Kreml 2022 yil martida Ukrainaga urushni to‘xtatishni taklif etgan – NATO a’zoligidan voz kechish evaziga
Bu haqda 2022 yil bahorida RF bilan muzokaralarda Ukraina delegatsiyasiga rahbarlik qilgan David Araxamiya ma’lum qildi. Bu versiya Rossiya propagandasiga yoqib tushdi.
Oliy Radadagi «Sluga naroda» fraksiyasi yetakchisi, Rossiya bilan muzokaralarda Ukraina delegatsiyasiga rahbarlik qilgan David Araxamiya 2022 yil bahorida Kreml Ukraina neytral maqomni qabul qilishi va NATOga a’zo bo‘lish niyatidan voz kechishi evaziga harbiy harakatlarni to‘xtatishni taklif etgani haqida aytib berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev bu kelishuvni Rossiya armiyasiga kuchlarini tiklash va jangovar harakatlarni davom ettirishga imkon beruvchi hiyla deb hisoblab, uni imzolashga rozi bo‘lmagan. Araxamiya shuningdek, Buyuk Britaniyaning o‘sha vaqtdagi bosh vaziri Boris Jonson Ukrainani muzokaralardan qaytargani va «shunchaki jang qilish»ni taklif etganini qo‘shimcha qilgan. Araxamiyaning bayonoti ikki tomonda ham qizg‘in muhokama qilinmoqda.
24 noyabr kuni «1+1» telekanali jurnalisti Natalya Moseychukka bergan intervyusida David Araxamiya 2022 yil fevral-mart oylarida Belarus va Turkiyada bo‘lib o‘tgan Rossiya-Ukraina muzokaralarida Moskva delegatsiyasi NATOga a’zo bo‘lishdan voz kechish evaziga Kiyevga tinchlik sulhi va’da qilgani gapirdi.
«Ular chindan ham biz neytralitet maqomini olishimiz uchun shunday kelishuvni imzolashimizni oxirigacha kutishgandi. Bu ular uchun eng katta ish edi. Agar qachonlardir Finlandiya qilgani kabi betaraflikni yoqlab chiqsak va NATOga qo‘shilmaslik haqida majburiyat olsak, ular urushni tugatishga tayyor edi. Amalda muhim band shu edi. Qolganlari — „denatsifikatsiya“, rus tilli aholi va bla-bla-bla haqidagi kosmetik va siyosiy qo‘shimchalar bo‘lgan», — deya Araxamiyaning so‘zlarini keltirgan «Ukrainskaya pravda».
Jurnalistning Ukraina nega kelishuv shartlariga rozi bo‘lmagani to‘g‘risidagi savoliga siyosatchi shunday javob qaytargan:
Birinchidan, bu punktga rozi bo‘lish uchun Konstitutsiyani o‘zgartirish kerak bo‘lardi. NATOga yo‘l Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan. Ikkinchidan, rossiyaliklar buni qilishiga ishonch ham yo‘q edi. Buni faqat xavfsizlik kafolati mavjud bo‘lganda amalga oshirish mumkin edi. Biz ular ketishi, barcha yengil tin olishi, keyin esa ular yaxshi tayyorlangan holda qaytib kelishi uchun nimanidir imzolay olmasdik — chunki ular bunday qarshilikka tayyor bo‘lmagan holda kelishgandi. Shuning uchun biz faqat bu ikkinchi bor takrorlanmasligiga yuz foiz amin bo‘lganimizda ishlay olardik. Bunday ishonch esa yo‘q edi.
Bundan tashqari, biz Istanbuldan qaytganimizda, Boris Jonson Kiyevga keldi va biz ular bilan umuman hech narsa imzolamasligimiz — va shunchaki jang qilish kerakligini aytdi.
Uning aniqlik kiritishicha, London va Ukrainaning boshqa g‘arblik hamkorlari muzokaralarning borishidan xabardor bo‘lib turishgan, kelishuvlar loyihalarini ko‘rishgan, ammo Kiyev uchun hech qanday qaror qabul qilmagan, faqat maslahat berishgan. «Ular amalda (rossiyaliklar bilan) vaqtinchalik xavfsizlik kafolatlariga kelishmaslikni maslahat berishdi, o‘shanda ularga vaqt berib bo‘lmasdi», — degan Araxamiya.
Shuningdek, «Sluga naroda» fraksiyasi yetakchisi hozir ham Ukrainaning barcha siyosiy va harbiy rahbarlari urushni davom ettirish tarafdori ekanini ta’kidlagan: «Nima uchun? Chunki biz hozir muzokaralar stoliga o‘tira olmaymiz. Muzokara pozitsiyamiz juda yomon. Hozir bizda nima bor? Qayerda bo‘lsak, shu yerda shunchaki to‘xtatamizmi? Ukraina jamiyati buni qabul qiladi deb o‘ylaysizmi?»
Araxamiyaning bayonoti haqida Rossiya va Ukrainada nimalar deyishmoqda?
2023 yil yozida Vladimir Putin urush boshida Moskva va Kiyev o‘rtasida go‘yoki tinchlik kelishuvi bo‘lgani haqida gapirgandi. Shu tufayli Rossiya Ukrainaning markaziy qismidan qo‘shinlarni olib chiqqan, ammo, Putinning aytishicha, Kiyev hukumati «oldingi barcha kelishuvlardan bosh tortgan» va «buning barchasini tarix chiqindixonasiga uloqtirgan».
Afrika mamlakatlari yetakchilari bilan Sankt-Peterburgda o‘tkazilgan uchrashuvda esa RF prezidenti o‘zi «Ukraina uchun doimiy betaraflik va xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risidagi kelishuv» deb atagan hujjatning bir uchini ko‘rsatgandi. Rossiya nashrlari xabariga ko‘ra, kelishuvda 2022 yil 15 aprel sanasi ko‘rsatilgan. U 18 moddadan iborat bo‘lib, Ukraina neytraliteti birinchi moddaning birinchi bandida qayd etilgan. Shartnoma sharhida neytral Ukraina armiyasi va harbiy texnikasi miqdori qancha bo‘lishi kerakligi ko‘rsatilgan.
Ukraina delegatsiyasi rahbari «1+1» telekanali uchun intervyuda Putin qandaydir sababga ko‘ra bu hujjatni hech qachon to‘liq e’lon qilmaganini qayd etgan. «Nima deb o‘ylaysiz, nima uchun? Agar qo‘lida hujjat bo‘lganida, u e’lon qilgan bo‘lardi», — deydi deputat.
Shunga qaramay, rossiyalik sharhlovchilar Araxamiyaning intervyusini Putinning tinchlik kelishuvi haqidagi so‘zlari, shuningdek rus propagandasining Kiyev Jonson va boshqa g‘arblik hamkorlari bosimi ostida muzokaralardan voz kechgani to‘g‘risidagi nazariyalari tasdig‘i sifatida baholadi.
Margarita Simonyan
propagandachi, RT bosh muharriri
Ukrainalik deputat tiyilib o‘tirmadi va to‘g‘risini gapirdi. Ma’lum bo‘lyaptiki, biz hamisha haq bo‘lganmiz. Putin to‘g‘risini gapirgan, yuz minglab qurbonlarning oldini olish mumkin bo‘lgan, Ukrainani hozirgidek nogironlar va emigrantlar mamlakatiga aylantirmaslikning imkoni bo‘lgan ekan. Yelkasi singan mamlakatga aylantirmaslikning — ham iqtisodiy, ham siyosiy, ham ijtimoiy hayotda va asosiysi — millatning axloqiy ruhida.
Leonid Slutskiy
LDPR yetakchisi, Kiyev bilan muzokaralardagi Rossiya delegatsiyasi ishtirokchisi
Ko‘rinib turibdiki, neonatsist rejimi chekinish yo‘lini qidirmoqda. Muzokaralar yo‘liga qaytishga hali ham kech emas, Rossiya tomoni bunga tayyor ekani haqida bir necha bor ma’lum qildi. Ammo endi boshqa shartlarda — yangi hududiy realliklarni hisobga olgan holda.
