Reuters: HAMAS Isroil bilan o‘t ochishni to‘xtatish rejimini uzaytirmoqchi
HAMAS jangchilari Isroil qamoqxonalaridan ozod qilingan falastinliklar soni ortishi sharti bilan Isroil bilan sulhni uzaytirish istagi borligini ma’lum qildi.
HAMAS tashkiloti G‘azo sektorida to‘rt kunlik o‘t ochishni to‘xtatish rejimini uzaytirmoqchi, deya xabar bermoqda Reuters va The Times of Israel onlayn-nashri 26 noyabr, yakshanba kuni jangchilar bayonotiga tayanib.
Shu bilan birga, HAMAS sulhni uzaytirish sharti sifatida «Isroilning mamlakat qamoqlaridan ozod qilingan falastinliklar sonini ko‘paytirishga qaratilgan jiddiy harakatlari»ni keltirdi.
Netanyahu qo‘shimcha isroilliklarni ozod qilish imkoniyatini olqishladi
O‘z navbatida, Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu har bir yangi sulh kunida yana o‘n nafar isroillik garovga olinganlarni ozod qilish imkoniyatini olqishlashini aytdi.
Hozirgacha Isroil qamoqxonalaridan 117 nafar falastinlik mahbus ozod etilgan. Yana 40 kishi 27 noyabrda chiqarilishi rejalashtirilgan. Ayni paytda, yahudiy davlati va jangchilar o‘rtasidagi kelishuv doirasida qamoqdan ozodlikka chiqish uchun Isroilning nomzodlar ro‘yxatida yana 150 ga yaqin odam bor, deb eslatadi The Times of Israel gazetasi.
Kelishuv shartlariga ko‘ra, sulhning har bir qo‘shimcha kuni uchun HAMAS yana 10 nafar garovga olinganni ozod qilishi kerak. Isroil vazirlar mahkamasi tomonidan ma’qullangan kelishuvga ko‘ra, bu uzaytirish ko‘pi bilan 10 kunga amal qilishi va jami 300 falastinlik mahbusning ozod etilishini qamrab oladi. Shundan so‘ng, kelishuvni uzaytirish uchun yangi hukumat votumi talab qilinadi.
Isroil-Falastin mojarosi
7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.
HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.
Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.
Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 15 mingga yaqin falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.
24 noyabrdan beri G‘azo sektorida Qatar vositachiligida Isroil va HAMAS tomonidan to‘rt kunlik muddatga kelishilgan vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish rejimi amal qilmoqda.
Kelishuv shartlariga ko‘ra, bu vaqt ichida HAMAS jangchilari 7 oktyabr kuni garovga olinganlar orasidan 50 nafar ayol va bolani Isroilga topshirishi kerak. Isroil 150 nafar falastinlik mahbuslarni – ayollar va o‘smirlarni qamoqxonalardan ozod qilishi kerak.
O‘t ochishni to‘xtatishning dastlabki ikki kunida, 24 va 25 noyabr kunlari HAMAS jami 26 nafar isroillik, shuningdek, 14 tailandlik va bir filippinlikni ozod qildi.
Mavzuga oid
09:17 / 24.11.2024
Isroil Bayrutga zarba berdi. Kamida 20 kishi halok bo‘lgan
10:30 / 23.11.2024
Xalqaro sud qarori: Netanyahu va Gallant hibsga olinsa nima bo‘ladi?
22:51 / 22.11.2024
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
14:54 / 22.11.2024