«Shafqatsiz, ayyor va aqlli». HAMASning G‘azodagi rahbari Yahyo Sinvar haqida nimalar ma’lum?
Yahyo Sinvar ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan. Isroillik minglab harbiylar dronlar, elektron qurilmalar va ma’lumot beruvchilar orqali uning qayerdaligini aniqlashga urinayotgan sharoitda bu sira ajablanarli emas.
BBC’ning xavfsizlik masalalari bo‘yicha sharhlovchisi Frenk Gardner HAMASdagi ikkinchi raqamli shaxs — Yahyo Sinvarning tarixini hikoya qildi.
Sochlari qordek oqargan va qoshlari tim qora bo‘lgan Sinvar — HAMASning G‘azodagi siyosiy qanoti rahbari va isroilliklar tomonidan eng ko‘p qidirilayotgan odamlardan biri hisoblanadi.
HAMASning boshqa yetakchilari qatori Isroil uni ham 7 oktyabr kuni amalga oshirilgan, 1200 dan ortiq kishi o‘ldirilib, 200 dan oshiq kishi o‘g‘irlab ketilgan reyd uchun javobgar deb biladi.
«Yahyo Sinvar — komandir… va o‘limga mahkum odam», — degandi oktyabr oyi boshida Isroil mudofaa armiyasi rasmiysi, kontr-admiral Daniel Hagari.
«Bu jirkanch hujumni amalga oshirish qarorini Yahyo Sinvar qabul qilgan, — degan TsAHAL shtabi boshlig‘i Gersi Halevi. — Shuning uchun u va uning qo‘l ostidagilar — o‘zini o‘lgan deb hisoblayversin».
Bu gaplar HAMASning harbiy qanoti — «Al-Qassam» brigadasining qo‘lga tushmas rahbari Muhammad Deyfga ham tegishli.
Yevropa xalqaro munosabatlar kengashi (ECFR) katta ilmiy xodimi Hyu Lovattning hisoblashicha, 7 oktyabr kungi hujum rejasi, bu harbiy amaliyot bo‘lgani uchun, Deyf tomonidan ishlab chiqilgan, ammo Sinvar ham, katta ehtimol bilan uni rejalashtirgan va uning o‘tkazilishiga ta’sir qilgan guruh tarkibida bo‘lgan.
Isroil HAMASda asosiy rahbar Ismoil Xoniyadan keyingi ikkinchi odam hisoblangan Sinvar o‘z qo‘riqchilari bilan G‘azo yaqinidagi qayerdadir tunnellarda yashirinib yuribdi, kuzatilishi va topilishidan qo‘rqib hech kim bilan aloqa qilmayapti, deb hisoblaydi.
Ta’lim va hibslar
Abu Ibrohim nomi bilan tanilgan 61 yoshli Sinvar G‘azo sektori janubidagi Xon Yunisda qochqinlar lagerida tug‘ilgan. Uning ota-onasi Ashkelondan (hozirda Isroil hududi) bo‘lgan, ammo «Nakba» («Falokatlar»)dan keyin qochqinga aylanishgan — falastinliklar 1948 yil Isroil davlatiga asos solinganidan keyin boshlangan urush vaqtida falastinliklar yoppasiga o‘z uylaridan ko‘chirilishini shunday atashadi.
U Xon Yunisda o‘g‘il bolalar uchun o‘rta maktabda o‘qigan, keyin G‘azo islom universitetini arab tili bo‘yicha bakalavr darajasida tamomlagan.
Vashington Yaqin Sharq siyosati instituti xodimi, Sinvar qamoqxonadaligida u bilan to‘rt bor suhbatlashgan Exud Yaarining so‘zlariga ko‘ra, o‘sha vaqtda Xon Yunis «Musulmon birodarlari»ni qo‘llab-quvvatlovchi qo‘rg‘on vazifasin o‘tagan.
Yaarining so‘zlariga ko‘ra, ushbu islomiy guruh «qochqinlar lageridagi masjidlarga boruvchi, qashshoqlikdan aziyat chekkan yoshlar uchun ommaviy harakat bo‘lgan» va keyinroq u HAMAS uchun ham xuddi shunday ahamiyat kasb etgan.
Isroilliklar Sinvarni birinchi marta 1982 yilda, 19 yoshdaligida «islomiy faoliyati» uchun, ikkinchi bor — 1985 yilda qo‘lga olishgan. Taxminan shu vaqtlarda u HAMAS asoschisi, shayx Ahmed Yosinning ishonchiga kiradi.
Tel-Avivdagi Milliy xavfsizlikni o‘rganish instituti katta ilmiy xodimi Kobi Mixaelning so‘zlariga ko‘ra, ular juda yaqin bo‘lib qolishgan. Tashkilotning diniy rahnamosi bilan bu munosabatlar keyinchalik Sinvarga ko‘tarilishda yordam bergan.
1987 yilda HAMASga asos solinganidan ikki yil o‘tib u tashkilotning ichki xavfsizlik xizmati — «Al-Majd»ni tuzadi. Bu vaqtda u atigi 25 yoshda bo‘lgan.
«Al-Majd» falastinliklarni kuzatish va Isroil bilan hamkorlik qilganlarning barchasini tutib o‘ldirish bilan, shuningdek axloqiy qoidalarni buzganlarni ta’qib etish bilan shug‘ullangan, Mixaelning aniqlik kiritishicha, pornografik materiallar sotilgan do‘konlar uning nishoni bo‘lgan.
Yaarining tasdiqlashicha, Sinvar Isroil bilan hamkorlikda gumon qilingan ko‘plab kishilar shafqatsizlarcha o‘ldirilishi uchun javobgar hisoblanadi: «Ayrim qotilliklarni u o‘z qo‘li bilan amalga oshirgan va bu haqda menga va boshqalarga faxr bilan aytib bergan».
Isroil rasmiy shaxslariga ko‘ra, keyinroq u Isroilga xabar yetkazib turishda gumonlanuvchini jazolash uchun uning akasiga ukasini tiriklay ko‘mishni va bu ishni belkurakda emas, qoshiqda bajarishni buyurganini tan olgan.
«U atrofiga izdoshlarini, muxlislarini — shunchaki undan qo‘rqadigan va u bilan bahslashishni istamaydiganlarni to‘play oladigan odamlardan biri», — deydi Yaari.
1988 yilda Sinvar isroillik ikki harbiy o‘g‘irlab ketilishi va o‘ldirilishini rejalashtirgan. O‘sha yilda isroilliklar uni hibsga olib, 12 nafar falastinlik o‘ldirilishida ayblaydi va to‘rtta umrbod qamoq jazosiga hukm qiladi.
Qamoqxonadagi yillar
Sinvar umrining katta qismini — 1988 yildan 2011 yilgacha bo‘lgan davrni Isroil qamoqxonasida o‘tkazadi. Bu yillar, ayniqsa bir kishilik kamerada o‘tkazilgan davr uni yanada radikallashtirgan.
«U kuch ishlatib, o‘zining shafqatsizlik hukmronligini qabul qilishga majbur qiladi», — deydi Yaari. U o‘zini mahbuslar yetakchisi sifatida namoyon etib, qamoqxona ma’muriyati bilan ular nomidan muzokaralar o‘tkazadi va qamoqxonadagi tartib-intizomni nazorat qiladi.
Isroil hukumati Sinvarning qamoqxona davridagi shaxsiyatini tahlil qilib, uning xarakterini shunday tasvirlagan: «Shafqatsiz, obro‘li, ta’sir doirasiga ega, g‘ayrioddiy darajadagi bardoshli, oz narsaga qanoat qiladigan, ayyor va manipulyator… Hatto qamoqxonadagi boshqa mahbuslarga sir boy bermaydi… Olomonni o‘z ortidan ergashtirish qobiliyatiga ega».
Yaarining Sinvar bilan tanishchilik vaqtida shakllangan fikri u psixopatligi haqida edi. «[Ammo] „Sinvar — psixopat, va nuqta“, deyish — xato bo‘lardi, — deydi u, — chunki bu holda siz ushbu g‘alati, murakkab figurani to‘liq tushuna olmaysiz».
Yaarining so‘zlariga ko‘ra, Sinvar «favqulodda ayyor, zukko — qachon jozibador bo‘lish kerak, qachon yo‘qligini biladigan odam».
Sinvar unga Isroil yo‘q bo‘lishi kerakligi va Falastinda yahudiy xalqiga joy yo‘qligini ta’kidlaganida «„balki, biz sen uchun istisno qilarmiz“ deb hazillashgan».
Mahbusdalik chog‘ida Sinvar Isroil gazetalarini o‘qib, ivrit tilida ravon gapirishni o‘rgangan. Yaarining aytishicha, u arab tilini yaxshi bilsa ham, Sinvar hamisha u bilan ivrit tilida so‘zlashishni afzal ko‘rgan.
«U o‘zining ivrit tilini yaxshilashga intilardi, — deydi Yaari. — O‘ylaymanki, u men ivrit tilida turma nazoratchilaridan yaxshiroq so‘zlasha olganimdan foydalanishni istagan».
Sinvarni 2011 yilda 1027 nafar falastinlik va Isroilda yashovchi arablar bir nafar isroillik — TsAHALning garovdagi askari Gilad Shalitga almashtirilganida ozodlikka chiqqan.
Shalit besh yil mobaynida asirlikda bo‘lgan. Uning o‘g‘irlanishida Sinvarning ukasi, HAMASning yuqori martabali harbiy komandiri ham ishtirok etgan. Shundan buyon Sinvar ko‘proq isroillik askarlarni o‘g‘irlashga chaqirib keladi.
Bu vaqtga kelib Isroil G‘azo sektori okkupatsiyasini to‘xtatgan va bu yerda hokimiyat saylovlarda g‘alaba qozongan va keyin o‘z raqiblari — Yosir Arofatning FATH partiyasini siqib chiqarib, uning ko‘plab a’zolarini baland binolarning tomlaridan uloqtirgan HAMAS qo‘liga o‘tgandi.
Qat’iy intizom
Mixaelning so‘zlariga ko‘ra, Sinvar G‘azoga qaytganida, uni darhol yetakchi sifatida qabul qilishgan. Bu ko‘p jihatdan uning HAMAS asoschilaridan biri sifatidagi obro‘si va hayotining ko‘p qismini Isroil qamoqxonalarida o‘tkazgani bilan bog‘liq edi.
Ammo, bundan tashqari, «odamlar shunchaki undan qo‘rqishgan — axir u o‘z qo‘llari bilan odam o‘ldirgan, — deydi Mixael. — U juda shafqatsiz, tajofvuzkor va shu bilan bir vaqtda xarizmatikdir».
«U notiq emas, — deydi Yaari. — U omma oldida chiqish qilganida, ko‘proq mafiya odamiga o‘xshaydi».
Yaarining qo‘shimcha qilishicha, Sinvar qamoqxonadan chiqqanidan keyin darhol «Al-Qassam brigadasi» va shtab boshlig‘i Marvon Issa bilan ittifoq tuzgan.
2013 yilda u HAMASning G‘azo sektoridagi siyosiy byurosiga saylangan, 2017 yilda esa uning raisiga aylangan.
Sinvarning kichik ukasi Muhammad ham HAMASda muhim shaxslardan edi. U isroilliklar tomonidan uyushtirilgan bir qancha suiqasdlardan omon qolganini aytgan, 2014 yilda HAMAS uning o‘limi haqida e’lon qilgandi. Keyinroq OAVda u hali tirik va HAMASning harbiy qanotida faol ishlayotgan, G‘azo ostidagi tunnellarda yashiringan va hatto 7 oktyabr kungi hujumga aloqador bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar paydo bo‘ldi.
Sinvar shafqatsizligi bilan dovrug‘ qozongani tufayli «Xon Yunis qassobi» degan laqab orttirgan.
«HAMASda odamlar Sinvarga bo‘ysunmasang, hayoting xavf ostida bo‘lishini bilishadi», — deydi Yaari.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2015 yilda HAMAS qo‘mondoni, talon-toroj qilish va gomoseksuallikda ayblangan Mahmud Ishtivi qo‘lga olinishi, qiynoqqa solinishi va o‘ldirilishi ortida aynan u mas’ul bo‘lgan.
2018 yilda xalqaro nashrlar uchun brifingda Sinvar AQSh elchixonasi Tel-Avivdan Quddusga ko‘chirilishiga qarshi norozilik namoyishlari doirasida G‘azo sektorini Isroildan ajratib turuvchi chegara to‘sig‘ini buzib o‘tgan minglab falastinliklarni qo‘llab-quvvatlashini bildirgandi.
O‘sha yilda u o‘ziga HAMASning raqobatchisi, Iordan daryosining g‘arbiy sohilidagi Falastin muxtoriyati tarafdorlari tomonidan suiqasd uyushtirilganini aytib chiqadi.
Shu bilan birga, u Isroil bilan o‘t ochishni vaqtincha to‘xtatish, asirlar almashinuvi va Falastin ma’muriyati bilan yarashishni qo‘llab-quvvatlab, pragmatik bo‘la olishini ham ko‘rsatgandi. Mixaelning aytishicha, ayrim muxoliflari uni haddan tashqari mo‘’tadillik qilishda ayblagan.
Eron bilan yaqinlik
Isroil kuchishlatar tuzilmalari vakillari asirlar almashinuvi doirasida Sinvar ham qo‘yib yuborilgani hal qiluvchi xato bo‘lgan deb hisoblaydi.
Isroilliklar agar HAMASga iqtisodiy imtiyozlar va falastinliklarga mamlakat hududida ishlash uchun ko‘proq imtiyozlar berilsa, harakatni jang qilishdan qaytarish mumkin bo‘ladi, deb adashganini aytishadi.
«U o‘zini Falastinni ozod etishi kerak bo‘lgan odam deb hisoblaydi, — u G‘azodagi iqtisodiy vaziyatni yaxshilash, ijtimoiy masalalar bilan shug‘ullanmaydi. Bu u haqda emas», — deydi Yaari.
2015 yilda AQSh Davlat departamenti Sinvarni rasman «alohida qidiriladigan xalqaro terrorchi» (Specially Designated Global Terrorist) sifatida tan olgandi. 2021 yil mayida isroilliklar uning G‘azo sektoridagi uyi va ofisi bo‘ylab aviazarbalar yo‘llaydi. 2022 yil aprelida u o‘z telemurojaatida odamlarni istalgan usulda Isroilga hujum qilishga chaqiradi.
Tahlilchilar uni HAMASning siyosiy byurosini uning harbiy qanoti — 7 oktyabr kuni Isroilga reydni boshqargan «Al-Qassam brigadasi» bilan bog‘lovchi asosiy figura sifatida bilishadi.
14 oktyabr kuni Isroil qurolli kuchlari vakili, podpolkovnik Richard Xext Sinvarni «yovuzlikning yuzi» deb atagandi. U shunday qo‘shimcha qilgan: «Bu shaxs va uning butun jamoasi nishonimizda. Biz unga yetib boramiz».
Sinvar Eron bilan ham yaqin hisoblanadi. Shialar mamlakati va sunniy arablar tashkiloti o‘rtasida hamkorlik aloqalari — oshkora emas, ammo ularni umumiy maqsad birlashtiradi — Isroil davlatini yo‘q qilish va Quddusni Isroil okkupatsiyasidan ozod etish.
Ular bir-biriga qo‘l berib ishlay boshlagan. Eron HAMASni moliyalashtiradi, o‘qitadi va qurollantiradi, harbiy salohiyatini oshirib, Isroil shaharlarini o‘qqa tutishi uchun minglab raketalar bilan ta’minlaydi.
Sinvar 2021 yilgi chiqishida qo‘llab-quvvatlov uchun Tehronga minnatdorchilik bildirgan: «Agar Eron bo‘lmaganida, Falastindagi qarshilik harakati hozirgi imkoniyatlarga ega bo‘lmagan bo‘lardi».
Ammo Sinvarning o‘ldirilishi Isroil uchun harakatga qaqshatqich zarbadan ko‘ra ko‘proq «piar-g‘alaba» bo‘ladi, deb hisoblaydi Lovatt.
Nodavlat tashkilotlar odatda gidra boshi kabi ishlaydi: bir operativ komandir yoki yetakchi yo‘q qilinsa, o‘rniga tezda boshqasi keladi. Uning vorisi u kabi tajriba yoki avtoritetga ega bo‘lmasligi mumkin, ammo tashkilot baribir u yoki bu shaklda qayta tiklanishga muvaffaq bo‘ladi.
«Uning o‘limi yo‘qotish bo‘lishi tushunarli, ammo uni boshqasi almashtiradi va buning uchun tegishli tuzilmalar mavjud. Bu bin Lodinning o‘ldirilishi bilan bir xil holat emas. HAMASda boshqa yuqori martabali siyosiy va harbiy yetakchilar bor», — deydi Lovatt.
Quyidagi savollar bundan muhimroq: Isroil HAMASga qarshi harbiy kampaniyasini yakunlaganida nima bo‘ladi va boshqaruv kimga qoladi?
Va ular G‘azo sektori hozir bo‘layotgan vayrongarchiliklarga javoban Isroilga kelgusida qilinajak ehtimoliy hujumlar uchun platsdarmga aylanishining oldini ola oladimi?
Mavzuga oid
09:17
Isroil Bayrutga zarba berdi. Kamida 20 kishi halok bo‘lgan
10:30 / 23.11.2024
Xalqaro sud qarori: Netanyahu va Gallant hibsga olinsa nima bo‘ladi?
22:51 / 22.11.2024
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
14:54 / 22.11.2024