O‘zbekiston | 15:05 / 26.11.2023
20771
12 daqiqa o‘qiladi

Iqtisodiyot yoki ta’lim – mamlakatda bulardan qay birining rivojlanishi muhim?

O‘zbekistonda ta’limga bo‘lgan talab unchalik yuqori emas, chunki inson kapitaliga bo‘lgan investitsiyalarning bozordagi qiymati baland emas. Lekin iqtisodiy o‘sish boshlansa, malakali kadrlarga talab oshadi, bu ularning daromadi keskin oshishiga olib keladi. Asta sekinlik bilan ta’limi bor va yo‘qlarning orasida katta farq kuzatiladi, shu farq esa  ta’limga investitsiya qilishga sababchilardan biri bo‘ladi, deydi iqtisodchi Behzod Hoshimovning Kun.uz’ga bergan intervyusida.

Insonlarning bilimli bo‘lishi, buning ortidan jamiyatning ham ongi yuksalishi har davr uchun o‘ta dolzarb va muhim masala bo‘lib kelgan. Chunki mamlakat rivojlanishi bir qadar undagi ta’lim tizimining yo‘lga qo‘yilganiga bog‘liq. Ammo jarayonda boshqa omillar, misol uchun, davlatning iqtisodiy taraqqiyoti birlamchi hisoblanishi, ta’lim shundagina yaxshilanishi haqida ham fikrlar bildiriladi.

Xo‘sh, ta’lim va iqtisodiyot bir-biriga qanchalik bog‘liq? Birinchi navbatda, bulardan qaysi birining o‘sishi muhim? Kun.uz  ayni mavzuni muhokama qilish uchun iqtisodchi, AQShning Viskonsin universitetidan falsafa doktori (PhD) Behzod Hoshimov bilan suhbatlashdi.

Behzod aka, yaqinda “Manipulyativ diktatorlar” kitobining mualliflaridan biri Sergey bilan qilgan intervyungizda bir fikr ilgari surilgan ekan, ya’ni “ta’lim ko‘rgan, bilimli insonlar sinfining kengayishi sabab manipulyativ diktatorlarning ham hokimiyatini saqlab qolishi murakkablashadi. Iqtisodiy o‘sishning bazasi asli ta’lim ko‘rganlar sinfi hisoblanadi”.

Men dastlab intervyuni shundan boshlamoqchiman, ya’ni rivojlanishda bulardan qaysi birining taraqqiyoti muhim, ta’limmi yoki iqtisodiyot? Bu ikkisi bir-biriga qanchalik bog‘liq?

– Savol uchun katta rahmat. Bir-ikkita narsani aytib o‘tmoqchi edim. Birinchisi, Treysman va Go‘riyevning hammuallifligidagi kitobi, umuman demokratiyalar haqida gap ketadigan bo‘lsa, ta’lim deganda spetsifik narsani tushunishadi. Birinchisi bu – oliy ta’lim, oliy ta’lim deganda ham nihoyatda keng qamrovli ta’lim haqida gap ketyapti. Ya’ni insonlar ijtimoiy fanlardan xabardor, erkinlik g‘oyalari haqida eshitishgan [shunday odamlar haqida gapirilsa], ularni manipulyatsiya qilish nisbatan qiyinroqligi haqidagi gap edi.

So‘ragan savolingizga javob beradigan bo‘lsak, oldin iqtisodiy rivojlanishmi yoki ta’lim, yo ta’lim rivojlanishi yoki iqtisodmi deganingizda, bularni bir-biridan ajratish qiyinroq. Odatda iqtisodiy rivojlanish natijasida ta’limga bo‘lgan talab oshib boradi va bu orqali ta’lim ham rivojlanadi. Bu ikki narsa bir-birini rivojlantirib boradi. Buni qanday ma’noda tushunsak bo‘ladi? O‘zbekistondek davlatni olsak, ta’limga bo‘lgan talab unchalik katta emas, chunki inson kapitaliga bo‘lgan investitsiyalarning bozordagi qiymati unchalik baland bo‘lmasligi mumkin. Lekin iqtisodiy o‘sish boshlansa, shu jarayonda malakali insonlarga talab oshadi, bunday toifadagi insonlarning ko‘payishi esa ularning daromadi keskin oshishiga olib keladi. Ya’ni ta’limi bor va yo‘qlarning orasida katta farq kuzatiladi, shu farq esa insonlarning ta’limga investitsiya qilishiga sababchilardan biri bo‘ladi. Shuning uchun iqtisodiy rivojlanish kuzatilgan mamlakatlarda ta’limning sifati ham, qamrovi ham oshib boradi. Iqtisodiy rivojlanishsiz ta’limga investitsiya qilish yoki uning o‘sishiga erishish o‘zidan o‘zi qiyin. Ta’limga qilingan investitsiyalar qaysidir joylarda pullashtirishning iloji bo‘lmasa, ya’ni masalan, bir xil mamlakatlar bor, o‘zining bozori uncha rivojlanmasa ham ulardagi kvalifikatsiyasi yuqori, malakasi yuqori bo‘lgan insonlar chet el mehnat bozorlarida o‘z baxtlarini topishadi va shu sabab iqtisodiyoti rivojlanmagan bo‘lsa ham, ularning ta’limi rivojlangan bo‘lishi mumkin.

