O‘zbekiston | 10:27 / 27.11.2023
22821
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda 14 yoshli qizni jinsiy qullikda saqlashda gumonlanayotgan ayol qamoqqa olindi

Ayol 14 yoshli qizni 7 oy davomida qullikda saqlab, turli shaxslar bilan jinsiy aloqa qilishga majburlaganlikda gumonlamoqda.

Qashqadaryoda 14 yoshli qizni jinsiy qullikda saqlab kelishda gumonlanayotgan ayol qamoqqa olindi. Bu haqda bolalar ombudsmani xabar bermoqda.

2023 yil 24 noyabr kuni bolalar ombudsmaniga Kitob tumanida yashovchi 14 yoshli qiz Shahrisabzda 7 oy majburan saqlanib, turli shaxslar bilan jinsiy aloqa qilishga yollangani haqida murojaat kelib tushgan. Bolalar ombudsmani bu holat to‘g‘risida Bosh prokuraturaga murojaat qilgan.

O‘sha kunning o‘zida holat yuzasidan Kitob tumani prokuraturasi tomonidan fuqaro N.A. (ayol)ga nisbatan Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi «a» bandi (18 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan odam savdosi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.

Ma’lum qilinishicha, 25 noyabr kuni fuqaro N.A. gumonlanuvchi tariqasida jalb qilinib, unga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Kitob tumani sudining 26 noyabrdagi ajrimi bilan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Xabarda aytilishicha, mazkur ish yuzasidan bolalar ombudsmani voyaga yetmagan Ch.T.ning qonuniy manfaatlari ta’minlanishi ustidan parlament nazoratini davom ettiradi.

Ombudsmanga qilingan murojaat tafsilotlariga ko‘ra, 2009 yilda tug‘ilgan Ch.T. 2023 yil may oyidan 15 noyabrga qadar Shahrisabz tumani Xo‘jabog‘ qishlog‘ida yashovchi fuqaro N.A.ning uyida zo‘rlik va tahdid orqali turli shaxslar bilan jinsiy aloqa qilishga majburlangan.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid