“Jiddiy signal” - ekspert Eron va Turkiya prezidentlari uchrashuvi bekor qilingani haqida
G‘azo bo‘yicha sa’y-harakatlarini birlashtirmoqchi bo‘lgan Turkiya va Eron rahbarlarining Anqaradagi uchrashuvi kutilmaganda bekor qilindi.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an uning mamlakati poytaxtida bo‘ladigan sammitda Eron prezidenti Ibrohim Raisiy ham ishtirok etishi haqida avvalroq jurnalistlarga bergan intervyusida aytgan, lekin rasmiy Tehron bu ma’lumotni na tasdiqlagan, na inkor etgandi.
Ba’zi tahlilchilar uchrashuvning amalga oshmagani sababi Eron rahbari Erdo‘g‘andan G‘azodagi urush fonida Isroilga qarshi real harakatlar kutgan degan fikrni ham bildirmoqda.
Kun.uz muxbiri bu masalada siyosiy tahlilchi Ravshan G‘oziyev bilan suhbatlashdi.
— Mavzuning asosiy nuqtasiga o‘tishdan avval Turkiya-Eron munosabatlari G‘azo qirg‘inigacha qanday edi, degan savolga javob bersak.
— Turkiya va Eron munosabatlarining 5 asrlik tarixi bor. 1512 yildagi Chaldiron urushidan boshlab Eron va Turkiya munosabatlari turli to‘lqinlarda davom etib keladi. Bu ikki davlat bir-biriga juda ehtiyotkor munosabatda bo‘ladi, lekin biror nojo‘ya gap chiqib qolsa, ikkoviyam qizishib ketadi. Tarixda Eron va Usmonlilar o‘rtasida mintaqadagi ayrim hududlar, jumladan, Qorabog‘, Kavkaz, Bog‘dod kabilar uchun o‘nlab marta urushlar bo‘lgan.
1637 yilda ikki davlat o‘rtasida Qasri Shirin shartnomasi imzolanadi va ikkala davlat chegaralari belgilab olinadi. 400 yildan beri siyosiy munosabatlar bo‘lib kelyapti. Turkiya respublika bo‘lgach, Eron, Turkiya, Afg‘oniston va Iroq o‘rtasida ichki ishlarga aralashmaslik bo‘yicha Sadabad pakti imzolangan. Bu pakt Eron inqilobidan keyin bekor qilingan, lekin amalda ishlayapti.
— Anqara va Tehron manfaatlari Yaqin Sharqda qaysi manfaat nuqtalaridan kesishadi?
— Arab bahori natijasida yuzaga kelgan Suriya mojarosida Eron va Turkiya bir-biriga zid edi. Turkiya Bashar Asadning ketishini istagan bo‘lsa, Eron uni himoya qildi. Tarixda ham Nodirshoh davrida Turkiya va Eron o‘rtasida diniy urushlar bo‘lgan. Zamonaviy davrda esa Suriya masalasida ko‘rindi bu.
Bundan tashqari, Kavkazdagi ikki davlat pozitsiyasi bor. Eron Kavkazda Turkiya va Ozarboyjon mavqeyi kuchayib ketishini istamaydi. 2020 yilgi 40 kunlik urushdan so‘ng Erdo‘g‘an Ozarboyjondagi harbiy paradda Ozarboyjon bo‘linishi haqidagi Vahabzadening bir she’rini aytgandi va shu ham ancha muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Eron tashqi ishlar vazirligi qattiq munosabat bildirdi. “Chor Rossiyasi Ozarboyjonni Erondan ajratib olgandi, hududiy masalalarimizga aralashishga hech kimning haqqi yo‘q”, degan munosabatlar yangragan edi. Eron shimolidagi ozariylar ancha ko‘pchilikni tashkil qiladi, shuning uchun Eron xavotirida ham jon bor edi.
Ozarboyjon muftiysi Qorabog‘ga borganda “bizning g‘alabalarimiz oyatulloh Xominaiy duolari bilan bo‘ldi”, degan gapni ham aytib ketdi. Bu ham shov-shuv bo‘ldi, chunki Ozarboyjonni qo‘llovchi Turkiya edi. Ozariylarning ham ko‘pi shia musulmonlari ekanini aytib o‘tish kerak. Umuman, munosabatlar juda murakkab.
Iroq masalasi. Iroqdagi kurdlar tashkilotini terrorchi deb e’tirof etishadi. Lekin Eronda ham, Turkiyada ham kurdlar yashaydi. Suriyada ham kurdlarning guruhi bor. Bunday guruh-tashkilotlar Eronning ham, Turkiyaning ham manfaatlariga zid. Iroq masalasida xam ikki davlat yondashuvi ikki xil bo‘lgan, ikkisi ham boshqa-boshqa qabilalarni qo‘llagan. 2018 yoki 2019 yilda Erbildagi kurdlar o‘zini mustaqil deb e’lon qilganda Turkiya va Eron jiddiy qarshilik ko‘rsatdi, qat’iy tan olmasligini aytib, Iroq hududiy yaxlitligini e’tirof etishdi. Ya’ni umumiy birlashadigan nuqtalar mavjud.