Ta’lim deganimizda umumiy ta’lim haqida gap ketyapti, bunda maktab va oliy ta’lim ham, boshqa ixtisoslashgan ta’lim haqida ham gapiryapman. Ta’lim ham boshqa investitsiyalar singari rag‘batlarga ega. Rag‘batlar bo‘lsa, insonlar ta’limga investitsiya qilishni o‘ylashadi. Mana shu qarorimizning asosiy o‘lchovlaridan biri shu investitsiyalarimizni pullashtirishning iloji bormi? Albatta, bu kelajakni o‘ylab qilingan narsa. Bir xil vaqtda insonlarning qarori uzoq muddatni o‘ylab qabul qilinmaydi. Umuman olganda, odamlarning ijtimoiy sohalarga investitsiya qilishi kelajakdagi kutilmalarga bog‘liq bo‘ladi, agarda mamlakatda shu kutilmalar yaxshi bo‘lmasa, ta’limga investitsiyalar insonlar tomonidan kamroq bo‘lishi mumkin. O‘sha-o‘sha mamlakatda kelajakka nisbatan optimizm orsa, shu mamlakat rivojlanishiga yoki u yerdan ketishiga ishonchi ko‘proq bo‘lsa, balki ular ta’limga investitsiya qiladi.

Yaqinda O‘zbekistonda aholining iste’mol kayfiyati raqamlarda e’lon qilindi. Ya’ni fuqarolarning qanchasi qaysi sohalarga qancha miqdorda xarajat qilishi aytildi. Masalan, mana shu xarajatlarning eng katta miqdori ta’limga to‘g‘ri kelgan. Bu borada nima deya olasiz?

– 2 ta sababga ko‘ra, bu yaxshi yangilik bo‘lishi mumkin. Birinchidan, O‘zbekistonda ham ta’limni pullash imkoniyati mavjud bo‘layotgani, ya’ni ta’lim olgan va olmagan insonlarning daromadlarida farqlar kuzatilishini boshlanishiga olib kelayotgan bo‘lishi mumkin. Bazaviy ta’lim darajasining pastligidan ham yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin. Sababi, bilasiz, ko‘p yillardan beri O‘zbekistonda oliy ta’lim qamrovi juda past bo‘lgan va hozir oliy ta’limi mavjud insonlar O‘zbekistonda juda kam miqdorni tashkil etadi. Shuning uchun bozordagi qandaydir kvalifikatsiyaga ega bo‘lgan insonlarga talab sal yuqori bo‘lgani uchun ularning daromadlari ta’limi yo‘q odamlardan balandroq bo‘lishi va shuning uchun ham hozir ta’lim olishga rag‘bat ko‘paygan bo‘lishi mumkin.

Ikkinchi sababini O‘zbekiston ochilgani va insonlarning chet el bozorlariga chiqib ketish imkoniyati yaratilgani bilan bog‘lash mumkin. O‘zbekistonning ixtiyoriy shahrida yursangiz hamma yerda ingliz tili kurslari ochilyapti, u kurslarni bitirib borgan hamma odamlar ham chet elda ishlaydi degani emas, lekin qanchadir qismi inglizzabon bozorlarda o‘zini sinab ko‘rishiga ham sabab bo‘lishi mumkin. Shuning uchun [ta’limga bo‘lgan xarajatlarning oshishini] iqtisodiy o‘sish sabab emas, chet el bozorlarida o‘z kuchi va imkoniyatlarini sinab ko‘rish oshgani sabab O‘zbekistonda ta’limga investitsiya qilish jozibador ko‘ringan bo‘lishi mumkin.

