Jahon | 10:17 / 01.12.2023
14462
5 daqiqa o‘qiladi

Bill Geytsdan yil yakunida 3 ta kitob – milliarder qanday kitoblar tavsiya qildi?

Yiliga kamida 50 ta kitob o‘qiydigan milliarder Bill Geyts an’anaviy tarzda bu yil yakunida ham kitobxonlarga o‘qish uchun asarlar tavsiya qildi. Kitoblar – tirik organizmdagi hujayralarning qanday ishlashi, iqlim o‘zgarishi kurashi va shu paytga qadar qilingan innovatsiyalar hayotni qanday o‘zgartirgani haqida.

Foto: Reuters

Dunyoning top milliarderlaridan biri, Microsoft kompaniyasi asoschisi Bill Geyts o‘zining ashaddiy kitobxonligi bilan ham e’tirof etiladi. Bill Geyts yiliga kamida 50 ta kitob o‘qiydi.

U an’anaviy tarzda har yil yakunlanayotganda kitobxonlarga o‘qish uchun kitoblar tavsiya qiladi. Bu yil ham milliarder o‘zi o‘qigan top kitoblari ro‘yxatini e’lon qildi.

Bill Geyts 2023 yil davomida o‘zi o‘qigan kitoblar orasidan 3 ta badiiy yo‘nalishda bo‘lmagan kitoblarni tavsiya qildi. O‘zining yozishicha, ro‘yxat tuzayotgan paytida eng birinchi aynan shu kitoblar xayoliga kelgan.

"Hujayra qo‘shig‘i", muallif Siddhartha Mukerji

Ro‘yxat boshida Kolumbiya universiteti onkologi, Pulitser mukofoti sovrindori Siddhartha Mukerjining "Hujayra qo‘shig‘i" kitobi joy olgan. Kitob "hayotimizning qurilish bloklari”, hamma jonli organizmlarni tashkil qiluvchi hujayralar haqida.

Kitob 1600 yillarda hujayralar kashf qilingandan to hozirgacha bo‘lgan davrda odamlarning ularni tushuna olish darajasi qanday o‘zgarganini tushuntiruvchi tibbiy tarixni o‘z ichiga oladi.

Bill Geytsning yozishicha, "Hujayra qo‘shig‘i" inson o‘z tanasini yaxshiroq tushunishiga yordam beradi. Ayniqsa, kasal bo‘lgan payti tanamiz bizga nima demoqchi bo‘layotganini anglatishga harakat qiladi.

Muallif Mukerji dastlab bir hujayrali organizmlar bilan qanday tarzda hayot boshlanganini tushuntiradi. So‘ng esa insondagi har bir kasallik va qarish jarayoni tanadagi hujayralar bilan nimadir xatolik ro‘y berishi oqibatida sodir bo‘lishini tushuntiradi.

"Dunyoning oxiri kelmadi", muallif Xanna Richi

"Bayram ruhini his qilish uchun ozgina optimizmga nima deysiz?" deb yozadi Geyts navbatdagi kitob haqida. Milliarder tavsiya qilayotgan bu kitobni iqlim o‘zgarishi haqidagi suhbatlardan xabardor bo‘lishni istagan har qanday shaxs o‘qishi kerak.

Oksford universiteti olimi Xanna Richining muallifligidagi "Dunyoning oxiri kelmadi" kitobi yanvarda chop etilishi reja qilingan. Bu kitob insoniyat iqlim o‘zgarishi ustidan qanday qilib g‘alaba qozona olishi mumkinligi haqida hikoya qiladi.

Muallif boshqa iqlim faollari kabi o‘zi "insoniyatning eng fojiali davrida" yashayotganiga ishongan. Biroq dalillarni o‘rganish orqali Richi insonlar iqlim o‘zgarishi bilan kurashda natijalarga ham erishayotganini tushunib yetadi.

"Dunyoning oxiri kelmadi" kitobida muallif faktlardan foydalangan holda iqlim o‘zgarishiga oid oxirzamon ssenariylariga zid keladigan boshqa ma’lumotlarni beradi.

"Ixtiro va innovatsiya", muallif Vatslav Smil

Vatslav Smil — Kanadadagi Manitoba universiteti faxriy professori, Bill Geytsning sevimli yozuvchilaridan biri. Geytsning yozishicha, u Smilning 44 ta asarining hammasini o‘qib chiqqan, "hech kim o‘tmishni tushuntirishda Smildan yaxshiroq emas", deb hisoblaydi.

Fevralda chop etilgan "Ixtiro va innovatsiya" kitobida Smil insoniyat tarixda yaratgan ixtirolardan misollar keltiradi.

Professor Smil bu kitobida yengib bo‘lmaydigan, halokatli bo‘lgan ixtirolar haqida yozadi. Bundan tashqari, insoniyat yaratishni va’da bergan, lekin hanuz amalga oshirilmagan ixtirolar bilan qanday jarayonlar sodir bo‘layotganini yozadi.

Geystga ko‘ra, muallif hozirgi innovatsiyalar davrida yashayotgani bilan solishtirganda kamroq optimist. Bill Geyts insonning zakovati bizni hozirgi davrga qanday olib kelganiga qiziqqan istalgan kishiga bu kitobni o‘qishni tavsiya qiladi.

Shuningdek, Bill Geyts Stenfordda tahsil olgan iqtisodchi Timoti Teylorning iqtisodga oid 3 ta ma’ruzasini va bayramda eshitish uchun qo‘shiqlar ham tavsiya qildi.

Mavzuga oid