Jahon | 15:58 / 29.11.2023
13802
8 daqiqa o‘qiladi

56 ta xavfli burilishli yo‘l, sokin Tundavala va o‘ziga xos bozor. Ko‘pchilikka notanish Angolaning Lubango shahri haqida

Bu joyni ko‘pchilik bilmaydi. Afrika qit’asining quyi chap burchagida, Namibiyaning cho‘lli hududiga yetmasdan yashil, iqlimi mo‘’tadil bo‘lgan Lubango joylashgan. Shubhasiz, bu qit’adagi eng go‘zal joylardan biri.

Foto: AP

Lubango — Angola janubi-g‘arbidagi Huila provinsiyasida joylashgan. Shahar aholi soni bo‘yicha mamlakatda ikkinchi o‘rinda turadi. U o‘ziga xos tarix, madaniyati va go‘zal manzaralarni o‘zida mujassam etadi.

Shahar dengiz sathidan 1760 metr balandlikda joylashgan. Lubango Angoladagi eng salqin shaharlardan biri. Bu yerda o‘rtacha harorat Tselsiy bo‘yicha 8-31 darajani tashkil etadi. O‘z o‘rnida bu mamlakatning boshqa qismlarida yetishtirish mushkul bo‘lgan ekinlarni yetishtirish imkonini beradi.

Lubango avvallari Sa da Bandeyra nomi bilan mashhur bo‘lgan. Boisi shahar 1885 yildan keyin Portugaliyaning Madeyra orollaridan kelgan mustamlakachilar uchun asosiy aholi punktiga aylangandi.

Hozirda mintaqada qishloq xo‘jaligi, chorvachilik rivoj topgan. Bunga turli taomlar, yoki mahalliy pishloqlar, eski portugal chorizo kolbasalarini tatib ko‘rib ishonch hosil qilish mumkin.

Lubango sayyohlik imkoniyatlari sabab Angolaning eng muhim shaharlaridan biri. Chunki hudud mamlakatdagi boshqa shaharlar bilan avtomobil va temiryo‘l orqali bog‘langan. Bu yerda xalqaro aeroport ham bor. Undan mamlakat poytaxti Luanda, boshqa shaharlarga va Namibiya poytaxti Vindhukka ham reyslar yo‘lga qo‘yilgan.

Bu yerga kelgan sayyohlar o‘ziga xos boy tarix, art-deko uslubida mustamlaka davrida bunyod etilgan binolarga duch keladi. Shaharga juda ko‘p etnik guruhlar savdo-sotiq yoki boshqa shaharga jo‘nab ketish uchun kelib-ketib turadi. Mahalliy aholi mumuilalar bantu tillarida so‘zlashadi. 

Qit’aning boshqa joylaridan farqli o‘laroq, bu yerda ko‘p millatli etnik guruhlar tinch-totuv hayot kechiradi. Bu hatto shaharlar chegaralaridayoq ko‘zga tashlanadi.

Aholining aksariyati ko‘chmanchilar bo‘lib, o‘zlarining an’anaviy turmush tarziga sodiq holda hayot kechiradi. Ular bundan g‘ururlanadi, rang-barang liboslari, betakror, ramziy ma’noga ega taqinchoqlari va soch turmaklari bilan ajralib turadi.

Bu sehrli joy. Lubangodagi turli etnik guruhlarning paradi esa o‘ziga xos boy tajriba”, — deydi shaharga muntazam kelib turadigan tadbirkor ayol Florinda Ramos. 

Luandalik injyener-ekolog Rozmer Luis yaqinda ish bilan Lubangoda bo‘ldi. U ham shahardan hayratga tushganini yashirmadi. “Lubango — turizm uchun ajoyib joy. Diqqatga sazovor joylar, ham tabiiy, ham sun’iy landshaftlar nuqtai nazaridan xavfsiz, xilma-xillikka to‘la maskan. Menga shahar ichidagi va tashqarisidagi bozorlar, maftunkor tog‘lar juda yoqdi”, — deydi Luis.

Quyida Lubango va uning atrofida tashrif buyurish mumkin bo‘lgan eng yaxshi 6 ta joy haqida bilib olamiz.

Tundavala

Angolaning asosiy mo‘jizalaridan biri Tundavala darasidir. U Lubangodan 18 km shimoli-g‘arbda, qo‘shni Namibe provinsiyasi bilan chegarada joylashgan. Mahalliy aholi Tundavalani ota-bobolarining ruhi panoh topadigan maskan deb hisoblab keladi. Mehmonlar bu yerning o‘ziga xos ko‘rinishidan hayratga tushadi. Chunki uning o‘ziga xos florasi bor. Toshlar orasida o‘sadigan orxideyalar har bir tashrif buyuruvchining hayratiga sabab bo‘lishi aniq. Havosi juda toza, agar omad kelib qolsa, burgut va tog‘ maymunlarini ko‘rish mumkin. Mahalliy aholi shahar shovqinidan biroz bo‘lsa-da tin olish uchun dam olish kunlari Tundavalaga keladi. Ular bu yerda yaqinlari, do‘stlari bilan chaqchaqlashib yoki shunchaki quyoshning botishini tomosha qilib zavqlanishi mumkin. 