O‘shanda chindan ham tinchlik kelishuvi tayyorlangandi, uni tasdiqlash va imzolash qolgandi. Rossiya yaxshi niyat qadami sifatida qo‘shinlarni Kiyev va Chernihiv yo‘nalishlaridan olib ketdi. Keyinchi? Kiyev rejimi va uning g‘arb qo‘g‘irchoqlari bunga javoban — buni biz bugun yanada aniqroq tushunyapmiz — Buchada provokatsiya uyushtirdi va Rossiyani jang maydonida mag‘lub etish uchun jang qilishini e’lon qildi.
Marina Axmedova
propagandachi, Regnum bosh muharriri, RF prezidenti huzuridagi Inson huquqlari bo‘yicha kengash a’zosi
Ukrainada qurolli kuchlar bosh qo‘mondoni Zalujniy o‘z maqolasida ishlatganidan keyin «tupik» so‘zi taqiqlangan. Ammo bu bilan «tupik» «tupik» bo‘lmay qolmaydi. «Chiqish yo‘li yo‘q» — Ukraina ustida shunday yozilgan. Va ular yo‘q joydan «tupik»da o‘tiribdi. Va ularning hokimiyatda qolishga urinishlari uchun har kuni odamlar o‘ladi. Jabrdiyda ukrain xalqi.
RFning Londondagi elchixonasi
Ko‘rinib turibdiki, Buyuk Britaniyaning ulkan hissasi bilan muzokaralar orqali yechim topish imkoni boy berildi, bu esa Ukraina davlatchiligi, iqtisodiyoti va aholisi uchun fojiali oqibatlarga olib keldi. Buyuk Britaniya hukumati Araxamiyaning so‘zlariga izoh berishni istamasmikin?
Ukrainada rasmiy shaxslar Araxamiyaning intervyusini to‘g‘ridan to‘g‘ri izohlamadi. Shu bilan birga, Ukraina tomonidan muzokaralar jarayoniga aloqador bo‘lgan manbalar jurnalistlarga 2022 yil bahorida Rossiya bilan kelishuv imzolash manfaatli bo‘lmaganini aytishgan.
«G‘arbdagi hamkorlarimiz o‘ziga kelib, qaror qabul qila boshlagunicha biz vaqtdan yutishimiz kerak edi, yakunda biz omon qolishga muvaffaq bo‘ldik. Shuning uchun biz rossiyaliklarni qandaydir detallar muhokamasiga jalb etishga urindik, ular bu detallarni doimiy ravishda Moskva bilan kelishishiga to‘g‘ri kelardi», — degan muzokaralarga aloqador bo‘lgan shaxslardan biri anonim tarzda LB.ua nashriga.
Britaniya bosh vazirining Moskva va Kiyev o‘rtasidagi muzokaralar mavzusiga aralashuvi borasida nashr shunday yozadi: «Jonson rossiyalik diktatorga yon berishga qarshiligini hech qachon yashirmagan. U Putinning yagona istagi Ukrainani egallash, uni yakson etish va Yevropaning bir qismini okkupatsiya qilishga tayyorgarlik ko‘rish deb hisoblagan. Umid qilamizki, bosqindan oldin Putin g‘arbdan NATO kuchlarini 1997 yilgi chegaralarga qaytarishni, ya’ni Markaziy va Sharqiy Yevropa davlatlarining alyansga a’zoligini bekor qilishni talab etganini hech kim unutmagan».
«Strana.ua» nashri (Ukrainada uni rossiyaparast pozitsiyasi uchun tanqid qilishadi, Rossiyada u boshqa ukrain nashrlari kabi bloklangan) Araxamiyaning tinchlik kelishuvi imzolanmay qolishiga sabab sifatida keltirgan argumentlarini «noaniq» deb hisoblagan. Jurnalistlar Ukraina Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish zaruratini «siyosiy iroda bo‘lganida shunchaki hal qilish mumkin bo‘lgan texnik masala» deb baholagan. Ishonchsizlik masalasiga esa Kiyev emas, birinchi navbatda Moskva duch kelgan, deb hisoblaydi nashr.
