G‘azo geosiyosiy va geoiqtisodiy muhim nuqtami?
Isroilning G‘azoga bosqini davom etar ekan, juma kundan to‘rt kunlik o‘t ochmaslik sulhi tuzildi. “Geosiyosat” loyihasi doirasida bir necha bor ushbu konfliktni tahlil qildik. Asosan ushbu tarixiy nizo e’tiqodlar to‘qnashuvi sifatida tanilgani sir emas. Lekin G‘azoning geosiyosiy va geoiqtisodiy o‘rni qanday? Isroil atrofidagi arab davlatlaridan o‘zini tan olinishidan tashqari yana nima xohlaydi? Ayni mana shu savollar yuzasidan yaqin sharq masalalari bo‘yicha ekspert Shavkat Ikromovga yuzlandik.
— Mintaqada G‘azoning geosiyosiy o‘rni qanday?
— G‘azo strategik ahamiyatga ega bo‘lgan hudud. Geosiyosiy va geoiqtisodiy jihatlar ta’sir ko‘rsatishga ega, lekin ahamiyati juda yuqori emas. G‘azo Falastin qarshilik ko‘rsatish harakatining markazi ham hisoblanadi. Bu yerni 2007 yildan buyon HAMAS tashkiloti nazoratga olgan.
Bundan tashqari, G‘azoga Isroildan, Misr, Iordaniya, Suriya va Falastinning o‘zidan ko‘plab migrantlar kirib kelgan. Shuning uchun ham bu yerda 3 mlnga yaqin aholi bor. Dunyodagi aholi eng zich joylashgan hududlardan biri. Falastin qarshilik harakatidan tashqari ham G‘azoga boshqa yerdan kelgan kichik guruhlar joylashgan, jinoyatchilik va korrupsiya ham yuqori darajada. Inson huquqlari poymol qilinishi, demokratiyaga qarshi harakatlar, jinoyatlar G‘azodagi oddiy holga aylanib qolgan.
G‘azo dunyodagi qishloq xo‘jaligiga ega bo‘lgan kam sonli shaharlardan biri. Bu yerga resurslar kirib kelishi cheklangan, chunki 2 ta chegarasi bor, ya’ni Isroil va Misr bilan. Nizolar tufayli bu chegaralar ham yopilib turadi. Asosan xalqaro gumanitar yordamlar bilan kun ko‘rishadi.
G‘azoda chuchuk suv zaxiralari mavjud edi, ammo oxirgi bir necha o‘n yilda faol o‘zlashtirilgani uchun chuchuk suv ham muammoga aylanib qolgan.
G‘azo inqirozi boshlangandan beri bilvosita tarzda neft savdosiga ham ta’sir qilmoqda. Xalqaro energetika qo‘mitasiga ko‘ra, urush G‘azodan tashqariga chiqsa, jahonda neft narxi bo‘yicha beqarorlik kuzatiladi. Ammo bu borada hali bunday keskin ta’sirlar kuzatilmadi. Neft narxi ma’lum darajada ko‘tarildi, menimcha, bunga sabab o‘tgan asrdagidek neft inqirozi bo‘lishidan xavotirlar bo‘ldi. Bundan tashqari, Eronning HAMASga yordam berayotgani aniqlansa, Eron neftiga sanksiyalar joriy qilinib, neft narxi ko‘tariladi degan xavotirlar ham bor.
G‘azo ham, Isroil ham neft zaxiralariga ega emas. Lekin dunyo bozoridagi holatga ta’sirini o‘tkaza oladi. Narxlar ko‘tarilishiga neft logistikasi xavfsizligi beqarorlashgani ham sabab bo‘ldi. Konflikt kuchayib yoki kengayib borsa, vaziyat og‘irlashadi.
Isroilning gaz zaxiralari mavjud. Isroil Ukraina urushi fonida Yevropaga gaz yetkazib berishni yo‘lga qo‘ymoqchi edi, chunki Rossiya gazidan voz kechilgan vaziyatda taqchillik kuzatilayotgan edi. Ammo G‘azo urushi boshlangach, bu loyiha to‘xtadi. Chunki tranzit davlat Turkiya bo‘ladi, u esa HAMAS tarafida.