Daromad ko‘rishning qanchadir qismidan so‘ng insonlar ta’limni ko‘ngilochar narsadek qabul qilishni boshlashadi. Masalan, kimdir borib falsafa o‘qiydi, shunga Kant nima deganiga qiziqadi. O‘zbekistondek joylarda o‘z xohishi uchun nimadir qilish nihoyatda qimmat, shuning uchun O‘zbekistondek, hatto AQShdek mamlakatlarda ham qandaydir ma’noda ta’limning maqsadi bolalarga malaka va ko‘nikmalar berish va shu ko‘nikmalarni yuqoriroq daromadga aylantirishdir. AQShda umri davomida oliy ta’lim olgan insonlar bilan, oliy ta’lim olmagan insonlar ikki barobar ko‘proq pul topadi, Rossiyada esa bu raqam 40 foiz ko‘proq. Siz masalan, oliy ta’limga borganingizda talaba sifatida kam pul topasiz, sizning oliy ta’limga bormagan tanishingiz esa maktabni bitiriboq manfiy pul topishni boshlaydi. Keyinchalik ikkingiz topayotgan daromadlarni solishtirsangiz, oliy ta’lim olgan odamning daromadi ko‘proq ko‘rinishi mumkin. Rivojlangan dunyoda daromad nuqtai nazaridan oliy ta’lim ancha to‘g‘ri investitsiya hisoblanadi va shuning uchun odamlar shuni qiladi.

O‘zbekiston sharoitida budjet mablag‘lari hisobidan eng ko‘p pul ajratiladigan sohalardan biri aynan ta’limdir. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga har yili xarajatlari uchun yaxshigina summada mablag‘ beriladi, masalan, keyingi yil uchun 46,6 trln so‘m berilishi kutilmoqda. Uning eng katta qismi, ya’ni 80 foizga yaqini pedagoglar oyligiga sarflanadi.

Ammo gap shundaki, juda ko‘p deyiladigan miqdor ham aslida ko‘p emasdek va shu sabab ham ta’limning rivojlanishiga hissa qo‘shmayotgandek. Bu borada siz qanday fikrdasiz, aslida ta’limning rivojlanishi uchun qancha mablag‘ yo‘naltirilishi kerak? Umuman ta’limda mablag‘lar taqsimotini qanday ko‘rasiz?

– Nisbiy raqamlar emas, absolyut raqamlarda ham fikrlasak bo‘ladi. Nisbiy raqamlarda olsak, O‘zbekistonda boshqa joylar kabi budjetimizning eng katta xarajat qismi, albatta, ta’lim. Lekin buning eng katta sababi O‘zbekiston kambag‘al mamlakat bo‘lgani. Chunki agar siz aytgan summangizni o‘quvchi boshiga bo‘lsangiz, ming dollar ham chiqmasligi mumkin. Nima demoqchiman, bizda budjetning eng katta qismi ta’limga sarflanadimi? Ha. Lekin so‘m miqdorida hisoblasangiz, bu unchalik katta raqamlar emas. Nima uchun degan savolga esa, bizda o‘zi davlatda uncha ko‘p pul mavjud emas, shuning uchun ham ta’limga uncha ko‘p ajrata olishmaydi. Bir xonadonni olaylik, ular oyiga 2 mln so‘m ishlab topadi va 95 foiz daromadini ovqatga sarflaydi. Shu xonadon budjetiga qarab juda ko‘p ovqatlanarkan deyishingiz mumkin. Lekin qaysidir xonadon 200 mln so‘m oylik oladi deylik, u esa 10-5 foizini ovqatga ishlatadi, bunga qarab ular kam ovqat yer ekan deyishingiz mumkin. Lekin dollar qismida ikkinchi xonadonniki ko‘proq bo‘lishi mumkin. Ya’ni xonadonning daromadidagi foizi muhim emas, eng muhimroq qismi absolyut qiymatda, ya’ni qancha pul ta’limga yo‘naltirilayotganida.

Bizdan 6 barobar boyroq Qozog‘istonda kishi boshiga foizida O‘zbekistondan 2 barobar kamroq ta’limga pul sarflashsa, shunda ham 3 barobar ko‘proq ta’limga xarajat qila olishadi. O‘zbekiston foizda Shveytsariyadan ko‘proq pul “sarflayapti”, ammo tani puli kam bo‘lgani uchun solishtirish masalasi qiyin. Bizdan 10 barobar boy mamlakat budjet hisobida 2 barobar kamroq pul ketkazsa ham, dollarda kishi boshiga 5 barobar ko‘proq pul yo‘naltira oladi. Ta’limga pul ketkazishimizning sabablaridan biri o‘zi tagi puli kamligi ham.

Ya’ni ta’lim boshqa narsalar kabi pul turadi. O‘zbekistonda bu pul kam bo‘lgani uchun uni qanday egovlamaylik, biz birinchi dunyo darajasidagi ta’limni, maktabga bera olmaymiz. O‘zbekistonda ta’limni Singapur va Qozog‘iston darajasida berishga “qurbimiz yetmaydi”. Xarajatni taqsimlashda juda ham chegaralar ko‘p.

Intervyuning to‘liq shaklini yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.
Tasvirchi Mirvohid Mirrahimov,
Montaj ustasi Muhiddin Qurbonov.

Mavzuga oid