«Keyinroq Ukraina hukumati Buchadagi fojiani muzokaralarni rad etishning yana bir sababi sifatida keltirdi. Ammo, agar Zelenskiyning o‘sha vaqtdagi bayonotlarini eslasak, u fojiadan keyin ham RF bilan muzokaralarni baribir olib borish darkorligini aytgandi. «Bunday har bir fojia, har bir Bucha u yoki bu muzokaralarda qo‘lingga uradi. Ammo bunday qadamlar uchun imkoniyat topishimiz kerak», — degandi Zelenskiy 2022 yil 5 aprelida. Va faqat shundan keyingina uning bayonotlari keskinlasha bordi.
Shuning uchun, odatda, prezidentning 2022 yilda Putin bilan kelishuv tuzishdan bosh tortishining asosiy sabablari qatorida u (ehtimol, g‘arblik ittifoqchilarning argumentlari va va’dalari ta’sirida) Rossiya katta urushga tayyor emas, Ukraina esa g‘arb yordamida RF armiyasini to‘liq mag‘lub etishi va Moskvaga Rossiya qo‘shinlarini 1991 yilgi chegaralarga qaytarish, reparatsiya to‘latish va hokazolarni ichiga oluvchi o‘z tinchlik shartlarini diktovka qilishi mumkinligi haqida xulosaga kelganini keltirishadi. Ya’ni, majoziy ma’noda aytganda, Zelenskiy qo‘lidagi chittakdan ko‘ra osmondagi laylakni tanladi».
Ukraina prezidenti ofisining sobiq maslahatchisi Aleksey Arestovich (2022 yil bahorida u amalda Ukraina hukumati spikeri edi, endi esa u muntazam ravishda Zelenskiy hamda uning ma’muriyatini tanqid qilmoqda) ukrainlar tinchlik kelishuvi barbod bo‘lishida o‘zini ayblashi «aqlsizlik bo‘lishi», shuning uchun «mamlakatda g‘arbga qarshi kayfiyat keskin kuchayishi mumkinligi»ni aytgan.
Arestovichning fikricha, ukrain hukumati harbiy muvaffaqiyatsizlik uchun javobgarlikni bir-biriga ag‘darmoqda, ammo aslida buning uchun G‘arb aybdor.
«Zelenskiy, aftidan, javobgarlikni Jonson va Zalujniy o‘rtasida taqsimlashga qaror qilgan. Men buni — aldamchi dilemma deb hisoblayman. Haqiqiy javobgarlik bizga, Ukrainaga haqiqiy, katta urush olib borish uchun haqiqiy yordamni va’da qilgan va lekin bunday yordamni taqdim etmaganlarning zimmasida. Tashlab ketganlarning.
Biz o‘z urushimizni yutdik. RFning haqiqiy armiyasini va bosqinchilik rejasini biz sindirdik, g‘arbning minimal yordami bilan: birinchi Ramshtayn — 26 aprelda, ilk jiddiy yetkazma — iyun oxirida bo‘ldi. Bizning bu urushimiz Istanbul kelishuvlari bilan toj kiygan bo‘lishi va bir necha yuz ming kishi omon qolishi mumkin edi. Keyin esa boshqa urush boshlandi».
Britaniyaning sobiq bosh vaziri Boris Jonson va rasmiy London David Araxamiyaning so‘zlariga hozircha munosabat bildirmadi.
Mavzuga oid
13:12
Kursk oblastida yashovchi 46 kishi Ukrainadan qaytib keldi
11:31
AFP: Ukraina Kursk oblastidan qo‘shinlarini olib chiqish niyatida emas
07:54
Ukraina Jahon bankidan deyarli 5 mlrd dollar oladi
20:12 / 22.11.2024