G‘azo tranzit hudud yoki port shahar emas. Ammo Misr va Isroil hududlaridan o‘tadigan tranzit yo‘laklari urush boshlangach yopildi yoki xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Ba’zi to‘lovlar 50 foizgacha qimmatladi. Bu esa mahsulotlar tannarxiga ta’sir qiladi. Umuman, G‘azo to‘g‘ridan to‘g‘ri geosiyosiy, strategik muhim ahamiyatga ega emas, ammo mana shunday ta’sirlar ko‘rsatishi mumkin.
— G‘azodan tashqari boshqa Falastin yerlari ham shunday geosiyosiy muhim bo‘lmagan nuqtalarmi?
— Falastinning o‘zi, g‘arbiy sohil haqida bunday deb bo‘lmaydi, yuqorida faqat G‘azo haqida gapirildi. G‘azo o‘zi uzunligi 40 km, eni eng keng joyi 12 km bo‘lgan juda kichik hudud.
— Geosiyosiy o‘rnidan tashqari G‘azoning geoiqtisodiy o‘rni haqida fikr bildirsangiz?
— Kelajakdagi loyihalar bo‘yicha muhim nuqta bo‘lishi mumkin G‘azo, ammo aynan hozirgi holatda muhim iqtisodiy hudud emas, transport yo‘laklari yo‘q. Bu yerda ertaga nima bo‘lishini prognoz qilish qiyin, vaziyat murakkab.
Falastin davlati tashkil bo‘lishi haqida gaplar bo‘lyapti, AQSh bayonotlaridan ham sezilyapti. Ammo bunday mujdalar 1973 va 1979 yillarda ham bo‘lgandi. Ammo natija bo‘lmadi.
1967 yildagi 6 kunlik urushda Isroil Sinay yarimoroli bilan birga G‘azoni ham bosib olgan va 1979 yildagi kelishuvlarga ko‘ra, bu yerdan chiqqan. G‘azoda asosan Isroil okkupatsiyasidan aziyat chekkan, quvg‘in arablar yashaydi. Ularda qasos olish istagi kuchli. Ular bilan diplomatiya qilib bo‘lmaydi, yerlarini qaytarib olishni istaydi ular. Ammo Isroil bu yerlarni hech qachon qaytarmaydi. AQSh va G‘arb Isroilni qo‘llar ekan, u hech qachon 1967 yilgi chegaralarga qaytmaydi.
— Isroil tan olinishidan tashqari atrofidagi davlatlardan nima xohlaydi, uning transchegaraviy daryolardan foydalanish faoliyati qanday?
— Isroil davlat sifatida tan olinishi talabidan tashqari transchegaraviy daryolardan foydalanish talabi ham bor. Iordaniya, Suriya, Livan va Falastin bilan shunday kelishmovchiliklar bor. Isroil suv oladigan daryolarning ko‘p qismi Iordaniyadan oqib boradi. Bu daryolardan Iordaniyaning o‘zi va Suriya ham foydalanadi, qishloq xo‘jaligini shakllantiradi.
Bilamizki, Isroil qishloq xo‘jaligida katta muvaffaqiyatlarga erishgan. Mahsulotlarini eksport ham qiladi. Ammo suv manbalari nisbatan yaxshi bo‘lgan Iordaniya qishloq xo‘jaligi u darajada emas.
Suv masalasi Isroil va arab davlatlari o‘rtasida doim muammoli bo‘ladi, lekin deyarli aytilmaydi. 80-yillardagi Isroil-Livan to‘qnashuvlari, Iordaniya bilan to‘qnashuvlar ham suv masalasida bo‘lgan, Isroil ma’lum suv havzalariga egalik qilishni ko‘zlagan, lekin boshqa sabablar ko‘rsatiladi. Ya’ni Isroil xavfsizligiga tahdid soluvchi guruhlar bor, suvdan foydalanish shartlari buzilyapti kabi vajlar bilan. Isroil hujumlari oqibatida Iordaniya va Livanda o‘n martalab suv omborlari va to‘g‘onlar buzilgan, qayta tiklangan.
Isroil egallab olayotgan va o‘ziga qo‘shib olayotgan qishloqlar aynan suv havzalariga yaqin bo‘lgan qishloqlar hisoblanadi.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi
Mavzuga oid
22:51
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
14:54
Bayden XJSning Netanyahuni hibsga olishga order berishiga munosabat bildirdi
21:00 / 21.11.2024
AQSh–Xitoy ziddiyati va Tayvan omili: Trampdan nima kutish mumkin?
17:37 / 21.11.2024