Tundavala yosh kelin-kuyovlar uchun ham o‘ziga xos joy. Ular bu yerga to‘y suratlari olish uchun keladi.

Serra da Leba

Lubango shahri markazidan g‘arbda taxminan 50 kilometrlik yo‘l Serra da Leba tog‘lariga sizni eltadi. Mazkur tog‘ cho‘qqilari balandligi taxminan 2650 metrgacha yetadi. Biroq bu yerda kishini hayratlantirishi mumkin bo‘lgan narsa tog‘lar emas, balki unga olib boradigan yo‘lning o‘zi. 

1970 yilda mustamlakachilar tomonidan Lubangoni Namibe provinsiyasi bilan bog‘lash maqsadida mazkur yo‘l bunyod etiladi. Bu mamlakatdagi eng chiroyli yo‘l, agar butun Afrika qit’asidagi bo‘lmasa. Shuningdek, Angoladagi eng mashhur joylardan biri hamdir. 

Serra da Lebaga yaqinlashganda yo‘l Huila platosidan burilib, oldindagi 20 km masofada 1600 metr pastga qarab tushadi. Pastga tushishda esa boshni aylantirib yuboradigan 56 ta burilish amalga oshiriladi. Bu o‘z o‘rnida Yevropa Alp tog‘laridagi burilishlar bilan raqobatlasha oladi degani.

Mazkur muhandislik mo‘jizasini yaqin oradagi tog‘lardan yanada yaxshiroq ko‘rish, kuzatish mumkin.

Yo‘lda davom etilsa, keyingi 160 km masofada go‘zal yashillik o‘z o‘rnini dunyoning eng qadimgi cho‘llaridan bo‘lgan Namibiya qumliklariga bo‘shatib beradi. Bu yerda esa mukubal xalqi yashaydi. 

Lubango shahri bozori

Bozor binosi shahar markazida joylashgan. U ham mustamlaka vaqtida bunyod etilgan. Bino unchalik katta emas. Yon atrofi kichik do‘konlardan iborat, markazda yarimochiq shakldagi rastalar. Bozorga mahsulotlar va albatta atmosferasi uchun ham tashrif buyurish kerak. 

Bozorda mavsumiy oziq-ovqatlardan tortib, asosan, ayollar tomonidan yetishtirilib, sotiladigan gullarni ham uchratish mumkin. Shuningdek, bozorda qo‘l mehnati bilan tayyorlangan savatlar, har xil dorivor o‘simliklar ham bor. Mahalliy tabiiy asalni ham shu bozordan olish mumkin.

Shahar markazi me’morchiligi

Angolaning beqaror tarixi sabab Lubangoda o‘ziga xos arxitektura qiyofasi paydo bo‘lgan. Bu yerdagi qahvaxonalar, restoranlarda me’morchilikning qarama-qarshi uslublari aralashmasini ko‘rish mumkin. Bu o‘z navbatida dinamik shahar landshafti paydo bo‘lishiga zamin yaratgan. Portugaliya mustamlakachiligidan qolgan binolarni ko‘rish mumkin.

Hatto o‘tgan asrdagi ba’zi binolar saqlanib qolgan. Art-deko uslubini ko‘p joylarda uchratish mumkin. Buni 1939 yilda qurilgan San-Xose ibodatxonasida ko‘rish mumkin. Bundan tashqari, CTT pochta bo‘limi, Odeon teatrida ham art-deko yaqqol seziladi.

Iso Masih haykali

Odatda Lubangoga kelgan mehmonning birinchi nigohi qo‘llarini ufqqa qarab cho‘zib turgan Iso Masih haykaliga tushadi. Haykal Rio de Janeyro va Lissabondagilari kabi tepalikda joylashgan. Unga 2130 metr balandlikdagi Serra de Chela tog‘i tepasidan joy berilgan.

Monumentning balandligi 30 metrga teng. U 1957 yilda portugaliyalik Madeyra Frazau Sardinya loyihasi asosida bunyod etilgan.

Haykal 2014 yilda Angolaning jahon meroslari ro‘yxatiga kiritilgan. U shahar markazidan bir necha daqiqa uzoqlikdagi masofada joylashgan. Bu Lubangoni to‘la-to‘kis holda ko‘rish, shahar shovqinini tashqaridan his-qilib ko‘rish uchun eng maqbul nuqta hisoblanadi.

Huila hududiy muzeyi

Muzey 1950 yilda ochilgan. Bu yerga kirgan mehmon ko‘z oldida Lubango tarixi jonlanadi. 

Muzey tematik xonalarga ajratilgan. Ularda Angola janubidagi odamlarning urf-odatlari, an’analari, e’tiqodlarini ko‘rish mumkin.

Mehmonlar muzeyda zargarlik buyumlari, to‘qimachilik, kulolchilik, qishloq xo‘jaligi, baliqchilik, ovchilikka oid ko‘plab boshqa buyumlar bilan tanishish imkoniyatiga ega.

Mavzuga oid