ko‘p chandiq chap qo‘l ko‘rsatkich barmog‘ining o‘rta bo‘g‘imida – 34 ta chandiq.

Qisqa qilib aytganda tadqiqotchilarning xulosalari shunday – erkaklar chap qo‘lining ko‘rsatkich barmog‘ida boshqa barmoqlarga qaraganda ko‘proq chandiq uchraydi.

Ayollar barmog‘ida ham chandiqlar bormi?

Juda kam. Tadqiqotda qatnashgan ayollarning barmoqlarida erkaklarnikiga qaraganda chandiqlar ancha kamligi aniqlangan. Aslida kam odam ishtirok etgan tadqiqot aniq xulosalarni bermaydi.

Biroq o‘sha tadqiqotlar ham ma’lum bir masalada boshlang‘ich taassurotlarni beradi. Ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan tadqiqotlarda chandiqlar asosan ularning o‘ng qo‘lida, ko‘rsatkich va o‘rta barmoqlarda bo‘lishi aniqlangan.

O‘ng qo‘llar chap qo‘llarini, chap qo‘llar esa o‘ng qo‘llarini kesadimi?

Tadqiqotga ko‘ra aksariyat hollarda shunday bo‘ladi. Chunki odamlar tig‘li buyumlarni qaysi qo‘lida ushlasa ikkinchi qo‘lini kesishi ehtimoli ko‘proq bo‘ladi.

Ana shu mantiqdan kelib chiqilsa aksariyat odamlar, shu jumladan erkaklar tig‘li buyumlarni o‘ng qo‘lda ushlashadi va chap qo‘llari barmoqlarini jarohatlashadi. Ya’ni «zaif» qo‘l barmoqlari ko‘proq «jabrlanadi».

Xulosa

Erkaklarning chap qo‘l ko‘rsatkich barmog‘ida ko‘z ilg‘amas chandiq SSSRda tug‘ilgan bolalarda qandaydir tajriba o‘tkazilgani natijasida bo‘lgan, degan gaplar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

Bu haqda tarqatilayotgan xabarlarda ham asos yo‘q. Shunchaki chap qo‘l ko‘rsatkich barmog‘ida chandiqlar turli sabablar bilan paydo bo‘lgan. Faqat odamlar buni har doim ham eslab qolavermaydilar.

Internet manbalari asosida G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi. 

Mavzuga oid