O‘zbekiston | 14:57 / 27.11.2023
23732
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda profilaktika inspektori kaltaklandi, uning mashinasi oynalari sindirilgan

Samarqand shahrida janjal bo‘layotgani yuzasidan kelib tushgan chaqiriqqa ko‘ra xonadonga borgan profilaktika inspektori uy egalari tomonidan kaltaklandi. Shuningdek, unga tegishli mashina oynalari sindirildi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ikki kishi qamoqqa olindi.

Foto: Samarqand viloyati IIB

Samarqand shahrida janjalga chek qo‘yishga borgan profilaktika inspektoriga qarshilik ko‘rsatgan fuqarolarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olindi. Bu haqda Samarqand viloyati IIB axborot xizmati rahbari Jahongir Sa’dullayev ma’lum qildi.

O‘sha kuni soat 19:30 da shaharning Bunyod mahallasida yashovchi fuqaro M.R. 102 operatoriga qo‘ng‘iroq qilib, yashash xonadonida janjal bo‘layotganini ma’lum qilgan va inspektor yuborishni so‘ragan. Shunga ko‘ra, IIO FMB 6-sonli IIB profilaktika inspektori A.T. xonadonga borgan.

«Shu vaqtda muqaddam Jinoyat kodeksining bir necha moddalari bilan sudlangan fuqarolar M.R., uning opasi, turmush o‘rtog‘i va ukasi o‘zaro janjallashayotganini ko‘rib, ularni ajratib, janjalga chek qo‘ymoqchi bo‘lgan. Ammo fuqarolar profilaktika inspektoriga faol qarshilik ko‘rsatib, uning turli joylariga urib, tan jarohati yetkazgan. Shuningdek, inspektorga tegishli Spark mashinasining old oynasini sindirib, moddiy zarar yetkazgan», deyiladi IIB bayonotida.

Fuqarolarga nisbatan Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan (3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi ko‘zda tutilgan).

IIBning aniqlik kiritishicha, fuqarolarning biri protsessual tartibda qamoqqa olingan, yana bir fuqaro uy qamog‘ida saqlanmoqda. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid