Jahon | 19:40 / 28.11.2023
8781
6 daqiqa o‘qiladi

Sulh vaqtidagi ikki tashrif: Netanyahu G‘azoga, Mask Isroilga bordi

Bir oydan ortiq vaqt Isroil raketalari ostida qolgan G‘azo sektorida 4 kundan buyon o‘t ochish rejimi to‘xtatilgan. Tomonlar otashkesim davom etishi bo‘yicha kelishuvga ham erishdi. Ammo hali urush tugadi deb bo‘lmaydi. Shu kunlarda G‘azo va Isroilga ikki muhim tashrif amalga oshirildi.

Ilon Mask ayblovlar ortidan Isroilga keldi

Dunyoning eng boy odami Ilon Mask antisemitizmni qo‘llayotgani haqidagi ayblovlar fonida Isroilga tashrif buyurdi. U mamlakat bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan birga G‘azo yaqinidagi Kfar-Aza kibutsisida bo‘lib, bu tashrif davomida Netanyahu va harbiylar kabi zirhli nimcha kiyib yurdi.

Netanyahu Maskka HAMAS bilan urush oqibatida yuzaga kelgan vayrongarchiliklarni ko‘rsatgan. Mahalliy nashrlar yozishicha, Isroil tomoni Mask bilan uchrashuvga HAMAS asir olgan isroilliklarning oila a’zolarini ham taklif etgan. Isroil prezidenti Ishoq Hersog milliarder bilan suhbatda internetda antisemitizm kuchayib borayotgani va bunga qarshi kurash haqida gaplashmoqchi.

Tashrif nega ahamiyatli?

Dunyoning eng boy odami tvitterni sotib olganidan buyon tarmoq muammolar girdobida qolib ketdi. Xususan, Isroil G‘azoni bombardimon qilayotgan bir vaqtda ko‘plab yirik kompaniyalar tvitterga reklama berishdan voz kechishdi. Media Matters tvitterda Apple, Oracle, IBM kabi yirik kompaniyalar mahsulotlari fashistlar Germaniyasi rahbari Adolf Hitler maqtalgan postlar bilan yonma-yon reklama qilinganiga e’tibor qaratgan. Ekspertlarga ko‘ra, tvitterga milliardlab dollar foyda keltirgan kompaniyalar aynan mana shu sabab reklama kelishuvlarini muzlatib qo‘ygan.

Maskning o‘zi tvitterda yahudiylar oq tanlilarga qarshi nafrat qo‘zg‘amoqda degan g‘oyani targ‘ib qiluvchi foydalanuvchining boshqa bir fikrini qo‘llagani ortidan go‘yoki yahudiylarni diskriminatsiya qilganga chiqib, tanqidlar ostida qoldi.

Warner Bros Discovery, Walt Disney, NBC Universal, IBM, Apple, Lionsgate, Paramount Global kabi yirik kompaniyalar reklama berishni rad etgach, Mask o‘zini oqlashga majbur bo‘ldi. U tvitterga urushga aloqador reklama va obunalardan tushgan barcha pul urushdan jabrlanganlar davolanayotgan Isroil va G‘azodagi Qizil Xoch kasalxonalariga yuborilishini aytdi. Shuningdek, Mask har qanday guruhlarni qirib yuborish va genotsidga chorlovchi akkauntlar bloklanishi, antisemitizmga va nafratga undovchi boshqa har qanday ajratishlarga qarshi ekanini bildirgan.

G‘azoga internet berish masalasi

Tadbirkor Isroil bosqin boshida G‘azoda internetni uzib qo‘ygach, bu yerdagi xalqaro insonparvarlik tashkilotlariga Starlink internetini ulab bermoqchi ekanini aytgandi. U Isroilga tashrifi davomida mahalliy hukumat vakillari bilan bu borada muzokara o‘tkazib, dastlabki kelishuvlarga erishgan. Avvalroq Mask G‘azoga internet bermoqchi bo‘lgani uchun Isroil u bilan barcha kelishuvlarni bekor qilishini aytgan mamlakat aloqa vaziri Shlomo Karxi dushanba kuni Starlink bilan dastlabki kelishuvga erishilganini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ilon Maskning internet kompaniyasi G‘azoni faqat Isroil aloqa vazirligi ruxsatidan keyin internet bilan ta’minlay oladi.

Ilon Maskning Isroilga tashrifi internetda keng muhokama qilinmoqda. Ko‘pchilik milliarder yanada katta reklama shartnomalaridan ayrilib qolishdan qo‘rqib Isroilga borganini aytmoqda. Tadbirkorning ma’muriyati uning tashrifi va bu boradagi muhokamalarga izoh bermagan.

Netanyahu G‘azoga bordi

26 noyabr kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Falastin yerlari bo‘lmish G‘azoga bordi. Bosh vazir sahifalarida bu haqdagi video 26 noyabr tongda e’lon qilindi. U quruqlik amaliyoti o‘tkazayotgan TsAHAL harbiylari bilan muloqot qilgan.

«Asirlarning barchasini qaytarish uchun qo‘limizdan kelgan hamma ishni qilamiz. Urushdan uchta maqsadimiz bor: HAMASni yo‘q qilish, barcha asirlarni qaytarish va G‘azo Isroil davlati uchun ortiq xavf tug‘dira olmasligini kafolatlash. Bizni hech narsa to‘xtata olmaydi, g‘alabagacha davom etamiz», dedi Netanyahu.

Isroil nashrlariga ko‘ra, bosh vazir G‘azoda go‘yoki HAMASga tegishli tunellardan birini ham borib ko‘rgan. Unga harbiy shtab rahbariyati hamrohlik qilgan. Ammo hech bir xalqaro tashkilot Isroil bosh vazirining Falastin yerlariga borgani qanchalik qonuniy bo‘lgani borasida munosabat bildirmagan. Netanyahuning G‘azoga borganidan faqat bitta aniq xulosa qilish mumkin: Isroil sektordagi vaziyatni to‘liq nazorat qilmoqda va harbiylar bosh vazir u yerga borganda hech qanday xavf tug‘ilmasligini kafolatlagan.

Bu voqealarning barchasi G‘azodagi vaqtincha sulh davom etayotgan bir vaqtda sodir bo‘lmoqda. Isroilda sulh tugagach, urushni davom ettirishga chorlovlar ko‘paymoqda. Ammo Netanyahu aytayotgan g‘alabali urush qachongacha davom etadi? Agar ular aytayotgan g‘alaba sodir bo‘lsa, sektordagi falastinliklar taqdiri nima kechadi? Bu savollarga hozircha javob yo‘q.

Mavzuga oid