O‘zbekiston | 18:50 / 29.11.2023
6074
4 daqiqa o‘qiladi

«2048 yilga borib O‘zbekiston mehnat bozori 27,6 mln kishiga yetadi» - Tanzila Norboyeva

Senat raisi demografik o‘zgarishlarga bag‘ishlangan konferensiyada O‘zbekistonda aholi sonining oshib borayotgani hukumat oldiga prognozlar, chuqur tahlillar bilan ish olib borish vazifasini qo‘yayotganini ta’kidladi.

Toshkentda 28–29 noyabr kunlari Oliy Majlisi Senati, Oila va xotin-qizlar ilmiy-tadqiqot instituti hamda BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi tomonidan «Demografik o‘zgarishlar sharoitida jamiyatni barqaror rivojlantirish» mavzusida xalqaro tadbir tashkil etildi. Unda O‘zbekistonning 2050 yilgacha demografik prognozlari tahlil etildi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Senat raisi Tanzila Norboyeva 2048 yilga borib O‘zbekistonda mehnat bozori 27,6 mln kishiga yetishini ma’lum qildi:

«O‘zbekiston dunyo mamlakatlari ichida aholi soni bo‘yicha qirqinchi, Markaziy Osiyoda esa birinchi o‘rinda turadi. BMT tomonidan dunyo aholishunosligi istiqbollari mavzusida o‘tkazgan tadqiqotda 2048 yilga borib O‘zbekiston aholisining asosiy qismini mehnatga layoqatlilar tashkil etishi qayd etilgan. Ya’ni o‘sha vaqtda mehnat bozori 27,6 million kishini tashkil etadi. 

Bu tobora soni o‘sib borayotgan aholi uchun davlat tomonidan iqtisodiy, ijtimoiy himoya kafolatlarini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlarni jadallik bilan, oldindan o‘ylab, prognoz qilib ishlashni vazifa qilib qo‘ymoqda. Shu sababli, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar doirasida inson qadri degan tamoyil asosida amalga oshirilayotgan maqsadli chora-tadbirlarni yanada chuqurlashtirish zarur», — dedi Senat raisi Tanzila Norboyeva.

BMT aholishunoslik jamg‘armasi vakili o‘rinbosari Kamolxon Inomxo‘jayev O‘zbekiston aholisining katta qismi yosh, mehnatga layoqatli ekanligi sababli iqtisodiy o‘sish imkoniyati borligini aytdi:

«Bu demografik dividendlarni faktga aylantirishimiz uchun sog‘liqni saqlash, ish o‘rinlari yaratish, ta’lim sohasiga kerakli, yetarli va to‘g‘ri yo‘naltirilgan investitsiyalarni qilishimiz kerak. Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni, ijtimoiy ta’minot sohalarini, barcha xizmatlarni rivojlantirishimiz kerak. Lekin qanday qilib degan savol tug‘iladi.

Aholi ko‘p yashaydigan, ko‘proq ko‘chib boradigan hududlarda yaratishimiz kerak. Shu demografik jarayonlarni bilishimiz kerak. Masalan, tug‘ilish ko‘payyapti – demak ko‘proq bog‘chalar, maktablar bo‘lishi kerak», — dedi u.

2030 yilgacha O‘zbekistonni rivojlantirish bo‘yicha milliy strategiyasida belgilangan maqsadlarga muvofiq, anjumanda demografik axborotning milliy, mintaqaviy va tarmoq siyosatiga integratsiyalangani, ushbu sa’yi-harakatlardagi bo‘shliqlar baholanishi darajasini muhokama qilish hamda o‘zgaruvchan tendensiyalar sharoitida demografik barqarorlikni oshirish strategiyalarini aniqlash uchun qarorlar qabul qiluvchi shaxslar, tadqiqotchilar, fuqarolik jamiyati vakillari va boshqa manfaatdor tomonlarning harakatlarini birlashtirish nazarda tutilgan.

Tadbirda asosiy e’tibor demografik o‘zgarishlarning infratuzilma rivojlanishi, sog‘liqni saqlash, faol uzoq umr ko‘rish, ta’lim tizimini rejalashtirish, mehnat bozori, shaharsozlik va ekologiya bilan o‘zaro aloqasiga qaratildi. Shuningdek, anjumanda demografik dividend hamda innovatsiyalar salohiyati kabi demografik o‘zgarishlarni ochib beradigan yangi imkoniyatlar ko‘rib chiqildi.

Mavzuga oid