Kurdlarning Rojova davlatini AQSh qo‘llagan edi o‘shanda, chunki kurdlarni IShIDga qarshi kurashda hamkor deb qabul qilgandi, bunga sabab kurdlar IShIDning bir hujumini qaytarishga muvaffaq bo‘ladi, shunda AQSh ularda potensial borligini ko‘radi. Buni tasdiqlovchi manbalar mavjud, hatto qurol-yarog‘ ham berishgan.
— Ibrohim Raisiy nima sababdan Anqaraga bormagan bo‘lishi mumkin?
— Uchrashuv bekor qilindimi yoki qoldirildimi – ikkisining farqi bor. Turkiya nashrlari uchrashuv bekor qilindi deyapti. Bu – jiddiy signal. Yuqori darajali davlat tashrifi bekor qilinishining juda muhim sabablari bo‘ladi. Yana bir qiziq narsa shundaki, shu paytgacha bu tashrif haqida faqat Turkiya tarafi gapirayotgan edi, Eron tomoni emas. Toshkentdagi Eron va Turkiya prezidentlari uchrashuvida ham bu masalalar ko‘tarilgandir, uchrashuv yopiq eshiklar ortida bo‘ldi.
Uchrashuv bekor bo‘lganini birinchi bo‘lib Fransiya ommaviy axborot vositalari yozdi, Turkiyaniki emas. Raisiy Erdo‘g‘andan real harakat kutgan bo‘lishi mumkin. Ozarboyjonning Turkiya orqali Isroilga o‘tuvchi gazini yopish, savdo aloqalarni to‘xtatish so‘ralgan bo‘lishi mumkin. Lekin Turkiya bularni bajarmaydi, chunki bu Ozarboyjon manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi, bundan tashqari, Turkiya o‘z geografik imkoniyatlarini cheklashni istamaydi. Hatto Eronning o‘zi ham gazini Turkiya orqali Yevropaga o‘tkazish bo‘yicha muzokaralar olib borgan edi. Umuman, bunday narsalar Turkiya uchun foydali bo‘lgani sabab bulardan voz kechmaydi.
Balki AQSh va G‘arb davlatlari uchrashmaslikni talab qilgan bo‘lishi mumkin. Blinken kelib Turkiya tashqi ishlar vaziri bilan gaplashdi, Erdo‘g‘anning o‘zi Germaniyaga bordi. Turkiyani jiddiy qadamlar tashlamaslik bo‘yicha ogohlantirgan bo‘lishlari mumkin.
Erdo‘g‘anning pozitsiyasi aniq, Isroilni qattiq qoralayapti, HAMASni o‘z yurti ozodligi uchun kurashyapti, deyapti. Lekin davlat manfaatlari nuqtayi nazaridan amaliy harakatlar qilishga Erdo‘g‘an ham ojizlik qiladi.
— Pozitsiyalarini umumiylashtirmoqchi bo‘lgan ikki davlat o‘rtasida tafovut yuzaga keldimi?
— Yana bir narsani hisobga olish kerak. Eron ham hech qachon Isroil bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri urushgani yo‘q hali. Isroilni tan olmaydi, qandaydir tahdid qilishi mumkin va boshqalar. Eron qo‘llovchi “Hizbulloh” kabi guruhlar ham asli Isroilga qarshi tuzilmagan, ularning vazifasi boshqa. Isroil bilan Misr, Suriya, Iordaniya, Livan kabi davlatlar urushgan, boshqalar aralashmagan.
Shu o‘rinda Eron Turkiyadan jiddiy amaliy harakatlar talab qilishi ham tushunarsiz. To‘g‘ri, ma’lum bir amaliy harakatlar kutilishi mumkin, ya’ni diplomatik aloqalarni uzish, savdoni to‘xtatish kabi ko‘rinishdagilar. Lekin Turkiya – NATO tarkibidagi davlat, butunlay shu tizimda u. G‘azodagi vaziyat Turkiya uchun urushga sabab bo‘lolmaydi. To‘g‘ri, Erdo‘g‘an gapiryapti, bosim o‘tkazishga harakat qilyapti. Uning bayonotlari odamlar ko‘ziga shunchaki quruq gapdek ko‘rinishi mumkin, lekin buning ham o‘ziga yarasha ta’sirlari bor.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
21:37 / 22.11.2024
Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi
19:45 / 22.11.2024
Norvegiyada AQSh elchixonasi qo‘riqchisi josuslikda gumonlanib qo‘lga olindi
16:56 / 22.11.2024
Turkiyaga me’yordan ortiq tamaki mahsulotlarini olib kirgan o‘zbekistonliklar qamoqqa olinmoqda
08:39 / 22.11.2024