Jahon | 21:29 / 23.04.2025
8185
5 daqiqa o‘qiladi

Londonda tinchlik muzokaralari barbod bo‘ldi

Zelenskiy Qrimni Rossiyaniki deb tan olmasligini aytgach, Marko Rubio Londondagi uchrashuvga kelishdan bosh tortdi. Buning ortidan Germaniya va Fransiya tashqi ishlar vazirlari ham safarini bekor qildi.

Qrim, 2025 yil mart. Foto: Aleksey Konovalov / TASS / Profimedia

Londonda Ukraina va G‘arbdagi ittifoqchilar o‘rtasidagi tashqi ishlar vazirlari darajasidagi muzokaralar barbod bo‘ldi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Kiyev Rossiyaning Qrim ustidan suverenitetini tan olmasligini aytdi. Donald Trampning tinchlik rejasi esa AQSh Qrimni Rossiya hududi sifatida tan olishini nazarda tutardi.

Rossiya Qrimni 2014 yilda bosib olgan. Dunyo davlatlari bu anneksiyani tan olmadi va Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urush boshlanishidan oldin ham Rossiyaga qarshi ko‘plab sanksiyalar qo‘llandi. Donald Tramp ma’muriyati esa o‘zining tinchlik rejasida de-yure Qrimni Rossiya hududi sifatida tan olishni taklif qilgan. Reja jamoatchilikka taqdim etilmagan, biroq so‘nggi kunlarda Amerikaning bir nechta yirik ommaviy axborot vositalari anonim manbalarga tayanib, bu haqda xabar berdi.

22 aprel kuni The Washington Post Londondagi muzokaralarda Ukraina va Yevropa ilk marta «ushbu takliflar bilan to‘qnashishi» haqida yozgandi. Shundan ko‘p vaqt o‘tmay jurnalistlar bilan brifing chog‘ida Volodimir Zelenskiy Ukraina «Qrim okkupatsiyasini yuridik jihatdan tan olmasligi»ni aytdi. «Bu Konstitutsiyamizga zid», – deya qayd etdi Ukraina prezidenti.

Bir necha soat o‘tib The New York Times gazetasi AQSh davlat kotibi, Londondagi muzokaralarda Amerika delegatsiyasiga rahbarlik qilishi rejalashtirilgan Marko Rubio u yerga uchmasligini xabar qildi. Nashr manbalari buni to‘g‘ridan to‘g‘ri Ukraina prezidentining Qrim haqidagi so‘zlari bilan bog‘ladi. Vashingtondagilar rasmiy ravishda davlat kotibi muzokaralarni «taqvimdagi logistik muammo» tufayli o‘tkazib yuborishini ma’lum qildi.

23 aprel tongida Fransiya va Germaniya tashqi ishlar vazirlari Jan-Noel Barro va Annalena Berbok ham Londonga safarini bekor qilgani ma’lum bo‘ldi. Sky News telekanali bunday qaror uchrashuvga Rubio kelmasligi ma’lum bo‘lganidan keyin qabul qilingan. Yakunda muzokaralar «qoldirilgan», tinchlik rejasi muhokamasi esa pastroq darajadagi mulozimlar ishtirokida davom ettiriladigan bo‘lgan.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga boshchiligidagi delegatsiya esa baribir Londonga bordi. Sibiga Britani TIV rahbari Devid Lemmi bilan ikkitomonlama muzokara o‘tkazdi.

Axios nashrining Amerikadagi manbalarga tayanib xabar berishicha, uchrashuvdan bir kun oldin Ukrainadan Kiyev delegatsiyasi Londonda Oq uyning urushni yakunlash rejasini emas, balki 30 kunlik sulhni muhokama qilmoqchiligi haqida signallar kelgan, bu esa Rubioning safarini bekor qilishga va ko‘p tomonlama muzokaralar to‘xtatilishiga olib kelgan.

Shuningdek, Axios birinchi marta Tramp rejasining barcha bandlarini e’lon qildi. Bu rejada AQSh Qrimni Rossiyaning bir qismi sifatida tan olishidan tashqari, 2022 yil fevralidan buyon Ukrainaning Luhansk, Donetsk, Xerson va Zaporijjya oblastlarining egallab olingan hududlar ustidan Rossiya nazoratini norasmiy tan olishi qayd etilgan. Shuningdek, reja Ukrainaning NATOga qo‘shilmasligini kafolatlashni nazarda tutadi. Kiyev esa qandaydir «ishonchli xavfsizlik kafolatlari» va mamlakatni tiklash uchun mablag‘ olishi mumkin bo‘ladi.

Tramp ma’muriyati bu reja – «oxirgi taklif» ekanini va agar tomonlar rozi bo‘lmasa, Vashington muzokaralar jarayonidan chiqishini ta’kidlashda davom etmoqda. Bu haqda birinchi marta Marko Rubio 17 aprel kuniyoq ma’lum qilgandi, bugun esa vitse-prezident Jyey Di Vens ham bu pozitsiyani tasdiqladi. «Ular „ha“ deyishi yoki Qo‘shma Shtatlar bu jarayondan chiqishi kerak bo‘lgan vaqt keldi», – dedi u. Vens Ukraina ham, Rossiya ham hozirda o‘z raqiblari nazoratidagi hududlarning bir qismidan voz kechishi va «ba’zi hududiy almashinuvlarni amalga oshirishi» kerak bo‘lishini ta’kidladi.

Kremldagilar muzokaralar oshkora bo‘lmasligi kerakligini ta’kidlashda davom etmoqda. «Tartibga solishning ayrim mumkin bo‘lgan elementlari jamoatchilik oldida muhokama qilinmaydi. Shuning uchun biz qandaydir alohida syujyetlar bo‘yicha hech qanday izoh bermaymiz», – dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov. Shu bilan birga, u Moskva Ukrainada yevropalik tinchlikparvar kuchlarning joylashtirilishiga keskin qarshi chiqishda davom etayotganini qayd etdi.

Mavzuga oid