Jahon | 09:00 / 27.11.2023
13173
3 daqiqa o‘qiladi

Qrimda «asr dovuli»: yarim million aholi elektrsiz qoldi

Ukrainada Qora dengizdagi kuchli dovul tufayli 400 ga yaqin aholi punkti elektr ta’minotidan uzildi, Qrimda uylar va yo‘llar suv ostida qolgan, yuz minglab aholi elektrsiz o‘tiribdi.

Foto: Videodan kadr

Qora dengizda davom etayotgan kuchli dovul tufayli Qrimda 500 mingga yaqin odam elektr energiyasiz qoldi. Bu haqda 26 noyabr, yakshanba kuni Qrim rahbarining maslahatchisi Oleg Kryuchkov o‘z Telegram-kanalida ma’lum qildi. 

Uning ma’lumotlariga ko‘ra, eng ko‘p yarimorolning Chernomorsk, Saki, Belogor, Simferopol, Oktyabr, Baxchisaroy va Lenin tumanlari jabrlangan. Poseidon monitoring tizimi ma’lumotlariga ko‘ra, Qrimning janubiy va janubi-sharqiy qirg‘oqlaridagi to‘lqinlar balandligi 8-9 metrga yetadi. 

Mahalliy Telegram-kanallarda shamol tomlarni uchirib tashlayotgani, daraxtlar va elektr ustunlarini qulatayotgani, shuningdek, dengiz suvi bosgan uylar va yo‘llarning videolari chop etilmoqda. Rossiya va Ukraina ommaviy axborot vositalari Qora dengizdagi dovulni so‘nggi yuz yillikdagi eng kuchlisi deb atamoqda. 

Yarimorol hokimiyatiga ko‘ra, yomon ob-havo tufayli Saki-Yevpatoriya avtomobil yo‘li butunlay to‘sib qo‘yilgan va suv bosgan uylarning 150 nafar aholisi Yevpatoriyadan evakuatsiya qilinishiga to‘g‘ri kelgan. Qrim rahbari Sergey Aksenov 27 noyabrni dam olish kuni deb e’lon qildi. Avvalroq xuddi shunday qaror Sevastopol hokimiyati tomonidan qabul qilingan edi. 

Zelenskiy: Ukrainada 400 dan ortiq aholi punkti elektr ta’minotisiz qoldi

Yomon ob-havo Ukrainaga, shuningdek, Qora dengiz sohilidagi Rossiya shaharlariga ham ta’sir qildi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy so‘zlariga ko‘ra, mamlakatning o‘nta viloyatidagi 400 ga yaqin aholi punkti, jumladan, Odessa, Mikolayiv, Kirovograd, Cherkassk va Kiyevda aloqa uzilib, operativ shtablar ish boshlagan. Shuningdek, kuchli qor yog‘gani xabar qilingan. 

«Men Ukrainaning yomon ob-havo kuzatilayotgan hududlarda bo‘lgan barcha fuqarolaridan so‘rayman: iloji boricha ehtiyot bo‘ling. Agar kerak bo‘lsa, Ukraina Favqulodda davlat xizmati, Milliy politsiya, boshqa davlat va munitsipal tuzilmalarimiz bilan bog‘laning», - deya ta’kidladi Zelenskiy kechqurungi videomurojaatida.

Mavzuga oid