Jahon | 00:57 / 28.11.2023
9138
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil va HAMAS sulhni uzaytirishga kelishib oldi

Qo‘shimcha sulh ikki kun davom etadi va yana uzaytirilishi mumkin.

Foto: Reuters

Isroil va HAMAS Qatar vositachiligida vaqtinchalik sulhni yana ikki kunga uzaytirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Qatar Tashqi ishlar vazirligi vakili Majid al-Ansoriy ma’lum qildi.

«Davom etayotgan vositachilik doirasida G‘azo sektoridagi gumanitar pauzani yana ikki kunga uzaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi», deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘ida.

HAMAS, shuningdek, Qatar va Misr vositachiligida sulhni ikki kunga uzaytirishga rozi bo‘lganini ma’lum qildi.

«Qatar va Misrdagi birodarlarimiz bilan vaqtinchalik gumanitar sulhni yana ikki kunga uzaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi», dedi HAMAS rasmiysi Reuters bilan telefon suhbatida.

Isroil davlati bu haqda hozircha rasmiy izoh bermadi, biroq kelishuvni AQSh Oq uy matbuot kotibi Jon Kirbi tasdiqlagan. U ikki kunlik sulh davomida yana 20 nafar isroillik ayol va bola HAMAS asirligidan ozod etilishini aytgan.

O‘tgan hafta Isroil va HAMAS vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Asosiy kelishuvda har ikki tomonning o‘t ochishni 4 kunga to‘xtatishi, Isroil qamoqxonalaridagi 150 nafarga yaqin falastinliklarning ozod etilishi evaziga 50 nafarga yaqin isroillik qo‘yib yuborilishi ko‘zda tutilgan edi.

Kelishuvlar, shuningdek, faol harbiy harakatlar tufayli deyarli barcha infratuzilmalari vayron bo‘lgan yoki shikastlangan G‘azo sektoriga gumanitar yordam yetkazib berishni ham nazarda tutgan.

Dastlabki to‘rt kunlik sulh dushanbadan seshanbaga o‘tar kechasi tugashi kerak edi.

Mavzuga oid