O‘zbekiston | 08:05 / 27.11.2023
10749
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda bir qator huquqbuzarliklar bo‘yicha javobgarlik kuchaytirilmoqda

JKga kiritilayotgan o‘zgartirishga ko‘ra, iste’molchilar hayoti yoki sog‘lig‘i xavfsizligi talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarganlik uchun 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.

Prezident tomonidan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun imzolandi.

Fuqarolik kodeksiga geografik ko‘rsatkichlar ham intellektual mulk obektlari hisoblanishi to‘g‘risidagi norma kiritilmoqda.

Jinoyat kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartirishlarga muvofiq, iste’molchilarning hayoti yoki sog‘lig‘i xavfsizligi talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarganlik, saqlaganlik, tashiganlik yoxud o‘tkazganlik, ishlarni bajarganlik yoki xizmatlarni ko‘rsatganlik uchun 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin (muqaddam faqat jarima, majburiy jamoat yoxud axloq tuzatish ishlari).

Ushbu harakatlar badanga o‘rtacha og‘ir yoxud og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lsa yoxud:

  • juda ko‘p miqdorda;
  • bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib;
  • takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan bo‘lsa 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.

Xuddi shu harakatlar odam o‘lishiga sabab bo‘lsa 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanadi (ilgari 3 yildan 7 yilgacha).

Ushbu harakatlar:

  • odamlar o‘limiga;
  • boshqacha og‘ir oqibatlarning kelib chiqishiga sabab bo‘lsa, 7 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanadi (ilgari 7 yildan 10 yilgacha).

Quyidagilar uchun javobgarlik belgilanmoqda:

  • hayvonlarning yuqumli kasalliklari o‘choqlari aniqlanganda cheklovchi tadbirlar (karantin) qoidalarini buzish, shuningdek hayvonlarning bir vaqtning o‘zida ommaviy kasallanishi yoki to‘satdan nobud bo‘lganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni davlat veterinariya nazorati organlaridan yashirish, ularga xabar bermaslik (BHMning 3 baravari miqdorida jarima);
  • veterinariya dori vositalari va ozuqabop qo‘shimchalarning xavfsizligi normalarini hamda ularni ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish yoki o‘tkazish qoidalarini buzish (huquqbuzarlik quroli va ashyolarini musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi).

O‘zganing tovar belgisidan, xizmat ko‘rsatish belgisidan, geografik ko‘rsatkichidan, tovar kelib chiqqan joy nomidan yoki adashtirib yuborish darajasida ular bilan o‘xshash bo‘lgan belgilardan shu turdagi tovarlarga (xizmatlarga) nisbatan qonunga xilof ravishda foydalanish yoxud o‘zganing firma nomidan qonunga xilof ravishda foydalanish uchun jarima miqdorlari oshirilmoqda.

Qonunchilikda nazarda tutilgan faoliyat turlari uchun bir yil muddatga litsenziyani olish yoki sudning qaroriga (hukmiga) asosan shaxsga nisbatan muayyan faoliyat turi bilan shug‘ullanish taqiqlanganligi litsenziya yoki ruxsat beruvchi hujjatni berishda rad etishga asos bo‘ladi.

Mavzuga oid